بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Hazrati Umar ibn Hattob raziyallohu anhu o'nta jannat bashorat berilgan buyuk sahobalarning biri, Hulafoi roshidinlarning ikkinchisi, Payg'ambarimiz alayhissalomning eng suyukli sahobalaridan biridirlar. U zotning to'liq ismlari Abu Hafs Umar ibn Hattob ibn Nufayl Al-Adaviy Al-Qurashiydir. Rasuli akram alayhissalom Umar ibn Hattob raziyallohu anhuni “Foruq” – “haq ila botilni ajratuvchi”, – deb aytganlar.
Umar raziyallohu anhu nubuvvatning beshinchi yilida o'ttiz uch yoshlarida musulmon bo'lganlar. Islomni qabul qilishlaridan avval Payg'ambarimiz alayhissalom:
اَللَّهُمَّ أَعِزَّ الإِسْلاَمَ بِأَحَبِّ هَذَيْنِ الرَّجُلَينِ إِلَيْكَ بِأَبِي جَهْلٍ أَوْ بِعُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ ﴾ (رواه الإمام الترمذي)﴿
ya'ni: “Ey Parvardigor, mana shu ikki kishidan – Abu Jahl yoki Umar ibn Hattobdan – qaysi biri O'zingga suyumliroq bo'lsa, Islomni u bilan aziz qilgin”, – deb duo qilgan edilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Hazrati Umar Islomga kirganlaridan so'ng butun kuch-g'ayratlarini Islom diniga xizmat va musulmonlarni himoya qilishga sarf etdilar. Shuning uchun ham Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu: “Umar Islomga kirganidan boshlab biz – musulmonlar doim aziz bo'ldik”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Tushimda menga bir qadah sut olib kelindi. Qonib ichdim, hatto qonishlik tirnoqlarimgacha sizib borayotganini ko'rib turardim. So'ng ortganini Umar ibn Hattobga berdim”. Sahobalar: “Buni nimaga ta'vil qildingiz, yo Rasululloh?” – deyishgan edi: “Ilmga”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Darhaqiqat, Hazrati Umar raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan ta'lim olgan sahobalar ichida eng ilmlilaridan edilar. Hatto sahobalardan biri Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu: “Agar Umar raziyallohu anhuning ilmi tarozining bir pallasiga, qolgan odamlarning ilmi tarozining ikkinchi pallasiga qo'yilsa, uning ilmi og'ir kelar edi”, – deganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhu to'g'risida haqli ravishda shunday degandilar:
وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ ، مَا لَقِيَكَ الشَّيْطَانُ قَطُّ سَالِكًا فَجًّا إِلَّا سَلَكَ فَجًّا غَيْرَ فَجِّكَ ﴾ (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)﴿
ya'ni:“Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, shayton biror yo'lda ketayotib, senga yo'liqsa, sening yo'lingdan boshqa yo'lga yuradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Mo'minlarga bosh bo'lgan paytlarida ham Hazrati Umar rahbar sifatida aholining ta'lim borasidagi ishlariga katta ahamiyat berar edilar. “Ilmni o'rganinglar va uni odamlarga o'rgatinglar. Shu bilan birga ilm uchun viqor va sokinlikni ham o'rganinglar. O'zingiz ta'lim olgan kishiga va ta'lim bergan kishiga tavoze'li bo'linglar. Jabr-sitam ko'rsatuvchi ulamo bo'lmangki, johilligingiz ilmingizdan ustun bo'lib qolmasin”, – deya nasihat qilar edilar. Navqiron yoshlarga qarata esa: “Rahbar bo'lishdan oldin ilm o'rganinglar”, – der edilar.
Hazrati Umar raziyallohu anhu o'n yil mo'minlarning amiri – rahnamosi bo'ldilar. U kishining davrlarida ko'pgina diyorlar fath qilinib, Islom ziyosi bilan burkandi. U Zotning tashabbuslari bilan ko'plab shaharlar qurildi, hijriy taqvim asosida yil sanasini hisoblash joriy etildi, qozilik mansabi ta'sis etildi, devon tuzilib, uning ishini yo'lga qo'yildi va tarixda birinchi marta qariyalarga moddiy ta'minot tayinlandi. Bundan tashqari juda ko'plab olamshumul loyihalar insonlar manfaati uchun joriy qilindi. Milodiy 20 asrning oxirlarida g'arblik mutaxassislar tomonidan insoniyat tarixida jamiyatlarga eng ko'p foyda keltirgan shaxslarning ism-shariflaridan tuzilgan ro'yxatning to'rtinchi o'rnida Umar raziyallohu anhuning ismlari keltirilgani ham bejiz emas.
Bir kuni Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhu, mo'minlarning rahnamosi Hazrati Umar raziyallohu anhuning ziyoratiga keldilar. Salom berib, kutib turdilar. Halifa Hazrati Umar raziyallohu anhu yonib turgan shamni o'chirib, keyin boshqasini yoqdi. Bu ahvol mehmon diqqatini tortdi, u Hazrati Umar raziyallohu anhuga: “Ey, mo''minlarning amiri! Oldingizda sham yonib turardi, uni o'chirdingiz. Yana unga o'xshash shamni yoqdingiz. Buning nima hikmati bor?” – dedilar. Hazrati Umar raziyallohu anhu tabassum bilan: “Ey, Abdurahmon! O'chirganim davlatning shami (molidir). Yoqqanim esa o'zimning shaxsiy shamim, o'z pulimga olganman. Davlat ishlarini qilganimda, davlatning shamini yoqaman. Hozir sen bilan suhbat qurib o'tirganimda, davlat shamini yoqish halol bo'lmaydi, shuning uchun uni o'chirdim, o'z shamimni yoqdim. Shunday qilmasam, Allohga qanday hisob beraman”, – dedilar.
Shunda Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhu: “Yo Alloh! Umar ibn Hattobni boshimizdan nari qilmagin”, – deb duo qildilar.
Sir emaski, keyingi vaqtlarda xalqning mulkiga nisbatan bepisand bo'ladigan kimsalar yo'q emas. Aslida mulk yakka shaxsniki bo'ladimi yoki davlat mulki bo'ladimi nohaq o'zlashtirib olishlari shar'an hamromdir. Balki, davlat mulkida etimlarning ham moli bo'lishi jihatidan bu mollarni nohaq eyish do'zax o'tini qorniga solishdek ekani aytib o'tilgan. Har-xil hiylalar ishlatib ommani mulkini o'zlashtirishga urinish yoki haq to'lashdan qochishga harakat qilish ayni birovning haqqini eyish sanaladi. Bunday shariatga zid ishlar Qiyomat kuni katta javobgarliklarga sabab bo'lishini unutmasligimiz kerak.
Muhtaram jamoat! Ulamolarimiz Hazrati Umarning adolatlaridan yana biri sifatida quyidagi qissani ham keltiradilar. Misrda uyushtirilgan ot poygasida bir nasroniy, qibtiy yigit Misr hokimi Amr ibn Os raziyallohu anhuning o'g'illaridan o'zib ketadi. Shunda Amr ibn Osning o'g'li qibtiy yigitga qarab:
– “Hali sen xojaning o'g'lidan o'tib ketadigan bo'ldingmi?!” deb, bir qamchi uradi.
Qibtiy yigitning otasi Madinaga borib, xalifa Umar raziyallohu anhuga arz qiladi. U Zot Amr ibn Osning o'zlarini ham, o'g'illarini ham chaqirtiradilar. Ular etib kelishadi. Katta majlisda Hazrati Umar raziyallohu anhu:
– “Qachondan beri onalaridan hur tug'ilgan odamlarni qul, deydigan bo'lib qoldinglar?”, – deydilar.
Qibtiyga qamchini berib:
– “Bu xojaning o'g'lini yaxshilab savala”, – deydilar.
Quloqlariga ishonmay turgan Qibtiy yigit voliyning o'g'lini bir qamchi urib, qamchini xalifaga uzatadi. Ammo hazrati Umar raziyallohu anhu:
– “Endi otasini ur”, – deydilar.
Qibtiyning hayron bo'lib turganini ko'rib:
– “Bu seni otasiga ishonib urgan”, – deydilar.
Qibtiy yigit bu adolatga qoyil qolib, shu joydayoq kalima keltirib, musulmon bo'ladi va haqqidan kechib, Amr ibn Osni urishdan voz kechadi.
Hazrati Umar unga:
– Allohga qasamki, agar sen uni urganingda, o'zing to'xtamaguningcha hech kim seni to'xtatmas edi, – deydilar.
Bu bilan Hazrati Umar raziyallohu anhu davrlarida inson qadri qay darajada ahamiyatli bo'lganini bilishimiz mumkin. Qibtiy yigit qachondir qul bo'lgan esada, aslida u ham inson ekani, uning sha'ni, qadr qimmati toptash mumkin emasligini atrofdagilariga yana bir bor ko'rsatib berdilar.
Hazrati Umar raziyallohu anhu g'oyatda tavoze'li, betakalluf kishi edilar. Bir kuni odamlar mahrning bahosini orttirib yuborganligidan unga bir chegara belgilamoqchi bo'ldilar. Minbarda turib mana shu haqdagi gaplarni aytgandilar, eng orqada turgan ayollardan biri o'rnidan turib: “Ey, mo'minlarning amiri! Siz Alloh bizga ato etgan haqqimizdan mahrum qilmoqchimisiz?! Alloh taolo:
وَآتَيْتُمْ إِحْدَاهُنَّ قِنْطَارًا فَلا تَأْخُذُوا مِنْهُ شَيْئًا (سورة النساء/20)
ya'ni: “Agar birontalariga tog'dek mahr bergan bo'lsangiz ham qaytarib olmang...”, degan-ku?!” – deb tanbeh berdi. Shundan so'ng Hazrati Umar raziyallohu anhu o'z fikrlari xato ekanligini ta'kidlab: “Ayol to'g'ri aytdi, Umarning fikri noto'g'ri!”, – deganlar va boyagi chegara belgilash to'g'risidagi fikrlaridan voz kechganlar!
Bu voqea mo'minlarning amiri bo'lgan – Hazrati Umar ibni Hattob raziyallohu anhuning xalq fikrini qay darajada ehtirom etganliklarini va ularga qonun doirasida to'liq hurriyat berganliklarini ko'rsatadi. O'z davrida favqulodda ulkan nufuzga ega bo'lgan Kisro va Qaysarlar hokimiyatini ag'dargan hukmdor bo'la turib oddiy bir ayolning tanbehini to'g'ri qabul qilganlar. Shariat ahkomlari oldida o'zlarini oddiy xalq bilan barobar tutganlar.
Muhtaram azizlar! Hazrati Umar raziyallohu anhu taqvoda, parhezda va nafsini tergashda benazir inson bo'lganlar. Insonlarga xutba qilganlarida ko'pincha shunday deganlari rivoyat qilinadi:
"حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أنْ تُحَاسَبُوا، وَزِنُوهَا قَبْلَ أَنْ تُوْزَنُوا، وَتَهَيَّؤُوْا لِلْعَرْضِ الأَكْبَرِ "يَوْمَئِذٍ تُعْرَضُونَ لاَ تَخْفَى مِنْكُمْ خَافِيَةٌ".
ya'ni: “(Qiyomatda) hisob qilinishingizdan avval o'zingizni hisob qilinglar, (amallar) o'lchanishidan avval uni o'zingiz o'lchanglar, amallar namoyish qilinadigan “buyuk kunga”ga tayyorgarlik ko'ringlar. “O'sha kunda sizlar (hisobot uchun Allohga) ro'baro' qilinursiz, sizlarning biror siringiz maxfiy qolmas” (Hoqqa surasi 18-oyat).
U zotning Alloh taolodan g'oyatda xavfda bo'lganlari sababli o'zlarini qattiq taftish qilar, ba'zan: “Furot daryosiga bir uloq tushib ketsa, qiyomat kuni buning hisobini Alloh Umardan so'raydimi, deb qo'rqaman”, – der edilar.
Muhtaram jamoat! Hazrati Umar raziyallohu anhu imom bo'lib bomdod namozini o'qib berayotganlarida Abu Lu'lua ismli munofiq zaharlangan xanjari bilan u zotga suiqasd qildi. Hazrati Umar raziyallohu anhu jarohatdan so'ng uch kun yashadilar.
Hazrati Umar raziyallohu anhuning foniy dunyo bilan vidolashib, oxiratga yuzlanayotgan, jarohat asoratidan bir hushyor, bir behush bo'lib yotgan paytlarida: “Odamlar namozni ado qilishdimi?”, – deb so'rardilar. Yana hushdan ketib, birozdan so'ng o'zlariga kelsalar, yana: “Odamlar namozni ado qilishdimi?” – deb so'rardilar. Hazrati Umar raziyallohu anhu o'lim oldidan namoz haqida so'zlab, ko'p nasihat qilardilar. Amaldagi nasihatlari esa jarohatlaridan qon oqib turgan bo'lsa ham namozni o'z vaqtida ado qilish bilan bo'ldi.
Muhtaram azizlar! Hazrati Umar raziyallohu anhuning hayotlarini o'rganishda hammamiz uchun ibrat va juda ko'p manfaatlar bor. Har bir musulmon kishi o'zini taftish qilishida, oxiratni o'ylab ish ko'rishida shu zotga o'xshasa, hech bo'lmasa, o'xshashga harakat qilsa edi, jamiyat ham moddiy, ham ma'naviy kamolotga etgan bo'lar edi.
Payg'ambarimiz alayhissalom eng oxirgi payg'ambar hisoblanadilar. U Zotdan keyin payg'ambar kelmaydi. Shunday bo'lsada, Sarvari olam o'zlarining hadisi shariflaridan birida Hazrati Umar raziyallohu anhuning fazllariga ishora qilib shunday deganlar:
لَوْ كَانَ بَعْدِي نَبِيٌّ لَكَانَ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ ﴾ (رواه الإمام الترمذي)﴿
ya'ni:“Agar mendan keyin payg'ambar bo'lganida edi, Umar ibn Hattob bo'lardi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Umar ibn Hattob raziyallohu anhu hijratning 23 yili (melodiy 644 yili) 63 yoshlarida Madinai munavvarada vafot etdilar.
Alloh taolo ushbu buyuk sahobadan rozi bo'lsin! Islom Ummatiga qilgan ulkan xizmatlarini munosib mukofotlasin! Bizlarni ham ushbu zotlarning hayotlarini o'rganib, farzandlarimizga o'rgatishimizni, qo'limizdan kelganicha bilganlarimizga amal qilishimizni nasib etsin! Qiyomatda Hazrati Umar raziyallohu anhudek sahobalar bilan birga bo'lish baxtini hammamizga nasib aylasin! Omin!
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.