Bilamizki, inson qadrini barqaror va davomli bo'lishiga avvalo yurtimizning tinchligi, jamiyatimizdagi qadriyatlarimizdan bo'lmish o'zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihat bo'lish, oila, ota-ona, qavm-qarindosh, qo'ni-qo'shnilarni birdamligi asosiy tayanch bo'ladi.
Bularning barchasi bizning bebaho boyligimiz va uni ko'z qorachig'idek saqlash har birimizning muqaddas burchimiz. Ushbu uzluksiz tabiiy jarayon – mamlakat taraqqiyotining, xalq farovonligining muhim omillaridan biri ekanligi hech kimga sir emas.
Binobarin, Prezidentimiz O'zbekiston xalqiga yangi yil tabriklarida 2022 yilni mamlakatimizda “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” deb atashni taklif qildilar. Bu xalqona taklif bir ovozdan qabul qilindi va qo'llab-quvvatlandi.
Inson qadrining qirralari ko'p. Shular ichida eng asosiysi – yurt tinchligi va shu oliy saodatning ramzi sanalmish oilalar xotirjamligi sanaladi.
Tabiiyki, osoyishta kunlarni qadrlashning asosiy omili eng avvalo, ahil-inoq bo'lib yashash, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish.
Bunda har bir masalaga maslahatlashgan holda yondashib, maqbul echim topa olishga intilish, o'zaro izzat-hurmat tuyg'usiga tayanib ish ko'rishda aks etadi.
Buning uchun esa Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, inson qadrini ulug'lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash yo'lida fidoiylik lozim bo'ladi.
Shundayin oliyhimmatga avvalo barchamiz o'z qadrimizni bilishimiz, uni birovlarga ham baham ko'rishimizdagina namoyon bo'ladi.
Darhaqiqat, islom dini ta'limotida ham inson baxt-saodati va uning qadrini ulug'lash haqida ko'p zikr qilingan. Alloh taolo inson zotini qadrini ulug'lab O'zi yaratgan ko'p jonzotlardan afzal va a'lo qilib yaratgani va unga beadad ne'matlarini bergani haqida bunday deydi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro, 70).
Jamiyatni hamnafas bilib, bir tan, bir jon bo'lib, o'zaro rahm – shafqatli bo'lish, inson qadrini ulug'lash yo'lida xizmat qilish rivojlangan jamiyatning eng oliy fazilati bo'lib hisoblanishi tabiiydir.
Bu haqda Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam “Rahm qiluvchilarga tengsiz Ulug' va Karim Zot rahm qiladi, Yer yuzidagi insonlarga rahm qilinglar, osmondagi Zot sizlarga rahm – shafqat qiladi” deb, boshqalarga manfaat etkazish, qadrini ulug'lashga chorlaydilar (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, har birimiz qayerda va qanday mavqeda bo'lishimizdan qat'iy nazar buyuk xalqimiz bilan doimo rahm-shafqat muloqotida bo'la olishimiz eng katta, eng ulug' iinson qadri bo'ladi.
Jumladan oila va uning a'zolariga yaqindan hamroh bo'lishimiz, ularga quchog'imizni ochishimiz ham ulug'lik ramzi bo'la oladi.
Zero, ulug'lik ramzi esa faqat barcha mavjudotdan ulug' va afzal etib yaratilgan hazrati inson qadrini o'zimizning manfaatimizdan yuqori qo'ya olish bilan bo'ladi.
Yana e'tiborni muqaddas o'gitlarga qarataylik! Inson qadrini ulug'lash borasida bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'rnak va namuna bo'lganlar.
Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlari emikdosh singillari Shaymoga qilgan yaxshiliklari, uning onasi Halimai Sa'diyani razoiy onam, deb qadrlab muborak ridolarini poy qadamlariga solishlari,
tog'alari Umayr ibn Vahbning hurmati yuzasidan ulardan oldin o'tirmasliklari, kerak bo'lgan o'rinda ostilariga ridolarini solib berishlari,
amakilari Abu Tolibning farzandlari ko'p bo'lganida hazrati Alini yordam tariqasida tarbiyalariga olib bo'lsa ham boqib katta qilib, bu bilan amakilarining qadrlarini ulug'laganlari,
ayollari Hadicha onamiz vafotlaridan keyin u kishining barcha qarindosh-urug'lariga qadr-qimmat qilib yordam ko'rsatganlari,
hazrati Alining onalari vafot etganlarida yangalarini qadrlab bevosita o'zlari qabrga qo'yishlari kabi ko'plab o'z qadrlaridan o'zgalar qadrini yuqori bilib, atrofdagilarga ko'rsatgan oliy himmatlarini sanasak barmog'imiz etmaydi. Bunday misollarni ko'plab keltirishimiz mumkin.
Zero, Allohning habibi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayni shunday hayot tartibi bilan bo'lib, inson qadrini ulug'lash maqsadi bilan yashadilar.
Ishonch bilan ayta olamizki, qaysi bir mo'min-musulmon ana shunday pok va barakali sunnat yo'lida davom etsa, el-yurtning koriga malham bo'lib yashasa, qodir bo'lganicha yaxshilik qilsa, insonlar qadrini ulug'lab, ularni xushnud eta olsa, Yaratganning mukofotiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga muyassar bo'lajak, Insha Alloh.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati