Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurtida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari, bilim yurti o'qituvchilari, xodimlari, talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri Jalalatdin Abdurazakov, Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo'limi boshlig'i Adilbay Yerejepov, Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilotlari bo'limi boshlig'i Azat Bekjanov va boshqalar xalqaro huquqning umume'tirof etilgan printsip va normalariga asoslangan yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi avvalo, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g'oyalarini mustahkamlash, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko'p millatli mamlakatimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta'minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli hujjat ekanini ta'kidladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 noyabrdagi farmoyishiga binoan, bu yilgi Konstitutsiya bayrami “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shior ostida respublikamiz bo'ylab keng nishonlanmoqda.
Darhaqiqat, bosh qomusimiz mazmun-mohiyatida inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi, konstitutsiyamiz insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish, O'zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo'shni davlatlar bilan do'stona munosabatlarini hamkorlik, o'zaro qo'llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirish g'oyalari bilan sug'orilgan.
Jumladan, Konstitutsiyamizning 13-moddasida O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qo'yilgan bo'lsa, 33-moddasida har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga egaligi, 35-moddasida esa hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi alohida belgilab qo'yilgan.
Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyati, kiritilgan o'zgarishlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o'rta maxsus islom bilim yurti talabalari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD