Bizni Ahli sunna va jamoa toifasidan qilib to'g'ri yo'lga boshlagan Alloh taologa hamd bo'lsin. Va ummatlarni haq yo'lga boshlagan Payg'ambarimizga salovotu durudlar bo'lsin.
Avvalo, aqidada ixtiloflar bo'lgan joyda botil e'tiqodlar ildiz otadi. Chunki aqidasi durust va sog'lom bo'lmagan kishining din va imoni sahih bo'lmaydi.
Aqida – imon bilan bog'liq nozik masala bo'lgani uchun, Alloh taolo o'zi bu tushunchalarni bayon qilib, insoniyatni haqiqiy imon e'tiqod yo'liga boshlab qo'ygan. Hozirgi kunda ba'zi bir buzg'unchi guruhlar musulmon davlatlarda fitnani yuzaga keltiryaptilar. Jumladan, islomda ilk namoyon bo'lgan xorijiylar, Azraqiylar — o'zlariga qo'shilmagan musulmonlarni kofir sanashgan. Musulmolarning molini talashni o'zlariga halol deb bilishgan va ahli-ayollarini esa o'ljaga aylantirishgan. Bugungi kunda esa bunaqa misollarni ko'plab keltirishimiz mumkin. Aslida, islom dini kishilarni er yuzida og'a-ini bo'lib yashashga, bir — biriga yordam berishga, ota-onani hurmat qilishga, vatanini gullab yashnashi uchun hissa qo'shishga, xalqdan ajralmagan holatda Haq roziligini topishga da'vat etadi. Shu o'rinda Abu Nujaymning takfir borasidagi so'zini keltirib o'tmoqchiman; “Agarda to'qson to'qqizta dalil kofirlikka dalolat qilsayu bitta dalil mo'minlikka dalolat qilsa biz uni mo'min deymiz”.
“Hijrat” so'zi kishilarni ongida qattiq kora dog' qoldiryapti. Hali islomiy aqidasi to'liq shakillanmagan yoshlar internet to'riga tushib, o'zlari bilmagan holda dunyoning turli hududlaridagi ayrim aqidaparast oqimlar va turli terrorchilik guruhlarga qo'shilib qolmoqdalar. Vaholanki, Payg'ambarimiz (s.a.v) “Makka fathidan keyin hijrat yo'q”, deganlar.
Hozirgi kunda O'zbekistonda masjidlarda xalqimiz o'z diniy arkonlarini emin-erkin bajarayotgan, o'rta maxsus islom bilim yurtlari va Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti faoliyat olib borayotgan bir vaqtda, shunday gullagan diyorni noto'g'ri e'tiqod bilan tashlab ketishlik eng og'ir gunoh hisoblanadi. Inson bu dunyoda yaxshiliklarning eng afzallarini qilishi, ota-onasini xizmatini to ular vafotigacha sidqidildan qilib, jannat kalitlarini qo'lga kiritishi, o'z mahallasiga, o'z Vataniga foydasi tegishi, boshliqlariga bog'iylik qilmasligi kamolotining etukligidan dalolat beradi va uni yuqori martabalarga o'tqazib qo'yadi. Shu o'rinda Shayx Jaloliddin Rumiy hazratlarining go'zal bir baytini keltirishni lozim topdim:
Sen dunyoga kelganda yig'lab kelding,
Hamma kulib qarshi oldi.
Sen dunyodan ketganda kulib ketginki,
Hamma yig'lab qolsin.
Bu shior har bir qalbida g'ururli, e'tiqodi sof, jo'mard kishining hayotdagi shiori bo'lishi kerak, deb o'ylayman.
M.Matirzayev
Gurlan tumani “Shayx Jamol bobo” masjidi imom-xatibi
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati