Mazhabsizlik – Islom dinida shar'iy masalalarda umum tan olingan to'rt fiqhiy mazhablarga ergashishni rad etish. “Mazhab” so'zi arabchada “yo'l”, “yo'nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo'yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo'li” ma'nolarini bildiradi.
Mazhabsizlik tarafdorlari da'vosiga ko'ra, Islomda fiqhiy mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan. Go'yoki mazhabga ergashgan musulmonlar ko'r-ko'rona taqlid qilgani uchun adashadi. Islomga amal qilish asosida faqat Qur'on va sunnat turishi lozim. Mazhablar esa go'yoki kitob va sunnat ta'limotidan ko'ra, mazhabboshilarning ijtihodlariga taqlid qilinishiga o'xshaydi.
Mazhabsizlik tarafdorlari o'zlarini bir qancha turli nomlar bilan ataydilar: salafi solihlarga ergashish da'vosi bilan “salafiylar”, sahih hadisga ergashish da'vosi bilan “ahli hadislar”.
Ta'kidlash joizki, Nabiy alayhissalom hayotlik davrlarida sahobalar muayyan shar'iy masala chiqib qolsa, u zotning o'zlariga murojaat qilib, echimini topganlar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so'ng sahobalar shar'iy savollar bo'yicha mujtahid darajasida bo'lgan sahobalardan fatvo so'raganlar. Tobeinlar sahobalar tutgan yo'lni tutib, mujtahidlarga ergashganlar.
Tobeinlar davrida ijtihodiy omillar sabab ikki asosiy maktab – ray' va hadis maktabi shakllangan. Bu ikki maktabda yigirmaga yaqin mazhablar shakllanib, ulardan to'rttasi: hanafiylik, hanbaliylik, molikiylik, shofeiylik saqlanib qolgan va Islom diyorlariga tarqalgan. Mazhablarning muayyan masaladagi qarashlarining turlicha ekani o'zaro kelisha olmasliklaridan emas, balki bir-birlarini to'ldirishlari bilan izohlanadi. Tarix nuqtai nazaridan qaralsa, bu to'rt mazhab ham bir-biri bilan bog'liq, mazhab asoschilari o'zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo'lganlar. Shuningdek, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o'ziga xos ilmiy yo'nalishi bo'lgan.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335–1393): “Ko'plab mazhablar orasida faqat to'rttasining saqlanib qolgani, asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo'lgan”, deb yozgan (“To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta'kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik Islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala Islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari,
qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini hisobga olgan holda, eng ma'qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar'iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid) mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta'kidlaydilar. Bunga Qur'ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “...Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so'rang” (Nahl surasi, 43-oyat). Ulamolar oyat Kitob va sunnatga qaytish shaklida emas, balki ahli zikrlarga ergashishlikka buyurish ko'rinishida nozil bo'lganiga e'tibor qaratadilar.
Mazhablarda Qur'on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o'ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo'lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo'q bo'lib, “Qur'on va sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da'vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra'yiga va nafsiga to'g'ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma, musulmonlar orsida ko'plab noto'g'ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlik tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da'volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar: “Qur'on bitta va Payg'ambar bitta bo'lsa, to'rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, Haq bitta emasmi?” deydilar. Mazhablar bir manba – Qur'on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur'on va sunnatga ergashgan bo'ladi;
– mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo'lgan”, deb dalil keltiradilar. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o'xshash ilmi ijtihod darajasiga etgan, o'zi ijtihod qilganlar ko'p bo'lgan. Barcha ulamolar “Ilmi mujtahidlikka etgan odam, o'zi ijtihod qiladi”, deganlar. Hozirda esa o'sha davrdagi kabi mujtahidlar yo'q ekanini hisobga olmaydilar;
– mazhabsizlarning yana bir ko'rinishi – mazhablarni bir-biriga qorishtirishdir. Ular “Qaysi mazhabning dalili kuchli bo'lsa, o'shani olamiz”, deyishadi. Buni ulamolar “harom amal” deb sanashgan. Vaholanki, mujtahid “sahih” deb amal qilgan hadisni ulardan keyin kelganlar “zaif” deya olmaydi. Chunki keyin kelganlar avval o'tganlarga o'zlarining
qoidalari bilan hukm qila olmaydi;
– mazhabsizlik tarafdorlari jamoaviy farz namozidan keyin masjiddan chiqib ketadilar. Buni go'yoki “namozdan keyingi zikrlarni Muhammad alayhissalom jamoat bo'lib qilmaganlar, yolg'iz qilganlar, biz sunnatga amal qilamiz” deb izohlaydilar. Vaholanki, namozdan keyingi zikrlarni jamoat bo'lib ado etish biror hadisda ochiq-oydin kelmagan bo'lsa-da, undan qaytariq ham sobit emas. Balki, juda ko'p hadislarda namozdan keyin masjidda zikr bilan mashg'ul bo'lishga targ'ib qilingan. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: “Allohni zikr qilayotgan bir qavm bilan ertalabki namozdan quyosh chiqqunicha birga o'tirishim menga Ismoil alayhissalomning avlodidan to'rt nafarini (qullik yoki qiyinchiliklardan) ozod qilishimdan ko'ra sevimliroqdir. Allohni zikr qilayotgan qavm bilan birga asr namozidan to quyosh botguncha birga o'tirishim to'rt nafar (inson)ni ozod qilishimdan sevimliroqdir” (Imom Abu Dovud, 3667-hadis).
– muhimi, bemazhablar namozni va boshqa barcha ibodatlarni fiqhiy mazhablardan boshqacha tarzda taqdim qila olmaydilar. Balki o'zlari ham ushbu mazhablar asosida ta'lim olganlar. Ammo, keyinchalik, Qur'on va sunnatdan o'zlaricha yangi hukmlar chiqarishga o'tib, ixtiloflarga sabab bo'lmoqdalar.
Ulamolar mazhabdan yuz o'girish salafi solih yo'lidan yuz o'girish bo'lib, shubhasiz, adashishga olib borishi haqida ogohlantiradi. Zero, to'rt mazhab paydo bo'lgandan keyin Islom olami tan olgan zabardast olimlarning barchalari to'rt mazhabdan biriga ergashganlar.
Taassufki, mazhabsizlik tarafdorlari jamiyatda ixtilof chiqarish bilan shug'ullanib, aslida Islom madaniyati va ta'limoti rivoji uchun hech qanday hissa qo'shayotganlari yo'q. Hususan, hozirga qadar masjid yoki madrasa qurishga yordam berish, diniy mavzu haqida birorta kitob yozish, ehtiyojmand madrasa talabalariga yordam ko'rsatish kabi xayrli ishlarga mutlaqo aralashmaydilar ham.
Aksincha, Qur'on va sunnatdan o'zboshimcha yangi hukm chiqarish, musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to'kishni halol hisoblash, bog'iylik (hukumatga qarshi chiqish), vahima uyg'otish va fitna qo'zg'ash, obod joylarni vayron qilish kabi Islomda qat'iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo'lmoqdalar. Bu borada Shayx Muhammad Said Ramazon Butiyning: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir” nomli kitobi juda ahamiyatlidir.
Shunday ekan, bir mazhabni mahkam ushlab, unga amal qilish Nabiy alayhissalom va sahobai kiromlar tutgan yo'lda yurish bilan barobardir.
Diniy-ma'rifiy suhbatlar
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati