Ibrohim alayhissalom Allohning rahmatini olovda topdi, qavmi uni olovga uloqtirganda Alloh olovga: “Ibrohim uchun sovuq va salomatlik bo'l”, deb buyurdi, shunda olov Ibrohim alayhissalomga Allohning rahmati bo'ldi.
Yusuf alayhissalom Allohning rahmatini qamoqda, mahbuslikda topdi. Hamma ne'matlar qamoqqa tushgani sababli bo'ldi. Qamoqda bir necha yil o'tirgandan so'ng Misr hokimi uni o'z huzuriga chaqirib oldi va mavqei tobora oshib, oxiri Misrga hokim bo'ldi.
Yunus alayhissalom Allohning rahmatini ulkan baliqning ichida topdi. Baliq yutib yuborishi aslida hayot tugashini bildiradi, lekin Yunus alayhissalomda aksincha, yangi hayot boshlandi.
Muso alayhissalom uchun dengiz Allohning rahmati bo'ldi.
Kahf ashoblari uchun g'or Alloh taoloning rahmati bo'ldi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun Savr g'ori Allohning rahmati bo'ldi.
Bu sanab o'tilgan narsalar aslini olganda odamga zarar beradigan yoxud foydasizdek ko'rinadigan narsalardir. Lekin Alloh taolo aynan shu narsalar orqali rahmatini, ne'matini ato etdi.
Shu singari boshqa barcha eshiklarni qo'yib, Allohning eshigini qoqqan barcha mo'minlar ham Allohning rahmatiga albatta sazovor bo'ladilar.
Alloh Maryamga O'zining ne'matlarini yog'dirdi. Holbuki u odamlardan uzoq joyda edi. “Bas, unga homilador bo'ldi. So'ngra, u bilan uzoq makonga chetlandi”(Maryam surasi, 22-oyat).
Demak, odamlarning yordamidan, sizga tirgak bo'lishidan qancha uzoq bo'lsangiz ham, Robbingiz ne'matlari va rahmatlaridan aslo uzoq bo'lmaysiz!
Singan qalbimizni davolaydigan Zot faqat Allohdir!
Ishlarimizni o'nglab beruvchi Zot faqat Rahmondir!
Ko'z-yoshlarimizni aritadigan Zot Yagona Robbimizdir!
Qalbingiz sinib, qattiq mahzunlikni o'zingizda his etsangiz, Jabbor (malham beruvchi) bo'lgan Allohdan sizga malham berishini so'rang!
Og'rig'ingiz qanchalik ortsa, Allohning malhami ham ortadi!
Lekin Allohning rahmatini qarangki, gunohimiz qancha ko'payib ketsa ham azobini orttirmaydi, aksincha rahmatini keng ochib qo'yadi: “Rahmatim hamma narsadan keng bo'ldi”(A'rof surasi, 156-oyat).
Gunoh ham shu hamma narsaning ichiga kiradi. Demak, Allohning rahmati hamma gunohlarimizdan ham keng ekan, tavba qili Unga yuzlansak kechirar, rahm qilar ekan!
Qanchadan-qancha ne'matlar bandaning nonko'rligi tufayli baloga aylanadi!
Qanchadan-qancha mashaqqat va qiyinchiliklarga banda sabr qilsa, ular ne'matga aylanadi! Aniqrog'i Alloh uni ne'matga aylantiradi.
Alloh taolo “G'afur” (o'ta mag'firatli) ismini “Vadud” (yaxshi ko'ruvchi, mehribon) ismi bilan birga keltiradi: “U o'ta mag'firatli va yaxshilikni ravo ko'ruvchi Zotdir”(Buruj surasi, 14-oyat).
Bundan ma'lum bo'ladiki, Alloh taolo tavba qilgan bandasining gunohini kechirish bilan kifoyalanmas ekan, uni yaxshi ko'rar va mehribonlik qilar ekan!
Siz Robbingiz tomon qo'lingizni cho'zsangiz, Uning ne'mati naqadar go'zaldir! Shu darajada ajoyibki, amri mahol deb o'ylagan ishingiz ham ro'yobga chiqadi! Siz Allohga yolvorib qo'lingizni cho'zar ekansiz, Alloh qo'lingizni quruq qaytarmaydi, U o'ta saxovatli Zot!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.