Allohga shukr, ikki yil sabr ila kutilgandan so'ng umra ziyorati boshlanmoqda. O'tgan kuni joriy umra mavsumi narxlari, navbatlari, uchish vaqtlari va vaktsinalar haqida xabar berildi.
Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari pandemiyadan avval, ya'ni 2020 yil fevral' oyiga qadar qilingan umra to'lovi miqdoriga qo'shilgan qiymat borasida turli mulohazalar bildirmoqda.
Shu bois, qo'shimcha to'lov tafsilotini quyidagi jihatlar orqali bayon qilamiz:
Birinchi, koronavirus pandemiyasi umra xizmatlari ko'rsatishga ham salbiy ta'sir ko'rsatdi. Avval qayd etganimizdek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o'rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o'rnatildi.
Har bir fuqaroning safarga chiqqandan to ona-Vatanga qaytib kelgunga qadar epidemiologik me'yorlarga javob beradigan tashkiliy va tibbiy xizmatlar yo'lga qo'yildi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat ko'rsatishda qo'shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta'minlanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko'tarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qo'shimcha qiymat solig'i ham joriy etildi.
Ikkinchi, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini g'animat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo'lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo'lgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” va Baytulloh atrofidagi “Jabal Umar” hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo'lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan.
Bular ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duoyu iltijolar bilan band bo'lishda engillik beradi. Yo'l, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi. Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat ko'rsatadi.
O'zbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish bo'yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o'rganganini avval ham xabar qilgan edik. Bunda Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish bo'yicha litsenziyaga ega bo'lgan shirkatlar bo'lishiga e'tibor qaratildi. Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba'zi shirkatlar umra xizmatini ko'rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz.
Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin litsenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq “Abu Sarhad” shirkati bilan shartnoma imzolanganini alohida ta'kidlash o'rinlidir.
Qo'shimcha to'lovlar yuzasidan yana bir jihat. Har bir Haj yoki umra mavsumi to'lovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablag'lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag'lardan muborak safarga tegishli yo'nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas. 2020 yil fevral' oyiga qadar umra uchun to'lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to'lovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablag'lari o'z ixtiyorlariga ko'ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.
Mo'min-musulmonlarni umra ibodatiga boshchilik qilishda ko'p yillik tajribaga ega, diniy mutaxassislar bilan ta'minlaydigan va bu borada vakolatli, rasmiy tashkilot hisoblangan O'zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarni xavfsiz ado etishga chaqiramiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi muntazam ravishda xalqimizning talab-istaklarini inobatga olgan holda umra safari narxlarini maqbullashtirishni davom ettiradi, bu borada yangiliklar bo'lsa, rasmiy matbuotda e'lon qiladi.
So'zimiz yakunida, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda axborot tarqatuvchilardan to'liq o'rganilmagan axborot tarqatish shar'iy jihatdan to'g'ri emasligi va qonuniy javobgarlikka sabab bo'lishini hisobga olib, biror xabar e'lon qilishdan oldin ikkinchi tomonning ham fikrini olishlari uchun doimiy hamkorlikka tayyorligimizni bildiramiz.
Alloh taolo umraga otlanganlarning safarlarini muborak qilsin, Ikki Harami sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati