So'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xalq orasida “Solixon domla” nomi bilan tanilgan, Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Ortiqxo'jayev Solixon Maxkamovichning internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Horazm viloyatida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizning e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.
Ushbu mavzuni muhokama qilayotgan yurtdoshlarimizning ayrimlari O'zbekiston musulmonlari idorasining mazkur masalaga o'z munosabatini bildirishini so'ramoqdalar.
Darhaqiqat, ayrim shaxslar, shu jumladan, diniy soha vakillarining ijtimoiy tarmoq yoki ma'raka-marosimlarda masalani chuqur o'rganmay, voqelikni hisobga olmay, urf-odat, qonun-qoidalarga e'tibor qilmay go'yoki fatvo sifatida aytayotgan gaplari, halol-haromga ajratayotganlari yoki fosiq-kofirga chiqarayotganlari O'zbekiston musulmonlari idorasini xavotirga solmoqda. Bunday o'ylanmagan chiqishlar jamiyatda muayayn savollarni, ayniqsa, ziyolilar qatlamlarida turli fikr-mulohazalarni keltirib chiqarmoqda.
Ta'kidlash zarurki, ilmga ega bo'lmay yoki masalani chuqur tahlil etmay, manbalarga tayanmay aytilgan har qanday gap, hatto uni ahli ilm aytgan bo'lsa ham, fatvo hisoblanmaydi hamda shar'iy kuchga ega emas.
O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimi vakillarining Islom dini ta'limotlarini jamiyatni birlashtirish yo'lida emas, aksincha keskinlik keltirib chiqarishga sabab bo'ladigan shaklda bayon qilishlari, aholi orasida noxush bahs-munozaralarga sabab bo'lishlarining oldini olish uchun o'zini mas'ul hisoblaydi.
Qayd etish lozimki, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning sha'ni va qadr-qimmatiga putur etkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo'luvchi chiqishlar qilmaslik talablari qat'iy belgilab qo'yilgan.
Shuningdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 2021 yil 30 noyabr' kuni chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro'sizlantirilishiga olib keladigan ma'lumot e'lon qilish O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo'lgan intizomiy chora ko'rilishi qayd etilgan.
Ta'kidlash joizki, Solixon domla Ortiqxo'jayev aholi, ayniqsa, Toshkent viloyati musulmonlari orasida hurmat-ehtiromga ega bo'lgani e'tiborga olingan holda, 2021 yilda O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimiga imom noibi vazifasiga rasman ishga qabul qilingan edi. Mazkur imom noibi xalqimizning diniy ehtiyojlarini qondirishga, taqvo, ilm-ma'rifat, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sunnat bo'lgan islomiy odob-axloq bilan samarali xizmat qiladi, deb umid qilingan edi.
Taassufki, o'tgan davr davomida Diniy idora Solixon domla Ortiqxo'jayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan to'y-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda to'laqonli ishlagani yo'q.
Eng asosiysi, Solixon domla O'zbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, ma'ruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi. O'tgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli ko'rsatma va tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, Solixon domla 2021 yilda o'zining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortildi.
Afsuski, Solixon domlaning so'nggi vaqtlardagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'ruzalari uning yuqorida qayd etilgan ogohlantirishlardan to'g'ri xulosa chiqarmaganidan dalolat bermoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatining ilk davridan jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, aholi orasida diniy omil asosida nizoli holatlar chiqishining oldini olish masalasini faoliyatning ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblaydi.
Shu bilan birga, diniy idora tizimi vakillari tomonidan muayyan ijtimoiy qatlamlarga mansublik yoki dinga bo'lgan munosabatidan kelib chiqqan holda jamiyatda mojaro va beqarorlik kelib chiqishiga sabab bo'ladigan xatti-harakatlar sodir etilishiga mutlaqo yo'l qo'yilmaydi.
Shu munosabat bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi joriy yilning 20 yanvar' kuni O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi asosida Solixon domla Ortiqxo'jayev bilan mehnat shartnomasini bekor qildi va vazifasidan ozod etdi.
Ta'kidlash joizki, ayrim shaxslarning ma'raka va marosimlarda, ijtimoiy tarmoqda shar'iy hukmlarga e'tiborsizlik ila fatvo berishlari o'zlari va o'zgalarni ham adashtirish hisoblanadi. Masalan, ba'zi holatlarda kuzatayotganimizdek, qanday qilib muayyan kasb egasini fosiq yoki kofirga chiqarish yoki katta bir hudud aholisiga ommatan haqoratmuz so'zlarni aytish mumkin? Axir ma'ruza qilayotgan shaxs tadbirga mana shu kabi fitnaga sabab bo'luvchi chiqishlar uchun taklif etilganmi?
Aksincha, voiz tinglovchilarning qadrini ko'tarib, ularda bor yaxshi xususiyatlarni eslatib, ularning qalbini ochishi kerakku! Nasihat qiluvchi o'z so'zlariga maxliyo bo'lib, o'zini go'yoki Alloh ato etgan yuqori va baland martabada turibman, deb o'ylamasligi, balki tanqid qilinayotgan shaxs, ehtimol, hozir yoki kelgusida undan fazilatli va Haq taologa yaqinroq bo'lishi mumkin ekanini esdan chiqarmasligi darkor.
Islom tarixida hech qachon fatvo berish vakolati bo'lgan olim-ulamolar keskin, fitna va nizolarga sabab bo'luvchi hukmlar chiqarmagan hamda bu kabi g'oyalarni targ'ib etgan emaslar. Zero, Alloh taolo marhamat qiladi: “(Ey Muhammad!) Rabbingizning yo'li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat eting! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling! ...” (Nahl surasi, 125-oyat).
Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimizga ma'raka va marosimlarni o'tkazishda ushbu tadbirlarning mazmuni va ruhiyatiga mos ravishda ma'ruza qilish salohiyatiga ega rasmiy imom-domlani taklif qilish uchun tuman va shahar bosh imom-xatiblari yoki hududdagi rasmiy masjid imom-xatiblaridan maslahat olishni tavsiya qilamiz.
Ayni vaqtda, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi 2736-Sh/KQ-592-Sh-sonli Qo'shma qarorida tasdiqlangan “To'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o'tkazilishini tartibga solish to'g'risidagi Nizom”ning 2-bob, 3-bandiga muvofiq, to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarda diniy mavzuda ma'ruza ko'zda tutilgan bo'lsa, ushbu ma'ruza diniy tashkilotning vakolatli vakili tomonidan o'qilishini eslatib o'tamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xalqimizni diniy sohadagi ehtiyojlarini to'liq qondirish uchun bor sa'y-harakatlarini amalga oshirib kelayotgan tizim xodimlarini yana bir karra shar'iy hukm berish mas'uliyati, ma'ruza va amru-ma'ruf odobi, islomiy va milliy axloq talablari, shuningdek, jamiyatdagi voqelik va ehtiyoj, milliy an'ana va urf-odatlarni doimiy ravishda yodda saqlash hamda kundalik faoliyatda va chiqishlarda ularga qat'iy amal qilishga chaqiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari