Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Har bir ilmni rivoyat qilish mumkinmi?

17.02.2022   1518   8 min.
Har bir ilmni rivoyat qilish mumkinmi?

So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqdagi ba'zi da'vatchilar tomonidan musulmon ummatini orasiga ixtilof soladigan, bahs va munozaralarga sabab bo'ladigan, shu sababli ummat o'rtasida fitna chiqishiga “kalit” bo'ladigan mavzulardagi chiqishlar ko'payib bormoqda. Bu mavzularning ba'zilari aqidaviy, ba'zilari fiqhiy va yana ba'zilari ijtimoiy mavzularda bo'lsada, natijasi faqatgina musulmon ummatinig parchalanishiga, zaiflashishiga, bir-biriga nisbatan tarafkashlik, hurmatsizlik va adovatiga yo'l ochib bermoqda. Ularga bu qilayotgan ishining yaxshi emasligi aytilsa, ular o'zlarining ushbu amallarini oqlash uchun:  “Biz faqatgina kitoblarda keltirilgan ma'lumotlarni gapirmoqdamiz. Chunki, ilmni yashirish mumkin emas, agar biz aytmasak, ilmni yashirganimiz uchun Allohning huzurida gunohkor bo'lamiz”, deya javob bermoqdalar. Shu bilan birgalikda, dolzarb bir masalani kashf etganday faxr bilan xalqqa mav'iza qilib, ulardan ilgari yashab o'tgan olimlarimizni ilmsizlikda yoki ilmga xiyonatda ayblamoqdalar.

Ho'sh, aslida ham shundaymi? Necha ming yillar ilgari yashab o'tgan, umrini va molini ilm yo'lida fido qilgan ulug' zotlar, ajdodlarimiz rostan ham ushbu kundagi “shayx”lar bilgan ilmlarni, ular aytayotgan hadislarni  bilmaganmi? Yoki ular aytganidek ilmga xiyonat qilganmi?  Agar bilgan bo'lsalar yoki ilmga xiyonat qilmagan bo'lsalar, nega bu “shayxlar” aytayotgan masalalarni ommaga oshkor qilmaganlar?

Javob shuki, bizdan ilgari yashab o'tgan olimlarimiz xozirgi kundagi soxta shayxlar aytayotgan masalalarni borligini, sahihligini aniq bilganlar. “Shayx”lardan ko'ra ancha ilmli bo'lganlar. Shu bilan birgalikda, farosat bobida ham bir necha barobar ustun bo'lganlar. Ularning ilm va farosatdagi oliyliklari sabab, musulmon ummatining ixtilofiga, tafriqasi va fitnasiga sabab bo'ladigan masalalar faqatgina o'zlari, xos kishilar davrasida muhokama qilingan. Ular: “Odamlarga ularning aqllari etadigan hadislarni aytinglar. Alloh va Uning rosulini yolg'onga chiqarilishini istaysizlarmi?” degan qoidaga amal qilganlar. Bu esa aslo ilmga xiyonat deyilmaydi. Aksincha, ilm va farosat bobidagi ustunlik deyiladi.

Masalan, Imom Muslimning sahihlarida keltirilgan bir hadisda Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday deganlar: “Men Payg'ambar alayhissalomdan ikki idish to'la hadis yodladim. Lekin, ulardan faqatgina bir idish hadisnigina rivoyat qildim xolos. Ikkinchi idishni esa ochmadim ham. Chunki, ushbu idishda ixtilofli hadislar bor edi. Agar ushbu idishni ochsam, halqumimning kesilib ketishidan qo'rqdim”. Ya'ni, abu Hurayra roziyallohu anhudek zot ham, musulmonlarning fitna va ixtilofiga sabab bo'ladigan hadislarni rivoyat qilishdan ko'ra, o'zlari bilan qabrga olib ketishni afzal bilganlar.  Ho'sh aytingchi, qaysi “shayx” u zotni ilmga xiyonatda ayblay oladi?

Ibrohim ibn Abu Umla degan zot aytgan ekan: “Kim nodir ilmlarni ko'tarib kelsa, u juda ham ko'p yomonliklarni ko'tarib kelibdi”. Ya'ni, bir yurtda  yoki boshqa bir makonda keng yoyilgan ilmni boshqa bir makonga, ulamolari boshqa, urf odatlari va qadriyatlari boshqa bo'lgan joyga olib kelib, ularga targ'ib qilgan kishi ularga yaxshilik emas, aksincha yomonlikni olib kelgan bo'ladi.  Chunki, ular orasida ixtilof chiqishiga sabab bo'ladi.

Imom Molik aytadilar: “Ilmning yomoni, g'arib bo'lganidir. Ya'ni, odamlar eshitmagan, bilmagan va o'rganmagan yangilikni olib kelish eng yomon ilmdir.  Ilmning yaxshisi esa, kishilar rivoyat qilib, ular  orasida zohir bo'lgan ilmdir”.

Abdurahmon ibn Mahdiy aytadi: “Hech kim eshitmagan yangi narsalarni rivoyat qilib yuradigan  kishi ham,   har bir eshitgan narsasini rivoyat qilaveradigan  kishi ham, yoki har bir odamdan eshitgan narsasini rivoyat qilaveradigan kishi ham hadis ilmida imom bo'lolmaydi”.

Ushbu  da'vatchilarning yana bir usuli, xalqni mazhabsizlik girdobiga tortish bilan adashtirmoqdalar. Ular ushbu yo'lda xalqning miyasini zaharlashda shunday makkorlik bilan ish qilmoqdalarki, “Sen mazhabga ergashasanmi, yoki sahih hadisgami?”, deya faqih ulamolar bilan muhaddis ulamolarni bir biriga qarshi qo'ymoqdalar. Go'yoki, muhaddis ulamolar aytayotgan hadislarning xujjati bor bo'lib, ularning so'zlari Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga tegishlidir. Fiqh ulamolaring so'zlari esa o'z ra'ylaridan kelib chiqib aytilgan gapdir, degan tushunchani singdirmoqdalar. Va sahih hadislardan o'z foydalari uchun ustamonlik bilan foydalanmoqdalar. Bir narsa desang, “mana, sahih hadis borku”, deya hadisni ro'kach qilmoqdalar.  Mana shu jozibador so'z ko'p kishilarni adashishlariga, mazhab ulamolarini kamsitishga, faqihlarga nisbatan behurmatlik qilinishiga sabab bo'lmoqda.

Yoki, ulardan ba'zilari yurtimizda Hanafiy mazhabi keng tarqalgan bo'lishiga, fiqhiy kitoblarimiz va ibodatlarimizning deyarli barchasi  Hanafiy mazhabi asosida yozilganiga qaramasdan, masjidlarda, ibodat o'rinlarida boshqa mazhab amallarini qilish bilan ham ixtilof chiqishiga sababchi bo'lmoqdalar. Bu ham faqatgina ilmsizlik natijasi xolos. Garchi, bu amallarni bajarishda “bu sunnat”, degan da'vo bo'lsada, lekin, uning muqobilida boshqa bir sunnat amal bo'lgan o'rinda ixtilof chiqmasligi uchun o'sha ixtilofli amalni tark qilish ham sunnatdir.

Hulosa shuki,  agar ixtilof chiqadigan bo'lsa, fiqhiy masalalarda ittifoq bo'lgan yaxshidir. Fitna,  ixtilof  chiqadigan paytda fitnaga, ixtilofga sabab bo'ladigan amallarni tark qilish ham sunnatdir.

Biz shunday kishilarning gaplariga uchib, qaysi biriga ergashsam ekan, deya ikkilanib yurgan kishilarga qarata aytamizki, azizlar, sahih hadis degan chiroyli istilohga aldanib qolmaylik. Chunki, muhaddis ulamolar  sanad (roviylar silsilasi) ning sahihligini o'rganadilar, matnning sahihligini esa mujtahid mazhabboshilar o'rganadi. Boshqa hadislarga zid emasmi, nasx qilinmaganmi, bilmasdan turib amal qilinmaydi. Ba'zi ixtilofli masalalarda sahih hadis bor deb ommani chalg'itayotganlar muhaddis ulamolar nazdidagi narsani fiqhga kirgizishmoqda. Unutmaylik, muhaddislar rivoyatni borligini, bor bo'lsa qanchalik ishonchli xabarligini o'rganadilar. Unga amal qilsa bo'ladimi, farz darajasidami, sunnatmi, mubohmi, bularni bilish  faqih ulamolarni ishi.

Sahis hadislarda kelgan rivoyatlarning hammasi bajarish shart degani emas. Ulardan ba'zilari farz bo'lsa, ba'zilari muboh bo'lishi mumkin. Yoki uning muqobilida boshqa bir hadis bo'lgan rivoyatni qaysidir joyda ishlatmaslik a'loroq bo'lishi ham mumkin. Bunda holatga, makonga va kishilarning sharoitlariga qarab hukm chiqariladi. Masalan, Qur'oni karimdagi ko'p oyatlar buyruq ma'nosida kelgan. Lekin, ularning hammasi ham farz degani emas. Ba'zi buyruqlarga amal qilish farz, ba'zilariga amal qilish sunnat va ba'zilariga amal qilish esa mubohdir. Ularning farz, sunnat yoki muboh amal ekanligini Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning amallari hamda ko'rsatmalari orqali bilganmiz. Huddi shuningdek, sahis hadislardagi hukmlarni darajasini ham fahiq ulamolarning amallari, ular chiqargan hukmlar orqali bilamiz.

Hulosa qilib aytganda, mazhabboshi ulamolarimiz hadislarni yaxshi bilganlar. Yutimiz ulamolari o'z davrlarida ilm cho'qqisini zabt etgan kishilar bo'lishgan. Agar ular qaysidir amalni qilmagan bo'lsalar, yoki qaysidir hadisni zikr qilmagan bo'lsalar, bu faqatgina farosat va ilm sababli, musulmonlarning birdamligiga hizmat qilgan. Turli xil ixtilof, bo'linish va tafriqaning oldini olishga sabab bo'lgan. Shuning uchun, internet yulduzi bo'lib turgan “shayx”larning soxta, jimjimador “da'vat”lariga aldanib qolmasdan avvalo ilm o'qing. Hargiz, o'tib ketgan ulamolar sha'nlariga noto'g'ri gaplar bilan tuhmatlar qilib qo'ymang. Allohdan qo'rqing. Chunki, musulmonlarning ittifoqi ularning ixtilofidan yaxshidir.

 

O'MIning Toshkent viloyati vakilligi xodimi

Yo. Islomov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

15.07.2025   1175   10 min.
Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.

 Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?

 Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?

Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.

So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.

Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.

Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?

Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan  “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
 

Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q.  Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.

- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.

Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.

Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.

“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak

Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.

Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu  ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.

Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.

Maqolalar