frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan!

26.01.2022   2692   7 min.
Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan!

Hayotimiz bir tekisdan iborat emas: shodu xurram, farovon turmushimiz bilan bir qatorda ba'zan ayrim qiyinchiliklar ham bo'lib turishi tabiiy hol. Ana shunday qiyin damlarda Buyuk Rabbimizga ko'proq tavba va istig'forlar aytishimiz kerak.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat etganda: «“Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o'shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag'firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir» (Baqara surasi, 155—157-oyatlar).

Habaringiz bor, kuni kecha butun respublikamiz bo'ylab elektr energiyasidan uzilishlar kuzatildi. Bu holatni internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlar har xil talqin qilishdi. Kimdir asossiz gaplar tarqatib, odamlarning vahimaga tushishiga ham sabab bo'ldi.

Aslida, haqiqiy mo'min kishi har qanday holatda ham Alloh taoloning yuqorida zikr etilgan oyati karimasini unutmasligi, dinimiz talablariga qat'iy rioya qilishi shart. Kim nima desa, ishonib ketaverish bizga yarashmaydi.

Musulmon kishi biror masala chiqsa: «Falonchi nima debdi, pismadonchi-chi?» deb emas, balki Alloh taolo va Uning Rasuli sollallohu alayhi va sallam aytganlarini o'ziga hujjat qiladi.

Bejiz So'fi Olloyor bobomiz:

Dema, tutdim falon buzruk ishini,

Ko'ra qo'yma nabiyning qilmishini, demaganlar. Shu bois biror narsani eshitsak, o'qisak yoki ko'rsak, avvalo, doimiy va asosiy manbaimiz – Qur'oni karim va hadisi shariflarga murojaat qilishimiz kerak. Bu muqaddas va muborak manbalar, mana, 15 asradan beri insoniyatga ma'naviy, ruhiy mayoq bo'lib kelmoqda.

Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).

Mug'ira ibn Shu'ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ... mish-mishlar tarqatish, ko'p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko'radi”,  dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo'lishiga kifoya” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan.

Kecha chiroq o'chishi bilan har xil asossiz gaplar, xususan, “uch kun svet bo'lmas ekan”, “Svet bo'lmagandan keyin suv ham bo'lmaydi. Shuning uchun bir haftaga etadigan nonni, suvni, shamni g'amlab olish kerak”, mazmundagi so'zlar tarqala boshladi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bunday xabarlarni o'qigan kishilar oziq-ovqat va boshqa zarur ashyolarni xarid qilishga tushib ketdi. Vaziyatdan unumli foydalanishni ko'zlagan “uddaburon tadbirkorlar” suv, non va shamlarning narxlarini ikki-uch barobarga ko'tarib yuborishdi.

Aslida, Alloh taolo marhamat qiladi: “Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul mahfuz)da (yozilgan)dir” (Hud surasi, 6-oyat).

Kecha elektr energiyasida kuzatilgan uzilishlardan foydalanib, narxni sun'iy oshirib foyda ko'raman deyish musulmon kishiga aslo yarashmaydi. Axir, barchamiz mo'minmiz, musulmonmiz. O'z yurtdoshlarimizga, birodarlarimizga qanday zarar etkazishimiz yoki paytdan foydalanib, ularni ortiqcha xarajatlarga qo'yishimiz mumkin?!

Savdoda harom qilingan ishlardan biri ehtikor (monopoliya)dir. Ehtikor – narxni sun'iy oshirish degani. Narxni sun'iy oshirishda kim jabr ko'radi – xalq jabr ko'radi.

Ulamolarimiz – firibgarlik, qalloblik, tarozidan urish, sudxo'rlik, zo'ravonlik, qaroqchilik, monopoliya qilib olish, narxni sun'iy ravishda oshirish kabi barcha illatlarni shariatga xilof bo'lgan harom amallardan deganlar.

Muhtaram birodarlar!

Yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taolodan ekanini unutmaylik! Har xil vaziyatlar, holatlar sodir bo'lishi mumkin. Barchasiga sabr qilib, yurtdoshlarimizga, mo'min-musulmonlarga yordam qilishimiz zarur. Shunda Alloh taolo bizlardan rozi bo'ladi.

 

Jasurbek RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Muftiy hazrat anjumanda oila mustahkamligi va farzand tarbiyasiga oid muhim tashabbuslarni ilgari surdilar

03.09.2026   50674   2 min.
Muftiy hazrat anjumanda oila mustahkamligi va farzand tarbiyasiga oid muhim tashabbuslarni ilgari surdilar

Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan anjuman asosiy qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar. Shuningdek, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Misr Vaqflar vaziri Usoma Azhariy, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Al-Azhar shayxi vakili Shayx Ayman Abdulg‘aniy, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari doktor Abdurrahmon ibn Abdulloh az-Zayd va Abu-Dabi Islom ishlari raisi, doktor Umar Habtur ad-Dari’iy kabilar nutq qildilar.

Muftiy hazratlari muhokama qilinayotgan oila, ayollar huquqi va farzand tarbiyasi masalasi g‘oyat dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar. Xususan, turli mintaqalarda oila instituti inqirozga yuz tutayotgani, yoshlarning oila qurishga qiziqishi pasayib, ajrashishlar soni ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bu sinov butun insoniyat oldida turgan umumbashariy muammoga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan Muftiy hazratlari tomonidan bir qator dolzarb takliflar ilgari surildi:

 – Qo‘shma fatvo ishlab chiqish: ilmiy asoslangan hamda ilg‘or tajribalarni o‘zida jamlagan qo‘shma fatvo ishlab chiqish zarurligi ma’lum qilindi. Ushbu hujjatni turli tillarga tarjima qilib, OAV, raqamli platformalar, ma’rifiy tadbirlar va juma xutbalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish ta’kidlandi.

– Yoshlarni oilaga tayyorlash dasturlari: turmush qurish ostonasida turgan yoshlarning diniy, milliy va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan maxsus kurslar va psixologik-ma’rifiy maslahat dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

– Fatvo markazlari va OAV hamkorligi: milliy qadriyatlar va islomiy ta’limotlarni   yoshlarga zamonaviy, ta’sirchan usullarda yetkazish uchun fatvo markazlari bilan OAV o‘rtasidagi hamkorlik lozimligiga e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ham bayon qilindi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Muftiy hazratlari tomonidan ilgari surilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oila institutini mustahkamlash borasidagi ishlarga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati