2024 yil 13 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi bilan navbatdagi sayyor yig'ilish Kattaqo'rg'on tumanida o'tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o'zining kerakli ko'rsatma va topshiriqlarini berib o'tdi.
So'ngra taqsimot asosida tumandagi mavjud 31 ta masjid imom-xatiblari va noiblar, hamkor tashkilot mas'ullarining va 2023 yilda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari hamda 15 nafar iqtidorli imom-xatiblar, tumandagi 31 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi.
Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Kattaqo'rg'on tumanidagi 31 ta masjidda peshin namozini o'qib, yig'ilgan namozxonlarga “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo'lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g'oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar.
Mazkur sayyor uchrashuvlardan so'ng diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig'ilish tashkil qilindi. Unda Kattaqo'rg'on tumanidagi mahallalarda o'rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo'naltirildi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog'lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo'nalishlar bo'yicha kerakli ko'rsatma va topshiriqlar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim qoddasallohu sirroh aytar edilar: "Uyda ba’zi narsalar umumiy bo‘ladi, ulardan hamma foydalanadi. Faqat ularni ishlatib bo‘lgach, tayin qilingan joyga qo‘yish kerak. Misol uchun choynak, piyola, sovun...".
Hammasining tayin joyi bor. Shu o‘rinda muhim gap bor — bu narsalarni ishlatib bo‘lgach, joyiga qo‘ymaslik gunohdir! Ammo biz bu gunohdan bexabarmiz. Chunki har kuni takrorlanaverib, odatiy holga aylanib qolgan. Kimdir o‘sha kerakli narsani ishlatmoqchi bo‘lib, topa olmasa, tabiiy, mashaqqat va ozor chekadi. Biror musulmonga aziyat berish esa, gunohi kabiradir. Hech birimizning xayolimizga bu ishning ham gunoh ekani kelmagan bo‘lsa kerak. Biz narsalarni joyiga qo‘yishni dinga aloqasiz, balki dunyoga tegishli, uyni tartiblashga oid ish deb o‘ylab kelganmiz.
Yodda tuting! Din ko‘rsatmasi bo‘lmagan hayotning biror go‘shasi yo‘q. Barchamiz xolis qaraylik, shu narsaga e’tibor beramizmi, o‘zgalarga aziyat yetmasligi uchun umumiy narsalarni ishlatgandan keyin ularni tayin qilingan joyiga qo‘yamizmi? Aslida, bu narsalar arzimagandek tuyuladi, lekin unga bee’tiborlik sababli gunohlarga mubtalomiz. Sababi, biz dinni to‘la tushunmaymiz, uning uchun qayg‘urmaymiz, ko‘pchiligimizda Alloh taoloning huzurida turish hissi yo‘q. Ikkinchi tarafdan, johillik va bexabarlik ham ancha urchigan.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan