بسم الله الرحمن الرحيم
“BIR HADIS ShARHI: “....bizdan emas” hadislar turkumi”
Muhtaram jamoat! Qur'oni karim va hadisi shariflarda islom ahli uchun berilgan ko'rsatmalarda faqat ezgulikka da'vat etilgan. Insonlarni o'zaro ahil, mehr-oqibatli, adolatli bo'lish kabi qator insoniylik fazilatlarga chaqirish dinimizning asosiy maqsadi ekani barchamizga kundek ravshan. Shuning uchun ham dinimiz yolg'onchilik, xiyonat, firibgarlik, berahmlik va zolimlik kabi illatlarni qoralaydi hamda bunday amallarni sodir etuvchilarni komil imonli mo'minlar qatorida hisoblamaydi. Bugungi mav'izamizda ana shu mazmundagi hadislardan ayrimlari bilan batafsil tanishamiz.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning odatlaridan biri bozorda bo'layotgan ishlarni aynan o'zlari kuzatish edi. Ana shunday kuzatishlaridan biri hikoya qilingan hadisda shunday deyiladi:
أنَّ رَسولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عليه وسلَّمَ مَرَّ علَى صُبْرَةِ طَعامٍ فأَدْخَلَ يَدَهُ فِيهَا، فَنَالَتْ أَصَابِعُهُ بَلَلًا فقَالَ: "مَا هذا يَا صاحِبَ الطَّعامِ"؟ قالَ أَصَابَتْهُ السَّماءُ يا رَسولَ اللهِ، قالَ: "أفَلا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعامِ كَيْ يَراهُ النَّاسُ، مَن غَشَّ فليسَ مِنِّي"
(رواه الإمام مسلم عن أبى هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir bug'doy sotuvchining oldidan o'tib, qo'llarini bug'doy uyumi ichiga tiqsalar, unga ho'llik tegdi. Shunda: “Ey, bug'doy egasi, bu nimasi?” deb so'radilar. Shunda u kishi: “Yo Rasululloh unga yomg'ir tekkan edi”, dedi. Rasululloh alayhissalom: “Siz o'sha joyini odamlar ko'rishi uchun tepasiga chiqarib qo'ymaysizmi?” deb tanbeh berdilar va izidan: “Kim aldasa, bizdan emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bundan boshqa bir qancha hadislarida “bizdan emas”, degan mashhur iborani ishlatganlar. Bu iboradan nimani nazarda tutganliklari borasida ulamolarimizning bir-biriga yaqin sharhlari mavjud. Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida mazkur iborani “bizning yo'limizda va sunnatimizda emas” ma'nosida deb sharhlab, bu iborani ishlatilish – o'sha gunohning naqadar og'ir ekaniga ishoradir deganlar. Shunga o'xshash fikrlarni imom Navaviy ham keltirganlar. Ayrim ulamolarga ko'ra, ushbu iboraning ma'nosi “komil imonli mo'minlardan emas, balki imonlari borku, lekin nuqsonli”, deb ham sharhlagan.
Hadisda islomning halollik va omonatdorlikka naqadar katta ahamiyat bergani ko'rinib turibdi. Shundan kelib chiqib bozor va savdo markazlaridagi mutasaddilar vaqti-vaqti bilan mana shunday tekshiruv va nazoratlarni o'tkazib, yurtdoshlarimiz haqiga hiyonat qilayotganlarga nisbatan tanbeh va ogohlantirish berib turishlari o'rni kelganda jazoga tortishlari ham to'g'ri bo'lar ekan.
Muhtaram azizlar! Hadisdagi eng muhim ibratlardan biri bugungi kundagi ko'plab savdogarlarda etishmayotgan odatni bayon qilib berilganidir. U ham bo'lsa, molning aybini oshkor qilib sotishlik. Buni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Siz o'sha joyini odamlar ko'rishi uchun tepasiga chiqarib qo'ymaysizmi?”, degan so'zlari tasdiqlab turipdi. Bashariyatga muallim va go'zal xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilgan zot bunday yolg'on yonida sukut saqlashlari mumkin emas edi. Haqiqiy rahnamolar ana shunday bo'lishlari kerak. Bunday yovuzliklardan pora yoki tanish-bilishchilik evaziga ko'z yumib ketmasliklari lozim. Ularga barcha insonlar haq-huquqlari omonat topshirilgan. Mana shunday o'rinda undaylarni kechirish bular uchun rahmdillik emas, balki bu pastkashlik, xiyonat va ochko'zlikdir. Haqiqiy komil imonli musulmon birodarlariga faqat yaxshilikni ravo ko'radi. Boshqa hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ، حتَّى يُحِبَّ لِأَخِيهِ ما يُحِبُّ لِنَفْسِهِ
(متفق عليه أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Birortangiz o'ziga yaxshi ko'rgan narsasini birodariga ravo ko'rmaguncha (komil) imonli bo'lmaydi” (Muttafaqun alayhi).
Musulmon o'zini boshqalar tomonidan aldanishini yoqtirmas ekan, demak, u boshqalarni ham aldamasligi kerak. Mana shu sababdan dinimizda yolg'on, aldov va hiylakorlik harom qilingan.
Savdo-sotiqdagi aldov turlari juda ham ko'p. Bularning barchasi harom. Avvalo, tarozi va o'lchovlardan urish. Bu haqida Alloh taolo Qur'oni karimda:
وَأَوْفُوا الْكَيْلَ إِذَا كِلْتُمْوَزِنُوا بِالْقِسْطَاسِ الْمُسْتَقِيمِ ( الإسراء: 35)
ya'ni: “(Savdo-sotiqda) o'lchagan vaqtlaringizda o'lchovni to'la-to'kis qilingiz va to'g'ri tarozida tortingiz!” (Isro surasi, 35-oyat), deb marhamat qilgan va bu buyruq shaklida kelgani uchun vojiblikka dalolat qilsa, boshqa oyatda tarozi va o'lchovdan uruvchilarning holiga voy va azobi og'ir bo'lishi bayon etilgan:
وَيْلٌ لِلْمُطَفِّفِينَ (المتففون، 1)
ya'ni: “(Savdo-sotiqda o'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!” (Mutaffifun surasi, 1-oyat).
Ana shunday zulm musulmonlar bozorida ortiq bo'lmasligi uchun Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Makka fathidan so'ng Sa'd ibn Sa'id ibn Osni Makka bozoriga, Umar raziyallohu anhuni esa Madina bozoriga mas'ul qilib tayinlashlari ham bejiz emas. Bu esa u zotning bozor ishlariga e'tibor berib, tarozibonni halol o'lchab-tortishi, adolatli va muruvvatli bo'lishiga jiddiy qaraganlarini anglatadi.
Suvayd ibn Qays raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yonimizga keldilar va bozor ahlining o'lchab-tortib beradigan taroziboniga:
يا وَزَّانُ زِنْ وَأَرْجِحْ
(رواه الإمام أبن ماجة عن سوَيْدِ بنِ قيسٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey, tarozibon, o'lchang va pallasini og'ir qiling”, deb tayinlaganlar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). “Pallasini og'ir qiling” degan so'zlari buyumni o'lchaganda, mol pallasini og'irroq qiling, deganidir.
Bundan tashqari bugungi kunda sutga suvni, asalga qiyomni, tsementga qum yoki boshqa moddalarni aralashtirish, narxni ko'tarish uchun sun'iy xaridor bo'lish, sodda odamlarni laqqilatish kabi aldov turlari keng tarqaldi. Oxiratdagi savol-javobni unutgan inson qiyofasidagi shaytonlar tomonidan yangidan-yangi firibgarliklar “kashf” qilinib kelinmoqda. Mollarni ishlab chiqarilgan joylarini noto'g'ri aytish yoki yashirish, asliy bo'lmagan mollarni asliy deyish, sun'iy buyumlarni tabiiy deyish va boshqa firib yoki aldovlar ko'payib ketdi.
Shuningdek, bugungi kunda hayotimizga elektron hisob-kitoblar, plastik kartalarni amaliyotda keng qo'llashlik kirib kelgani uchun qalloblikning yana boshqa yangi-yangi turlari paydo bo'ldi. Ayniqsa, odamlarga internet orqali qilinadigan savdolarda sifatli molni ko'rsatib, sifatsizini berish yoki kartaning maxfiy kodini so'rab olib, keyin undagi mablag'larni o'zlashtirib olish kabi zulmlardan juda ko'plab yurtdoshlarimiz aziyat chekmoqdalar.
Bunday qallobliklar savdo-sotiqdan tashqari ko'plab kasblarda ham o'ziga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Kira qilishlikda masofani sun'iy ko'paytirish, qurilishda materiallarni keragidan kam yoki ishonchsiz bo'lganlarini ishlatish, shuningdek, yo'l qurilishi, hattoki dorixonayu shifoxonalarda va boshqa ko'plab sohalarda turli-tuman ko'zbo'yamachiliklarga yo'l qo'yilishi ham xiyonat va nohaq yo'l bilan boylik orttirishga kiradi. Vaholanki, Alloh taolo bila turib xiyonat qilishlikdan qaytarib, bunday marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ خَوَّانٍ كَفُورٍ (الحج، 38).
ya'ni: “Albatta, Alloh barcha xoin va noshukurlarni suymas” (Haj surasi 38-oyat). Qolaversa, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida:
ﻭَﺍﻟﻤَﻜْﺮُ ﻭَﺍﻟﺨّﺪِﻳْﻌَﺔُ ﻓِﻲ ﺍﻟﻨّﺎﺭِ
(رواه الإمام الطبراني)
ya'ni: “Makr va aldov do'zaxdadir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirish musulmonning ishi emas.
Harom luqmadan va birovning haqqidan qo'rqmaydigan kishilarning farzandlari o'zlari orzu qilgandek odam bo'lishadimi? Yo'q, albatta! Ular ham nari borsa birovning haqqidan qo'rqmaydigan va eng yomoni, ota-ona roziligini topishga rag'bat qilmaydigan kimsalar bo'ladi, Alloh asrasin! Chunki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ لَحْمٌ نَبَتَ مِنْ سُحْتٍ
(رواه الإمام ابن حبان عَنْ جابر بن عبد الله رضي الله عنهما)
ya'ni: “Harom eb o'sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyatlari).
Musulmonlar har doim omonatdorlik xislatlari bilan boshqa xalqlarning mehr-muhabbatini qozona olganliklariga tarixda juda ham misollar ko'p. Lekin insonlarning boshiga qiyinchilik tushgandan foydalanib qolish musulmon kishisiga hech qachon to'g'ri kelmaydi. Afsuski, yurtimizga atigi bir-ikki kun chiroq o'chishi sabab kelgan sinov paytida ayrim vatandoshlarimiz shaxsiy manfaatni hamma narsadan yuqori qo'yib, xalqiga xiyonat qilishga moyilliklarini ko'rsatib qo'yishdi.
Muhtaram azizlar! Agar biz haqiqiy islomni davo qilsak, o'zimizga yuklatilgan barcha ishlarga sidqidildan yondoshaylik. Agar bunday qilmasak, o'z xalqimizga, millatimizga va uning taraqqiyotiga qarshi kurashgandek bo'lib qolamiz. Qaysi ishda xiyonat aralashsa, albatta, undan baraka olib qo'yiladi. Unday insonlar bizning safimizda bo'lishga loyiq emas. Shuning uchun ham biz o'rganayotgan hadisning oxirida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam nam bug'doyni yashirgan kishiga qarata juda ham og'ir so'zni aytdilar: “Kim aldasa, bizlardan emas”.
Bu kabi o'ta og'ir so'zlarini Rasulimiz sallallohu alayhi vasallam yana bir qator o'rinlarda ishlatdilar. Jumladan, bir o'rinda bunday marhamat qildilar:
مَن حَملَ علَينا السِّلاحَ فلَيسَ منَّا
رواه الإمام البخاري عن ابن عمر رضي الله عنه
ya'ni: “Kim bizlarga qarshi qurol ko'tarsa, bizlardan emas” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ma'lumki, yurtga va xalqqa xiyonat eng katta xiyonatlardan hisoblanadi. Hadisdan ko'rinib turibdiki, xalqiga dindoshlariga qarshi qurol ko'tarishni harom qilgan islomni niqob qilib olib, turli yurtlardagi jangarilarga qo'shilib ketayotganlarga Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam “bizlardan emas”, demoqdalar.
Muhtaram jamoat! Dinimizda buzg'unchilik, oilalarning tinchini buzish va er-xotin o'rtasini ajratish ham juda katta jinoyatlardan hisoblanadi. Shuning uchun Payg'ambarimiz alayhissolatu vassalam bundaylarni bizlardan bo'lishga loyiq emasliklarini ta'kidlaganlar:
لَيْسَ مِنَّا مَن خَبَّبَ اِمْرَأَةً عَلَى زَوْجِهَا أَوْ عَبْدًا عَلَى سَيِّدِهِ
رواه الإمام أبو داود عن أبى هريرة رضي الله عنه
ya'ni, “Hotinni eri yoki qulni xojasi bilan o'rtasini buzganlar bizlardan emas” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bugungi kundagi eng razil va eng xunuk buzg'unchiliklardan biri mana shu hadisda keltirilgan xali nikohlari bor bo'lib birga yashab turgan juftning o'rtasini buzishdir. Ayrim ichida fisq-fujuri bor kimsalar birovlarning xotinini avrab, go'yoki ularni yaxshi ko'rgandek qilib ko'rsatib, ajrashishlikka olib keladigan so'zlarni izhor qiladi. Axir dinimiz birovning hali uylanmagan, shunchaki sovchi qo'ygan ayoli ustiga sovchi qo'yishlikdan qaytargan bo'lsa, birovning nikohidagi ayolga ko'z olaytirishni qanday oqlashi mumkin. Albatta, bunday qilganlar bizlarni safimizda bo'lishga loyiq emas.
Azizlar! Kitob dinimiz, tariximiz va boshqa barcha sohadagi ilm-ma'rifatimizni oshirishga xizmat qiluvchi eng asosiy vosita. Bizning diyor azaldan allomalar yurti bo'lgani uchun qadimdan yurtdoshlarimiz qo'llarida bir qator qimmatbaho va nodir kitoblarning qo'lyozma va toshbosma nusxalari mavjud. Ularni ayrim noto'g'ri yo'llar orqali boylik orttirishga haris insonlar odamlardan arzimas pulga sotib olib, qing'ir yo'llar orqali boyliklarimizni xorijga chiqib ketishiga harakat qilish yo'li bilan xalqimizga xiyonat qilib kelayotganlar bor.
Afsuski, ba'zi yurtdoshlarimiz bunday asarlarni saqlash qonun-qoidalariga rioya qilmasdan ularni uyda saqlab, achinarli holatlarga kelib qolganini guvohi bo'lmoqdamiz. Shuning uchun kimda mana shunday ajdodlarimizdan meros qolgan qo'lyozma va toshbosma asarlar bo'lsa, soha mutaxassislari bilan maslahat qilib, saqlash uchun zarur harorat va namlikni ta'minlashga harakat qilishlari yoki maxsus markazlarga topshirishlari mumkin.
Alloh taolo barchalarimizni dinimizga to'liq amal qiladigan, yolg'on, xiyonat kabi razil sifatlardan saqlanadigan, mehr-oqibatli, ahil-inoq yashaydigan va boshqalarga faqat yaxshilik ulashadigan bandalardan bo'lishimizni nasib aylasin! Omin!
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD