Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

ULUG' ALLOMALARIMIZ MYeROSI JAHON UChUN HIDOYaT MAYoG'IDIR

15.02.2022   2899   8 min.
ULUG' ALLOMALARIMIZ MYeROSI JAHON UChUN HIDOYaT MAYoG'IDIR

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa behisob shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida buyuk mutafakkirlar merosini asrab-avaylash, tadqiq etish va xalqimizga etkazish ishlari keng jabhada amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abu Muin Nasafiy va Mahmud  Zamaxshariy singari tabarruk zotlarning asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayog'idir. Shu bois, ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini o'rganish va kelajak avlodga etkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.

Yangi O'zbekistonda ko'p asrlik noyob va nodir asarlarni saqlash, xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, benazir zotlarning ma'naviy merosini asrab-avaylash, hayotga tatbiq etish va ularning mazmun-mohiya­tini yosh avlodga etkazish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.

Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi talablar kun tartibiga qo'yilishi tabiiy. Shu bois, davlatimiz rahbarining joriy yil
10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtai nazaridan qabul qilingan tarixiy, muhim hujjat sanaladi. Ushbu qarorning e'lon qilinishi ma'rifatli xalqimizni, xususan, din peshvolarini ham cheksiz mamnun etdi. Unda belgilangan vazifalar buyuk ajdodlarimiz asarlarini yanada teran anglab etishga, yosh avlodning ana shunday hikmatlar asosida kamol topishiga xizmat qiladi. Bu, o'z navbatida, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish sari tashlangan navbatdagi muhim qadam bo'ladi, inshaalloh.

Islom dinida kelajak avlodga ilm-ma'rifat va ma'naviyat qoldirishning ajri ulug', inson vafotidan keyin ham amal daftariga yozilib turadigan ish sifatida ko'p bor ifodalangan. Hazrati Rasulimiz alayhissalom aytadilar: “Inson dunyodan o'tganida uning barcha amallari to'xtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz to'xtamaydi. Bu amallar —
sadaqai joriya, manfaatli ilm hamda solih farzand”
(Imom Buxoriy rivoyati).

Sadaqai joriya — insonlar har doim undan manfaat topadigan ish, savobi doimo oqib turuvchi amaldir. Masalan, xalq koriga yaraydigan yo'l, ko'prik, maktab, shifoxona, masjid, mad­rasa va turli ilm dargohlarini barpo etish kabilardir. Shu jumladan, nodir qo'lyozma va toshbosma kitoblarni asrab-avaylash, tadqiq qilish va xalqimizga etkazish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni joriy etish ayni sadaqai joriya hukmida bo'ladi.

Bizning zaminda Payg'ambar alayhissalomning amakilari Qusam ibn Abbos kabi ko'plab ulug' insonlar abadiy qo'nim topgan. Qur'oni karimning eng qadimgi yuzlab nusxalari saqlanib kelinadi, islom tsivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo'shgan olimlarning nodir manbalari asrab-avaylanmoqda.

Mazkur qaror shu jihatdan ham yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat tomonidan ajdodlar merosini o'rganish, ularni keyingi avlodga etkazish borasida qilinayotgan mazkur amaliy ishlar tahsinga sazovor. Zero, bu diyordan nafaqat islom ilmlari bo'yicha ulamolar, balki aniq va tabiiy fanlar bo'yicha Horazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek va boshqa ko'plab olimlarni sanab o'tish mumkin.

O'zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondi ham eng nodir ma'naviy xazinalardan biri bo'lib, unda 3 ming jild qo'lyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qo'lyozmalardan — “Hazrati Usmon Mushafi” va “Katta Langar Qur'oni” qadimiy va tabarruk manbalar hisoblanadi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa mutafakkirlarning qo'lyozma asarlari saqlanmoqda.

Ta'kidlash joizki, aholi qo'lida e'zozlab saqlanayotgan hamda avloddan-avlodga o'tib kelayotgan, lekin davlat tomonidan ro'yxatga olinmagan qo'lyozmalar va qadimiy bosma kitob­lar soni biz o'ylagandan-da ziyodadir.

Shu kabi boy merosni o'rganish va keng yoyish oldimizda turgan dolzarb vazifa. Buni hal etish uchun zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kun talabidir. Shu bois, mazkur qarorda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Hususan, qarorda buyuk allomalarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashtirish, ular to'g'risidagi ma'lumotlarni zamonaviy usullar orqali etkazish maqsadida Internet tarmog'ida ilmiy-ma'rifiy portal va uning mobil' ilovasi ishga tushirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, mutafakkirlar hayoti, ilmiy merosi haqidagi ma'lumotlar, ular faoliyatiga oid kitoblarning elektron nusxalari, fil'mlar hamda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan boshqa turdagi ma'lumotlar ham mazkur portalga joylashtirilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu esa nafaqat yurtdoshlarimizga, balki butun jahon ommasiga mamlakatimizning boy ilmiy merosi bilan tanishish va ulardan foydalanish imkoniyatini beradi.

Qarordagi yana bir muhim jihat, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni muhimligiga ko'ra, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etishning yo'lga qo'yilishidir. Noshirlik ishlari jadallashib, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan asarlar oddiy tilda chop etilib, aholiga taqdim qilinadi. Bu esa shubhasiz, xalqimizning bilimi yuksalishiga, yoshlarni ta'lim-tarbiyali qilib tarbiyalashga katta hissa qo'shadi.

Albatta, bu kabi ishlarni malakali mutaxassislarsiz qilib bo'lmaydi. Mazkur qaror bilan kadrlar masalasi ham o'z echimini topmoqda. Unga ko'ra, 2022-2023 o'quv yilidan jami 4 ta oliy ta'lim muassasasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” ta'lim yo'nalishida kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.

Ushbu hujjatda belgilangan yana bir dolzarb vazifa xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fond­larda saqlanayotgan ajdodlarimiz qalamiga mansub qadimiy yozma manbalarning ro'yxatini va elektron nusxalarini aniqlash, yurtimizga olib kelish choralarining ko'rilishidir.

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, “O'zbekis­tonga oid xorijdagi qo'lyozma asarlar reestri”ning birinchi jildida 30 mamlakatning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Alisher ­Navoiy singari 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlarga oid qo'lyozma asarlarning 1001 ta ilmiy tavsifini o'z ichiga olgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlar merosiga ehtirom ko'rsatishdek ezgu va xayrli ishlar boshlangan ekan, uni qo'llab-quvvatlash hamda kamarbasta bo'lishimiz zarur. Zero, bunday savobli ishlarning ham ajri cheksiz bo'ladi. Qur'oni karimda “Alloh go'zal amal qilganlarning ajru mukofotlarini zoye qilmas”, deb bayon qilingan. “Ra'd” surasining 29-oyatida esa: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun “tubo” (xushnudlik) va go'zal oqibat (jannat) bordir”, deb marhamat qilingan.

Halqimiz uchun katta ne'mat bo'lgan ulug' alloma va mutafakkirlarning bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, o'rganish hamda kelajak avlodga bezavol etkazish borasidagi ishlarda Haq taolo ulkan muvaffa­qiyatlar ato etsin.

Nuriddin  HOLIQNAZAROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

MUFTIY MINBARI
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   1242   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.