Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

28.01.2022 y. Islomda omonatdorlik va va'daga vafo fazilati

26.01.2022   3852   19 min.
28.01.2022 y. Islomda omonatdorlik va va'daga vafo fazilati

 ISLOMDA OMONATDORLIK VA VA_''DAGA VAFO FAZILATI

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, omonatdorlik va va'daga vafo qilish chin mo'minlik belgisi va uning asosiy sifatidir. Omonatning turlari ko'p bo'lib, saqlab turish uchun ma'lum muddatga berilgan moddiy va ma'naviy narsalar omonatdir. Insonga berilgan hayot ne'mati, muborak jismi-joni ham – Alloh tomonidan berilgan omonatdir. Barcha go'zal xulqlarda bizga o'rnak va namuna bo'lgan suyukli Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam omonatdorlik va va'daga vafo qilish bobida ham bizga namuna bo'lganlar. Ul zoti sharif rostgo'yliklari, birovlarning haqqiga xiyonat qilmasliklari, va'dalariga vafodorliklari tufayli “al-Amin”, ya'ni “omonatdor, ishonchli odam” degan sifatni olganlar.

Alloh taolo Qur'oni kirimning bir nechta joylarida bandalarini omonatdor bo'lishga buyurgan. Jumladan:

 إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الْأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا

ya'ni: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingizga buyurar” (Niso surasi 58-oyat).

Alloh taolo boshqa oyati karimada dunyo va oxiratda najot topgan kishilarning sifatini bayon qilish asnosida shunday marhamat qilgan:

 وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ

ya'ni: Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro bog'lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar (Mu'minun surasi 8-oyat).

Omonatdorlik va va'daga vafo qilish, xiyonat qilmaslik yakka shaxslar hamda jamoalar o'rtasida o'zaro ishonch rishtalarining mustahkamlanishi va hamkorlik barqaroligining asosidir. Bunday mo'minlarga xos sifatlar oradan yo'qolsa, kishilar bir-biriga ishonmay qo'yishadi. Oqibatda ular o'rtasidagi ishonch, mehr-oqibat va insoniylikka putur etib, yolg'onchilik hamda aldov kuchayib, mustahkam jamiyat inqirozga yuz tutadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir qancha hadisi shariflarida omonatdorlik va va'daga vafo qilishga buyurganlar. Jumladan,

﴿أَدِّ الْأَمَانَةَ إِلَى مَنْ اِئْتَمَنَكَ، وَلاَ تَخُنْ مَن خَانَكَ

(رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Omonat bergan kishiga omonatini qaytaring! Sizga xiyonat qilgan kishiga siz xiyonat qilmang!” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Demak, dinimizda xiyonat qilgan kishiga ham omonatdorlik bilan muomala qilinadi, aslo, xiyonatkorning darajasiga tushib, u bilan teng bo'lib, gunohkor bo'lishga ruxsat berilmaydi.

Islom tarixidan ma'lumki, Makka mushriklari Rasulullohning jonlariga qasd qilishni reja qilgan paytlarida Rasulimiz alayhissalom Alloh taoloning izni bilan Madinaga ketmoqchi bo'ladilar. Madinaga ketishdan oldin mushriklarning shuncha zulm va xiyonatlariga qaramasdan ularning omonatlarini topshirish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolibning oldiga borib, odamlarning omonatlarini egalariga topshirish uchun Makkada qolishini buyurdilar. Hazrati Aliy raziyallohu anhu barcha omonatlarni egalariga topshirib keyin Rasulimiz alayhissalomga ergashadilar.

Mana shu holatni o'zi bizga katta dars va namuna hisoblanadi.

Omonatni saqlab, uni chiroyli holatda egasiga qaytargan kishiga jannat va'da qilingan. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

 اِضْمَنُوا لي سِتًّا مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَضمَنْ لَكُمُ الجَنَّةَ: اُصْدُقُوا إِذَا حَدَّثتُم، وَأَوفُوا إِذَا وَعَدْتُم، وَأدُّوا إِذَا ائْتُمِنْتُمْ، وَاحْفَظُوا فُرُوجَكُم، وغُضُّوا أَبْصَارَكُم، وكُفُّوا أَيْدِيَكُمْ

(رواه الإمام أحمد عن عبادة بن الصامت رضي الله عنه)

ya'ni: “Sizlar menga o'zlaring tarafdan oltita narsaga kafolat bersangiz men sizlarning jannatga kirishingizga kafolat beraman. Gapirganda rost gapiringlar! Va'da berganda vafo qilinglar! Omonat berilsa salomat qaytaringlar! Jinsiy a'zolaringni haromdan saqlanglar! Ko'zlaringizni haromdan tiyinglar! Qo'lingizni (zulmdan) tiying!” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislaridan birida:

 إِذَا حَدَّثَ الرَّجُلُ بِالْحَدِيْثِ ثُمَّ اِلْتَفَتَ فَهُيَ أَمَانَةٌ 

(رواه الإمام الترمذي عن جابر رضي الله عنه)

ya'ni: “Birov senga bir kalima aytib, so'ngra atrofga qarab qo'ysa, bilginki, shu so'z omonatdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ushbu hadisdagi holat omonat bo'lgandan keyin, hozirgi kundagi “bu gaplarim sizga omonat, birovga aytmang”, deb ochiq-oydin omonat so'zlar aytilganda, uni saqlamasdan boshqalarga oshkor qilish – omonatga xiyonat qilish hisoblanadi. Vaholanki, hadisi sharifda:

 لاَ إِيْمَانَ لِمَنْ لاَ أَمَانَةَ لَهُ، وَلاَ دِيْنَ لِمَنْ لاَ عَهْدَ لَهُ 

(رواه الإمام أحمد عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Omonatdor bo'lmagan kishida (komil) imon yo'q. Va'dasiga vafo qilmaydigan kishida (komil) din yo'q”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, mo'minlik sifatini o'zimizda mujassam qilishimiz uchun qanday omonat bo'lmasin, uni ado qilishimiz va bergan va'dalarimizni ustidan chiqishimiz lozim. Aks holda munofiqlik alomati bizda topilib qoladi, Alloh saqlasin! Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

آيَةُ المُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وإذَا وعَدَ أخْلَفَ، وإذَا اؤْتُمِنَ خَانَ

متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه 

ya'ni: “Munofiqning uchta alomati bor. So'zlasa, yolg'on gapiradi, va'da bersa, xilof qiladi va omonat qo'yilsa, xiyonat qiladi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Demak, munofiqlikning birinchi belgisi yolg'onchilik ekan. Yolg'onchilik katta gunoh ekanini bilib turib, ba'zilar yolg'on gapiraveradi. Oddiy misol: “Dadam uyda yo'q edilar, deb qo'y”, – deydi. Bunday tarbiya oqibatida farzandlarimiz kichikligidan yolg'onni o'rganib voyaga etyapti.

Yoki odamlarni turli yo'llar bilan aldab, firibgarlik qilib mol topayotganlar ham oramizda yo'q emas. Vaholanki, Safvon ibn Salim raziyallohu anhudan quyidagi hadisni rivoyat qilinadi, “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan so'raldi: “Mo'min kishi qo'rqoq bo'lishi mumkinmi?” “Ha”, – dedilar. “Mo'min kishi baxil bo'lishi mumkinmi?” “Ha”, – dedilar. “Mo'min kishi yolg'onchi bo'lishi mumkinmi?” “Yo'q”, – dedilar. Shunday ekan, yolg'on gapirish bizu siz mo'min musulmonlarga aslo mumkin emas.

Munofiqlikning ikkinchi belgisi va'da bersa, bajarmaydi. Afsuski, keyingi paytlarda ana shunday va'dabozlik, so'zda turmaslik va subutsizlik tobora kuchayib bormoqda. Qop-qop va'dalar berilib, ularga vafo qilish haqida e'tiborsizlik kuchaymoqda. Aqlli, tuppa-tuzuk kishi bilan, falon joyda, falon soatda uchrashamiz, deb shartlashasiz-u, kerak bo'lsa, belgilangan joyda kamida bir-ikki soat kutasiz, undan esa darak yo'q.

Ishingni falon kuni bitkazib beraman, xavotir olma deb, o'sha zahoti unutadi. Siz bo'lsa, kutaverasiz va yana kutaverasiz.

Farzandiga, falon ishni qilsang, buni olib beraman, deb va'da beradi-yu, vafo qilmaydi.

Turli bahonalar bilan qarz olib, falon kuni beraman deb, va'dasini ustidan chiqmasdan, pul berganni sarson va qarz berganiga pushaymo qilayotganlar yo'q emas. Turli shartnoma va bitimlarga imzo chekib yoki nasiyaga bir narsa sotib olib, ma'lum muddatga ahdlashib, uni vaqtida bermay yurganlar talaygina. Vaholanki, va'daga vafo qilmaslik – katta va og'ir gunoh. Bunday kimsalarga Alloh taolo xitob qilib bunday degan:

 الَّذِينَ عَاهَدْتَ مِنْهُمْ ثُمَّ يَنْقُضُونَ عَهْدَهُمْ فِي كُلِّ مَرَّةٍ وَهُمْ لَا يَتَّقُونَ

ya'ni: “Ularning ichida Siz bilan ahdlashgandan so'ng, taqvosizlik qilib, har gal ahdlarini buzaveradiganlari bordir” (Anfol surasi 56-oyat).

Munofiqlikning uchinchi belgisi omonatga xiyonat qiladi. Har bir kasb o'z egasi uchun omonatdir. Inson bir kasbni o'rgandimi, endi shuni yaxshi ishga solib, shu orqali xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishi kerak. Agar u o'z kasbiga nisbatan loqayd, beparvolik qiladigan bo'lsa, kasbiga qo'l uchida yondoshadigan bo'lsa, kasb omonatiga xiyonat qilgan bo'ladi.

Demak, va'daga vafo qilmagan va omonatga xiyonat qilgan shaxs – yuqorida zikr qilingan va bulardan boshqa oyati karima va hadisi shariflarga amal qilmagan kishi hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

       يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَخُونُوا اللَّهَ وَالرَّسُولَ وَتَخُونُوا أَمَانَاتِكُمْ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qo'ygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!” (Anfol surasi 27-oyat).

Ushbu oyati karimani tafsir qilgan ulamolarimiz aytadilarki, Alloh taolo farz qilgan amallarni bajarish, qaytargan ishlaridan qaytish va Payg'ambarimiz alayhissalomning sunnatlarida bardavom bo'lish – Alloh va Rasulining omonatini ado qilish va ularga xiyonat qilmaslik hisoblanadi.

Azizlar! Bizga berilgan omonatlar juda ko'p. Tirikligimiz va hayot bizga vaqtincha berilgan omonatdir. Sog'lik-salomatlik bizga berilgan ulkan omonat. Vaqt omonat, farzand omonat, tinchlik omonat. Bu omonatlarni o'z o'rnida ishlatishimiz, ularga zarracha xiyonat qilmasligimiz kerak. Berilgan umrni solih ishlarga sarf etishimiz, salomatligimizning qadriga etishimiz, vaqtdan unumli foydalanishimiz, o'zimizdan yaxshi nom qoldirishga harakat qilishimiz, farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalash payidan bo'lishimiz, tinchligimizni asrab-avaylashimiz, tinchlik ishiga beparvo bo'lmasligimiz kerak.

Ali raziyallohu anhu: “Omonatni ado qilish rizqning kalitidir” deganlar. Demak, rizqimiz keng bo'lishini xohlasak, omonatga xiyonat qilmay, uni chiroyli ado qilishimiz kerak.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu shahar tashqarisiga chiqqanlarida bir cho'ponning qo'y boqib yurganini ko'rdilar. Uning oldiga borib, “Qo'ylaringdan bittasini sotmaysanmi?” – deb so'radilar. Shunda cho'pon: “Men qulman. Bu qo'ylar xo'jayinimniki”, – deb javob berdi. Hazrati Umar uni sinamoqchi bo'lib: “Bo'ri eb ketdi”, deb qo'yaverasan”, – dedilar. Haligi cho'pon: “Bo'ri eb ketdi deb xo'jayinimni aldashim mumkin. Ammo Allohnichi?!” dedi. Bu quldagi omonatdorlikni ko'rgan hazrati Umar raziyallohu anhu uni xojasidan sotib olib, ozod qildilar.

Bir ulug' zot otning ustida Qur'on o'qib ketayotgan edi. Ustidagi to'ni tushib ketganini sezmadi. Ancha masofa bosib o'tilgandan keyin qarasa, ustidagi to'ni yo'q. Otdan tushib, ortga to'nni izlab ketdi. Shunda sheriklari “Otga minib, borib kelmaysizmi? Tayyor ot turibdi-ku!” deyishdi. Shunda u zot: “Men bu otni egasidan bir tomonga minishga ijaraga olganman. Agar ortga ham minsam, omonatga xiyonat qilgan bo'laman”, – deb javob berdi. Bu kabi rivoyatlardan juda ko'p keltirish mumkin.

Hulosa qiladigan bo'lsak, imonimiz va dinimiz komil bo'lishi uchun hamda munofiqlik alomatlaridan xalos bo'lish maqsadida har birimiz omonatdor va va'daga vafo qiladigan solih va taqvodor kishilar qatorida bo'laylik!

Azizlar! Kuni kecha, yurtimizda kutilmagan holat yuz berdi. Qozog'iston davlatida yuz bergan nosozlik sababli O'zbekiston va Qirg'izistonda ham elektr energiyasi uzilib qoldi. Tabiiyki, elektr energiyasiga bog'liq ko'p sohalar: aholiga suv etkazib berish, uylarni isitish tizimi, gaz etkazib berishga ham bu narsa ta'sir qildi. Garchi bu holat ko'p davom etmagan bo'lsada, ba'zi birlarda vahimaga tushish, mish-mish tarqatish, elektr energiyasi yo'qligi sababli talab ko'paygan mahsulotlarning narxini darhol, asossiz oshirish holatlari ko'zga tashlandi. Ayniqsa, qiyinchilik va sinovli kunlarda non, ichimlik suv, oziq-ovqat kabi xalqning kunlik ehtiyoji tushadigan mahsulotlarning narxini sun'iy ko'tarish – insofsizlik, qiyin ahvoldagi musulmonlardan foydalanib qolish va musulmon kishiga aslo to'g'ri kelmaydigan ishdir.

Albatta, hayotda ommaviy ravishda kutilmagan qiyinchilik va sinovlar uchrab turishi mumkin, hatto yaqin yillarda bundanda og'ir pandimeya, karantin sinovlarini ham boshimizdan o'tkazdikku!

Bir kunlik sinovda shuncha vahimaga tushilsa, bundan “tadbirkorlar” nochor va qiynalganlar izidan foyda ko'rishga harakat qilsa, Alloh saqlasin, bu holat uzoqroqqa cho'zilsa, nima bo'ladi!? Axir biz taqdirga imon keltirganmiz-ku! Rizq Alloh taolodan ekaniga imonimiz bor-ku! Qur'oni karimda bu mavzuda shunday marhamat qilinadi:

 وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ إِلاَّ عَلَى اللّهِ رِزْقُهَا وَيَعْلَمُ مُسْتَقَرَّهَا وَمُسْتَوْدَعَهَا كُلٌّ فِي كِتَابٍ مُّبِينٍ

ya'ni: “Yer yuzida o'rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir” (Hud surasi 6-oyat).

Nega sinov paytida ana shu imonimiz talab qilganidek ish tutmaymiz?! Nega ushbu oyatga binoan “Rizqimni Alloh beradi” deb harakatlanmaymiz?!

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Eng yaxshi kasb savdogarlikdir. Agar savdogar yolg'on gapirmasa, omonatga xiyonat qilmasa, va'daga xilof etmasa, sotib olayotgan narsalarini maqtamasa, (haddan ortiq) qimmatga sotmasa, zimmasidagi haqni berishni cho'zmasa va o'z haqlarini olishda ham qo'pol bo'lmasa”, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlar).

Demak, savdogarlar halol, omonatdor, yaxshi inson bo'lishlari uchun ushbu hadisda aytilgan narsalarga amal qilishlari, jumladan, mahsulotni haddan ortiq qimmat sotmasliklari lozim bo'ladi.

Musulmonlarning ehtiyoji tushib turganda, ularga engillik qilib berish o'rniga asossiz qimmatlashtirish yoki yanada qimmatroq sotish maqsadida ushlab turish gunohdir. 

Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kim musulmonlar narxlariga kirishib, ularga qimmatchilik keltirish uchun harakat qilsa, Alloh uchun uni qiyomat kuni katta olovga tashlamog'i haq bo'ladi” deganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Mana shunday sinovli kunlar odamlarga yordam qilish, ehson qilish, savob olishning ayni vaqtidir. Chunki kengchilik kunlari hamma ham ehson qila oladi, lekin qiyinchilikda bu ishlar hammaning qo'lidan kelmaydi.

Umar raziyallohu anhu xalifalik davrida Madina ahliga qattiq ocharchilik etdi. Odamlar nihoyatda qiyin ahvolda qoldi. Shu kunlarda tirikligidayoq jannat bashorati berilgan sahoba Abdurrohman ibn Avf raziyallohu anhuning katta karvoni oziq ovqatlar bilan Madinaga kirib keldi. Savdogarlar u zotga ikki, uch va undanda ko'p barobar foyda berishni taklif qildilar. Lekin u zot fursatni g'animat bilib, odamlarga rahm shafqat qilib, biriga etti yuz barobar ajr beradigan Alloh taolo yo'liga ehson qildilar. O'sha kecha biror kishi och qolmadi.

Mana shunday ulug' zotlar bizga chiroyli o'rnak bo'lishi kerak. Qiyinchilik paytlarda marhamatli bo'lib, pul ishlashdan ko'ra ko'proq savob ishlash harakatida bo'lishimiz kerak.

Hulosa qiladigan bo'lsak, eng og'ir pandimeya va karantin paytlarida birdam, ahl-inoq bo'lib, barchamiz bir yuqadan bosh chiqarib, joriy qilingan tartib qoidalarga rioya qilganimiz uchun og'ir sinovli kunlardan o'tib oldik. Hozirgi kundagi elektr energiyasiga bog'liq muammolarda ham birchamiz bir tanu jon bo'lib, bir-birimizni qo'llab-quvvatlab tursak, inshaalloh bunday sinovli kunlardan tezda o'tib olamiz va farovon hayotimizni davom etamiz.

Alloh taolo barchamizni turli ofat-sinovlardan asrab, yurtimizni tinch, xalqimizni farovon qilib, barchamizga ikki dunyo saodatini nasib qilsin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘jiza sotib olaman

26.12.2024   61   4 min.
Mo‘jiza sotib olaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi. 
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.

Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.

Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.

“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.

Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.

“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.


Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:

Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi. 
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolaning videolavha shakli
 

Maqolalar