Agar dalil bor bo'lsa, Qur'on oyatlari yoki hadislarni ta'vil qilish haqdir. Ahli sunna val jamoa ulamolarining barchasi shu fikrda yakdildir. Ta'vil qilishni inkor etgan kishi haq yo'ldan og'gan kimsadir. Negaki, Qur'on oyatlari va hadislardan ayrimlarining ma'nosi zohir (aniq-ravshan), ayrimlarining Alloh va Uning payg'ambari iroda qilgan ma'nolari zohir emas. Hatto ularning zohiriy ma'nolari Alloh taologa nisbatan nojoiz tasavvurga olib boradi.
Ma'nolari aniq-ravshan, hech qanday mushkullik mavjud bo'lmagan oyatlar “muhkam oyatlar” deb ataladi. Ular boshqa manbalardan oldin qo'yiladigan asldir. Mutashobih (ma'nosi Allohning o'zidan boshqaga noma'lum bo'lgan) oyatlarni anglab etishda ana shu muhkam oyatlarga murojaat qilinadi. Bu – salaf va xalaf ulamolari tutgan yo'l.
Jumladan, “Sho'ro” surasidagi “Uning mislidek biror narsa yo'qdir” oyati muhkam oyatlar jumlasidan bo'lib, uni tushunishda hech qanday mushkullik yo'q. Chunki unda Alloh taolo hech bir jihatdan maxluqlariga o'xshamasligi xabar qilinmoqda. Alloh taolo qattiq yoki latif jism emasligini, arazlar o'rnashadigan mahal (joylashadigan o'rin) emasligini, ya'ni jismda mavjud bo'ladigan sifatlar U zotda yo'q, degan ma'noni anglatmoqda. Jismning kattalik, kichiklik, qattiqlik, yumshoqlik, issiqlik, sovuqlik, ranglilik, shaffoflik yoki boshqa sifatlari bo'ladi. Jism ana shunday arazlar uchun mahaldir. “Uning mislidek biror narsa yo'qdir” oyati ana shularning barchasi U zotda yo'qligiga dalildir. Alloh taoloning mavjudligi mana bu narsalardan hech biriga o'xshamasligini anglatadi. Shuningdek, “Ixlos” surasidagi “Shuningdek, Uning hech bir tenggi yo'qdir” (4-oyat) ham muhkam oyatlardan biridir.
Ammo mutashobih oyatlar haqida gapiradigan bo'lsak, ular ikki qismdir. Birinchisi, zohiriy ma'nosi Alloh taoloning yuqori tarafni makon tutgani tushuniladigan oyatlar. Ikkinchisi – Uning past tarafni makon tutgani tushuniladigan oyatlar. Hatto ayrim oyatlarning zohiridan Alloh taolo bashariyat bilan aralashib yurishi, qayerga borsalar, ularga hamrohlik qilishi tushuniladi. Ish shunday ekan, bu kabi oyatlarni ta'vil qilish lozim. Chunki ular ta'vil qilinmasa, ya'ni qanday kelgan bo'lsa, shundayligicha qabul qilinsa, Qur'onda ziddiyat, qarama-qarshilik bor, degan xulosa kelib chiqadi. Vaholanki, unda ziddiyat bo'lishi mumkin emas. Ta'vil qilish bid'at, deganlar haqiqatdan yiroq kimsalar bo'lib, ularning bu gaplariga ko'ra, Qur'on oyatlari bir-biriga qarama-qarshi kelib qoladi. Chunki ularning zohiriy ma'nolariga asosan, Alloh taolo tepada yoki pastdaligi, “Biz unga bo'yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz” (“Qof” surasi, 16-oyat)da aytilganidek, insonning go'shti bilan bo'yni orasidaligi tushuniladi. Demak, ularni ta'vil qilish lozim.
Ho'sh, ta'vil qanday bo'ladi? Ta'vil mana shunga o'xshash mutashobih oyatlarni “Uning mislidek biror narsa yo'qdir” oyatiga o'xshagan muhkam oyatlarga murojaat qilgan holda amalga oshiriladi. Buning yo'li shuki, bu erda ana o'sha mutashobih oyatlarning zohiriy ma'nolari iroda qilinmagan, balki ularning zohiridan boshqa ma'nolari ham bor. Ba'zi bir salaflar ularga ma'no berayotib, muhkam oyatlarga munosib keladigan tarzda ta'vil qilgan. Ya'ni, ana shu mutashobih oyatlarning muhkam oyatlar bilan muvofiq keladigan muayyan ma'nolarini chiqarib bergan. Ayrimlari muayyan bir ma'no berishdan qochib, umumiy, hatto hech qanday holatsiz ta'vil qilib: “(U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir” (“Toha” surasi, 5-oyat), ya'ni hech bir holatsiz va o'xshatishsiz mustaviy bo'lgan, “Biz unga bo'yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz”, ya'ni hech bir holatsiz va o'xshatishsiz unga yaqindir, degan ma'nolarni bergan. Binobarin, bu kabi oyatlarda ularning zohiriy ma'nolari iroda qilinmagan.
Salaflar va xalaflardan iborat ayrim ahli sunna ulamolari “(U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir” oyatini batafsil ta'vil qilib, “istavo” lafziga “qahr qildi”, degan ma'noni bergan. Halaflar orasida mutashobih oyatlarni batafsil ta'vil qilganlari ko'pchilikni tashkil etadi.
Ahli sunna val jamoaning har ikki toifasi – ta'vil qilgani va qilmagani o'rtasidagi farq shuki, birinchilar mutashobih oyatlarga muayyan bir ma'no bermagan, balki hech qanday holatsiz va o'xshatishsiz, ba'zan Uning o'ziga loyiq tarzda tushuniladi, deb o'tgan. Nima bo'lganda ham, ular ahli sunna val jamoa vakillaridir.
Ammo, afsuski, bugun o'zini “salafiy” deb atab olgan ba'zi kimsalar zohiridan Alloh taoloning osmonda ekani tushuniladigan “(U) Arsh uzra “mustaviy” bo'lmish Rahmondir”, “(Har bir) yoqimli so'z Uning huzuri sari chiqur” (“Fotir” surasi, 10-oyat) singari mutashobih oyatlarning zohiriy ma'nolarini olib, “Ularni ular qanday kelgan bo'lsa, shunday sharhlaymiz va tushunamiz. Binobarin, Alloh yuqorida, U osmonni makon tutgan, deb ta'bir beramiz”, degan da'volar bilan o'rtaga chiqmoqda.
Ammo “Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning “yuzi” mavjuddir” (“Baqara” surasi, 115-oyat)da aytilganidek, zohiridan Alloh taoloning past tarafdaligi tushuniladigan mutashobih oyatlarga kelsak, “Ularni zohiriy ma'nosiga ko'ra tushunmaymiz”, deyishadi. Agar ularga: “Bu ham, u ham Qur'on oyati. Nima uchun zohiridan Alloh taoloning tepada ekani tushuniladigan oyatlarni qanday kelgan bo'lsa shundayligicha olib, “Alloh zoti bilan tepada, osmonni makon tutgan”, deysiz-u zohiridan U zotning past tarafdaligi tushuniladigan oyatlarni ular qanday kelgan bo'lsa, shundayligicha qabul qilmaysiz?! Masalan, “Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning “yuzi” mavjuddir” oyatining zohiriy ma'nosiga ko'ra, U zot Yer yuzining hamma joyidadir. Shu tarzdaki, safardagi kishi ulov ustida nafl namoz o'qiyotib, Sharq yoki G'arb, Janub yoki Shimol tomonga yuzlanadigan bo'lsa, Allohning zotiga yuzlangan bo'lib chiqadi. Siz esa bu oyatlarning zohirini olmaysiz”, deyilsa, ular javob bera olmaydilar. Mana bu salafchilar va ularning mushabbiha ustozlari ana shunday yo'l tutgan, holbuki, unisi ham, bunisi ham Qur'on oyatlaridir.
Agar ularga: “Nima uchun bunday qildingiz?” desangiz, ular: “Chunki yuqori Alloh ulug'lanadigan tomon, past esa Unga hurmatsizlik bo'ladigan tomondir”, deb javob beradi. Ularning bu gaplari asossiz, chunki afzallik qadrning yuksakligi bilan o'lchanadi, makon va jihatning yuksakligi bilan emas. Axir podshohlar past tekisliklarda, ularning qo'riqchilari baland tog'lar tepasida turmaydimi?! Chunki tog'lar tepasi ularga hamla qilmoqchi bo'lgan dushmanni kuzatish uchun, past tekislik esa podshoh dam olib, hayot kechirishi uchun qulaydir.
Ularga yana bunday deyiladi: Allohning eng ulug' bandalari bo'lmish payg'ambarlar ham Yerda yashagan, vafotlaridan so'ng Yerda dafn qilingan. Qiyomat kuni ham uning bag'ridan qayta tiriltiriladilar. Payg'ambarlardan ko'ra quyiroq darajada bo'lgan farishtalar Allohning huzurida bo'lib, bir qismi Arshning atrofini o'rab turadi, bir qismi etti osmonlar bo'ylab tarqalgan, bir qismi jannatda, bir qismi jahannam qo'riqchilaridir. Agar afzallik jihat va makonning yuqorida ekaniga bog'liq bo'lganida, albatta, payg'ambarlar qaror topadigan joy Arshning atrofida bo'lar, ularga nisbatan ham qadr jihatidan yuksaklik emas, balki makon jihatidan yuksaklik nisbati berilgan bo'lar edi.
Alloh taologa nisbatan tepalik tomon bo'lmish Arsh va past tomon hisoblanmish Yer barobardir. Uning ulug'ligi Arsh yoki olamning biror qismi yoki pastdagi Yer bilan bog'liq emas. Na unisidan foydalanadi, na bunisidan. Alloh taoloning ulug'ligini yuqorida bo'lishga bog'lagan kishilar e'tiqodicha, Arshda o'tirish kabi sifatlar Allohni ulug'lash hisoblanadi. Aslida esa bu Allohni kamsitish va haqorat qilishdir. Chunki o'tirish insonlar, jinlar, farishtalar va hayvonlarning sifati. Demak, Alloh taoloni O'zidan boshqa sababli ulug' bo'luvchi, undan foydalanuvchi deb bilgan kishi U zotni kamsitgan bo'ladi. Alloh taolo olamdan biror narsani undan foydalanish uchun yaratmagan.
Salafchilar Alloh taoloning osmonda ekanini isbotlash uchun ushlab olgan eng katta dalil – bu hozirgi kunda juda mashhur bo'lib ketgan “joriya hadisi”dir. Ularga javoban bunday deyiladi: “Siz dalil qilib keltirayotgan “joriya hadisi” faqatgina bitta sahobadan rivoyat qilingan. Ammo kishi musulmon bo'lishi uchun imon kalimasini aytishning o'zi kifoya qilishi haqidagi hadis – “Odamlar to Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va mening Uning payg'ambari ekanimga shohidlik bermaguniga qadar ular bilan urush qilishga buyurildim” hadisini o'n besh nafar sahoba rivoyat qilgan bo'lib, u mutavotir va mashhurdir. “Joriya hadisi” ana shu mutavotir hadisga zid kelmoqda. Shunday ekan, unga amal qilinmaydi. Nima uchun? Chunki “joriya hadisi”ning zohiriy ma'nosiga ko'ra, joriya: “Alloh osmonda, Siz Allohning payg'ambarisiz”, degani uchun Payg'ambar alayhissalom uni musulmon deb hukm qilayaptilar. Bu – islomga zid. Payg'ambar alayhissalom “Alloh osmonda”, degan so'z uchun birovni musulmon deb hukm qilmaganlar. Chunki o'zga din vakillari, hatto ko'pgina kofirlarning aqidasi ham aynan shudir. Birovni mo'min-musulmon deb hukm qilish uchun u shahodat kalimasini aytishi shart. Birgina sahobadan rivoyat qilingan “joriya hadisi”ni deb, o'n besh nafar sahobadan rivoyat qilingan bu hadis tark qilinmaydi. Demak, bu masalada sizning hujjatingiz yo'q”.
Agar ular: “Sahihi Muslim”da kelganiga qaramay, bu hadisni qanday qilib zaifga chiqarasiz?” desa, bunday javob beriladi: “Unga zaif hadislardan bir nechtasi kirib qolgan, shuning uchun ham Imom Muslim kitobini to'rt nafar buyuk muhaddisga ko'rsatganida, to'rtta hadisdan boshqa barchasini sahih deb e'tirof etgan. “Joriya hadisi” ham ana o'sha zaif hadislardan biri bo'lishi mumkin”.
Shuningdek, Allohni ulug'lash nima-yu kamsitish nimaligini bilmaydigan ana shu kimsalarga: “Arshda o'tirish qanday qilib maqtov bo'lishi mumkin? Alloh taolo yuqorilikning eng so'nggi nuqtasida bo'lmish Arshdan ham, pastlikning eng so'nggi nuqtasi bo'lmish Yerning ettinchi qavatidan ham behojatdir. U zot ikkisini ham ulardan foydalanish uchun yaratmagan”, deyiladi.
Demak, Qur'oni karimdagi mutashobih oyatlarni ta'vil qilish ayrim kimsalar da'vo qilganidek bid'at emas, balki shar'iy zaruratdir. Alloh taolo haqida sog'lom e'tiqodda bo'lish uchun ham ta'vilga ehtiyoj bor. Ummatning haq va to'g'ri yo'lda bo'lgan salafi ham, xalafi ham bu ishni joiz deb bilgan. Hatto o'zlari ham ta'vil qilgan. Hijriy VII asrda yashab o'tgan Ibn Taymiyani salaf deb taqdim qilayotgan, aqidaviy, fiqhiy va boshqa qarashlarini xuddi Qur'on oyatlarini tutgandek tutayotgan salafchilar “Sahih”dagi ta'villar uchun hijriy 194 yilda vafot etgan Imom Buxoriyni ham bid'atchiga chiqaradimi?! Binobarin, salaflarga ergashayotgan ular emas, balki biz, ahli sunna val jamoa vakillari ekani o'z tasdig'ini topib bo'lgan. Haqiqatdan so'ng zalolatdan o'zga nima bor?
Alouddin NYeMATOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati