ISLOM MO'_''TADIL DIN!
Hurmatli jamoa! Dinimiz har bir insonning shaxsiy hayoti va jamiyatda tinch totuv va farovon hayot kechirishi, dunyo va oxirat saodatiga etishi uchun xizmat qiladi. Bu yo'lda dinimizning o'ziga xos farzlari, asoslari va qoidalari bo'lib, shular ichida dinda mo''tadil bo'lish muhim ahamiyat kasb etadi. Dinimiz modda va ruh, dunyo va oxiratni birdek e'tiborga oladi. Birini e'tirof qilib, ikkinchisi inkor qilmaydi.
Mo''tadillik, ishlarda o'rta yo'lni tutish Islom ummatiga xos. Alloh taolo islom ummatini boshqa ummatlar ichida o'rta ummat qilgan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا
ya'ni: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo'lishingiz va Payg'ambarning sizlarga guvoh bo'lishi uchun “o'rta ummat” qilib qo'ydik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Oyati karimadagi “o'rta ummat”ning ma'nosi adolatli, eng yaxshi va turli fazilatlarga ega bo'lishdir. Mana shu oyati karima dalolati bilan Islom ummati afzal ummat hisoblanadi. Bunga quyidagi oyati karima ham dalolat qilib turadi:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ
ya'ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Demak, Islom ummatining fazilati Alloh taologa imon keltirgandan so'ng insoniyatni ezgulikka chorlash, yomonlikdan qaytarish ekan.
Alloh taolo o'z o'rnida Ahli sunna val jamoa (mashhur to'rt mazhab ergashuvchilari)ni boshqa islomiy firqalar ichida vasatiylik-mo''tadillik bilan ajratib qo'ydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
﴿لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي ظَاهِرِينَ عَلَى الْحَقِّ، لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَذَلَهُمْ، حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ وَهُمْ كَذَلِكَ﴾
(رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ عَنْ ثَوْبَانَ رضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Ummatimdan bir toifa haqda zohir bo'lgan hollarida davom etarlar, ularni tark qilgan kishi ularga zarar keltira olmas. Allohning amri kelgunicha ular o'sha holda bo'lurlar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Ahli sunna val jamoa ham din ishlari: e'tiqod, ilm, amal va axloqda mo''tadildir. Sog'lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta'limotida mo''tadillik g'oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, mo''tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo'l qo'yish, qattiq olish yoki o'ta bo'sh qo'yib yuborish o'rtasida bo'lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to'g'ri yo'ldan adashmaydi.
Dindagi mo''tadillik e'tiqod, amal, ilm va axloqda Qur'oni karim, hadisi shariflar va ulamolarning so'zlarini mahkam ushlash bilangina yuzaga chiqadi.
Biz vasatiya-mo''tadillikni yaxshi tushunish uchun g'uluv (haddan oshish) va kamchilikka yo'l qo'yish masalalarini yaxshi bilib olishimiz kerak. Chunki mo''tadillik mana shu ikki nuqsonli ish o'rtasida bo'ladi.
Qur'oni karimda dunyo va oxirat ishlarini birga olib borish haqida shunday deyiladi:
وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا
القصص: 77
ya'ni: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo'lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasos surasi, 77-oyat).
Amalda haddan oshishdan ham ko'ra, e'tiqodda g'uluvga ketish yomonroqdir. Masalan, payg'ambarlarni haddan tashqari ulug'lash natijasida ularni iloh darajasiga ko'tarish yoki Hudoning o'g'li, deyish ham dinda haddan oshishdir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
يَا أَهْلَ الْكِتَابِ لَا تَغْلُوا فِي دِينِكُمْ وَلَا تَقُولُوا عَلَى اللَّهِ إِلَّا الْحَقَّ
النساء: 171
ya'ni: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!” (Niso surasi, 171-oyat).
Bu oyati karimadan tushuniladiki, ahli kitoblarning bir toifasi Iso alayhissalomni hurmatlab, iloh darajasiga ko'targan bo'lsa, ba'zilari u zotni o'ldirganliklarini da'vo qiladilar. Musulmonlar esa o'rta yo'l tutib, Iso alayhissalomni Allohning bandasi va payg'ambari deb e'tiqod qiladilar.
Alloh taolo halol qilgan narsalarni o'zi yoki o'zgalarga harom qilish ham e'tiqodda haddan oshishning bir turidir. Bu o'rindagi mo''tadillik Alloh va Rasuli halol qilgan narsalarni halol deb bilish, harom qilgan narsalarni esa harom deb bilish bilan bo'ladi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللَّهِ الَّتِي أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِيَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ
ya'ni: “Ayting: «Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?» Ayting: «U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirganlar (va boshqalar) uchun, qiyomat kunida esa, xolis (mo'minlarning o'zlari uchun bo'lur)». Shunday qilib, oyatlarni biladigan qavmlarga mufassal bayon qilurmiz” (A'rof surasi, 123-oyat).
Luqmoni Hakim o'g'liga nasihat qila turib hatto yurish turishda ham o'rtachalik yaxshi ekanini uqtiradilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ
ya'ni: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas”.
وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِنْ صَوْتِكَ إِنَّ أَنْكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ
ya'ni: “(Yurganingda) o'rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 18-19-oyatlar).
Dinimizda xayru ehson ishlarida ham mo''tadillik targ'ib qilinadi. Bundagi afzal holat baxillik va isrofning o'rtasidir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَلَا تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلَا تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورً
الإسراء: 29
ya'ni: “(Baxillik qilib) qo'lingizni bo'yningizga bog'lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o'tirib qolursiz” (Isro surasi, 29-oyat).
وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا
الفرقان: 67
ya'ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida – mo''tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hayotlari ham mo''tadillikka asoslangan edi. U zot hech qachon ummatlarini og'ir mashaqqatli ibodatlarga buyurmas, balki ba'zi amallar ummatga farz bo'lib qolishidan xavf qilib, u amallarni gohida tark qilardilar. U zotning sunnatlari oson va engil, mashaqqatsiz bajariladigan amallar edi. U zot alayhissalom ummatining eng zaif toifalarini ham e'tiborga olib yo'l tutardilar. Zaif toifalardan sog'lom, kuch-quvvatga to'lganlarning vazifalarini talab qilmasdilar. Mo''tadillik mavzusida U zot shunday deydilar:
إنَّ الدِّينَ يُسْرٌ، وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إلا غَلَبَهُ
رواه الامام البخاري عن أَبي هريرةَ رضي الله عنه
ya'ni: “Albatta din osondir. Kimki undachuqur ketsa, din uni mag'lub qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ya'ni odam o'zini haddan ortiq qiynab, farz va sunnatlardan tashqari toqatidan ortiq ibodatlarga majburlasa, oxirida malollanib, ojiz qolib hammasini tashlab qo'yadi.
Payg'ambarimiz alayhissalom dinda g'uluvga ketishdan ogohlantirib shunday deydilar:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِيَّاكُمْ وَالْغُلُوَّ فِي الدِّينِ فَإِنَّهُ أَهْلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ الْغُلُوُّ فِي الدِّينِ
ya'ni: “Ey, odamlar! Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo'linglar! Chunki sizdan avvalgilarni dinda haddan oshish halok qilgan” (Ibni Moja rivoyatlari).
Quyidagi hadisi sharif ham mo''tadillikka yaqqol misoldir: “Uch kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamning uylariga kelib, biri: “Men tuni bilan namoz o'qiyman”, dedi. Keyingisi: “Har kuni ro'za tutaman”, dedi. Oxirgisi: “Men hech qachon uylanmayman”, dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Allohga qasam, men sizlardan ko'ra taqvodorroqman. Lekin men ro'za ham tutaman, iftor ham qilaman (ro'za tutmagan kunim bo'ladi), kechasi namoz ham o'qiyman, uxlayman ham va uylanaman. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o'girsa, u mendan emas”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Dinda haddan oshishning yana bir ko'rinishi musulmonlarni o'zidek fikrlamagani yoki o'ziga qo'shilmagani uchun kofirga chiqarishdir. Bu holat Islomning avvalidan yuzaga chiqqan va hozirgacha etib kelayotgan katta musibatdir. Takfirchi jamoatlar ko'pchilik musulmonlarni kofir sanab, ularning qonini halol sanashdi. Natijada musulmonlarga qarshi urush ochib, ularning qonini to'kishdi. Oxiri o'zlari ham mag'lub bo'lgan bo'lsalarda, ijtimoiy tarmoqlarda in qurib olib, turli g'uluvga yo'g'rilgan fatvolarni chiqarib turishibdi. Bu ularning aynan biz o'rganayotgan mavzu – mo''tadillik masalasini bilmasligi yoki bilishni xohlamasligi sabablidir. Afsuski, ularning ana shunday botil fatvolariga amal qiladigan, ularga ergashadigan, aldangan musulmonlar topilib turibdi. Ularga quloq solib, fitna o'choqlariga borganlarning pushaymon bo'lib musulmonlarga murojaat qilayotganini eshitib turibmiz. Ular internetdagi qo'shtirnoq ichidagi fatvo berayotganlarning aldovga mutlaqo ishonmaslik kerakligi, voqe'likda esa holat ular aytganidek emasligini aytmoqdalar. Vaqt o'tishi bilan takfirchi to'dalarning aldov va jinoyatlari xalqqa yanada ko'proq oshkor bo'ladi. Alloh taolo bunday adashishdan o'zi asrasin! Bu o'rinda haddan oshish shuki, musulmon kishi dinga qaysi yo'l bilan kirib kelgan bo'lsa, o'sha yo'l bilan undan chiqadi. Ya'ni, u islomga imon keltirib kirib keladi. Faqat va faqat ana shu imonidan qaytsagina dindan chiqadi. Lekin kimlarnidir fikriga, g'oyasiga yoki Islom olamida tan olinmagan “hijrat va jihodi”iga qo'shilmagani uchun kofir bo'lib qolmaydi.
Alloh taolo barchamizni o'zi maqtagan “o'rta ummat” safiga qo'shsin! Har sohada mo''tadillikka amal qilib, ikki dunyo saodatiga etishni muyassar qilsin! Omin!
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan