frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

6-mavzu: Hanafiy mazhabida namozdagi qiyom, ruku va sajda

11.01.2022   4806   11 min.
6-mavzu: Hanafiy mazhabida namozdagi qiyom, ruku va sajda

Ma'lumki, Islom dinidagi barcha ibodatlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan o'rganilgan va andoza olingan. U zotning o'zlari bu borada ummatni ergashishga chaqirganlar. Hususan, namoz ibodati borasida Nabiy alayhissalom: “Meni qanday namoz o'qiyotganimni ko'rganingizdek namoz o'qing”, deb aytganlar. Hanafiy mazhabiga ko'ra namozning sunnatlaridan biri – qiyomda ikki oyoq orasining to'rt barmoq enicha ochiq bo'lishidir. Bemorlik yoki semizlik sababli kishi oyoqlari orasini to'rt barmoq miqdorida tutishga qiynalsa, o'ziga qulay tarzda turishi mumkin. Mana shu hukmga bugungi kunga qadar amal qilib kelingan. Lekin keyingi yillarda ba'zi namozxonlar oyoqlarini g'ayrioddiy ravishda keng ochib turganlari kuzatilmoqda. Ularning bu ishlari, bir tomondan, katta jamoat amal qilib kelayotgan ishga zid bo'lsa, boshqa tomondan, birorta kuchli dalilga ega emas.

Namozda oyoqlar holati haqida birgina hadis kelgan. Ba'zilar mana shu hadisning zohirini olib, ko'pchilikni tashvishga qo'yadi, turli ixtiloflar chiqaradi. Mazkur hadis “Sahihul Buxoriy”da kelgan bo'lib, quyida uning ma'nosi bilan tanishamiz. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

أَقِيمُوا صُفُوفَكُمْ فَإِنِّي أَرَاكُمْ مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي وَكَانَ أَحَدُنَا يُلْزِقُ مَنْكِبَهُ بِمَنْكِبِ صَاحِبِهِ وَقَدَمَهُ بِقَدَمِه

ya'ni: “Saflaringizni to'g'rilang. Zero, men sizlarni ortimdan ko'raman”, dedilar”. (Anas roziyallohu anhu aytadi) Biri sherigining elkasiga elkasini, oyog'iga oyog'ini tekkazib turar edi”» (Imom Buxoriy rivoyati). Haqiqatan, hadis ba'zilar da'vo qilayotganidek namozda oyoqlarini yonidagi kishining oyog'iga tekkazib turishga dalil bo'ladimi? Bunga aniqlik kiritish uchun ushbu hadisni sharhlagan olimlarning so'zlariga murojaat qilaylik. “Sahihul Buxoriy” ning eng mashhur va mo''tabar sharhi “Fathul Boriy” asarida Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh aytadilar:

المراد بذلك المبالغة في تعديل الصف وسد خلله

ya'ni: “Bundan saflarni to'g'rilash va bo'shliqni to'ldirishda mubolag'a nazarda tutilgan”.

Alloma Kashmiriy rahmatullohi alayh o'zining “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhi “Fayzul Boriy” kitobida Ibn Hajar rahmatullohi alayhning hadisga ayt­gan yuqoridagi sharhini keltirib, bu to'rt mazhab faqihlarining ham yo'lidir, degan. Va gapida davom etib, quyidagilarni ilova qilgan: “Sharhul viqoyada: “Namozdagi kishi ikki oyog'i orasini to'rt barmoq miqdoricha ochadi va bu shofeiylarning ham so'zidir. Boshqa so'zga ko'ra, bir qarich miqdoricha ochadi”, deyilgan. Men (Anvar Shoh) aytamanki: “Salaflar nazdida yolg'iz namoz o'quvchidan jamoatda namoz o'quvchi qadamini ko'proq ochadi degan farq kelganini topmadim. Bu faqat bemazhablar paydo qilgan masaladir”.

Kashmiriy rahmatullohi alayh “Sunan at-Termiziy”ga bitgan sharhi “Al arfush-shaziy”da ham bu haqida so'z yuritib, jumladan, shunday degan: “To'piqni to'piqqa yopishtirish haqidagi “Sahihul Buxoriy”da kelgan rivoyatga kelsak, uni ba'zilar haqiqat deb o'ylaydi. Vaholanki, u roviyning mubolag'asidir. Aslida bu borada biror o'lchov yo'qdir. Eng munosibi xushu'ga yaqin bo'ladigan ko'rinishdir”.

Ahli sunna val jamoaning to'rt mazhab ulamolarining birortasi namozda turish haqidagi hadislardan “elka, tizza, to'piq va oyoqlarni bir-biroviga tekkizib turish lozim” degan hukmni olgan emaslar. Sahobalar davridan boshlab 14 asr davomida jami musulmonlar, to'rt mazhabga ergashib kelayotgan namozxonlar orasida oyoqlari orasini keng ochib turadiganlari chiqqan emas. Demak, rivoyatlarda kelgan oyoqlarni bir-birovinikiga tekkizish haqiqiy ma'noda emas, balki saflarni jipslashtirib turish ma'nosida tushunilishi kerak. Oyoqlarni bir-birovinikiga tekkizish sunnat yoki mustahab emas, balki hadis iboralaridan juda tekis va o'ta jips holda saflanish lozim ekanini tushunish kerak bo'ladi.

Shunday ekan, to'rt mazhabning fiqhiy qarashlariga ko'ra, namozda qiyomda turganda ikki oyoq orasi katta ochilgan bo'lmasligi, g'ayritabiiy ko'rinmasligi darkor. Shuning uchun ham, namozda ikki oyoqni kerib, keng ochib turish holati namoz borasidagi ko'rsatmalarga to'g'ri kelmagani bois erish tuyuladi. Ayniqsa, oyoqlari orasini keng ochib turadigan kishilarning rukulari va qa'dalari ham g'ayrioddiy ko'rinadi.

Shunday ekan, musulmonlar asossiz fatvolar va da'volarga emas, balki oyat va hadislarga oid ilmlarni chuqur egallagan, asrlar davomida Islom ummati bir ovozdan e'tirof etgan etuk olimlarimizning fatvolariga amal qilishi eng to'g'ri yo'ldir.

Rukudan avval va rukudan keyin qo'l ko'tarish masalasi. Hanafiy va Molikiy mazhab ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki ikkinchi rakatning qiyomiga turganda qo'l ko'tarilmasligini aytadilar (buni raf'ul-yadayn masalasi ham deyiladi). Bu so'zlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

خرج علينا رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: «مَا لي أَرَاكُم رافعي أَيْدِيكُم كَأَنَّهَا أَذْنَاب خيل شُمْس ،
اسكنوا فِي الصَّلَاة»

ya'ni: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga chiqib: Nimaga sizlarning ikki qo'llaringizni qaysar otning dumiga o'xshab ko'tarayotganingizni ko'ryapman?! Namozda sokin turinglar” dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Asvaddan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Hattobning avvalgi takbirda ikki qo'lini ko'targanini ko'rdim. Keyin buni qaytarmadi” (Imom Tahoviy rivoyati).

Imom Abu Ja'far Tahoviy aytadilar: “Aliy roziyallohu anhuning avvalgi takbirdan boshqa o'rinlarda qo'l ko'tarishni tark qilganlari sahihdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan keyin bu ishni qilishlari, u kishining nazdida namozda qo'l ko'tarish hadisining nasxligi (bekor bo'lgani) sobit bo'lganligi sabablidir”.

عن علقمة قال : قال عبد الله بن مسعود : ألا أصلي بكم صلاة رسول الله صلى الله عليه و سلم

فصلى فيم يرفع يديه إلا أول مرة

Termiziy rivoyat qiladi: «Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi:  “Abdulloh ibn
Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozlarini o'qib beraymi?” deb namoz o'qidi. Ikki qo'lini birinchi martada ko'targandan boshqa ko'tarmadi”».

Biz hanafiylar takbiri tahrimadan boshqa o'rinlardagi qo'l ko'tarishni nasx (hukmi bekor) bo'lgan deb aytamiz. Ma'lumki, agar ikkita sunnat bir-biriga qarama-qarshi kelib qolsa, bu borada sahobalarning so'zlari va amallari ustun qo'yiladi. Agar ularning so'zlari va amallari ixtilofli bo'lsa, qiyos ustun
qo'yiladi. Bu masalada qiyos qo'lni ko'tarmaslikni taqozo qiladi. Chunki namozda a'zolar sokin va xushu'li bo'lishi kerak. Alloh taolo Mo''minun surasida shunday marhamat qiladi:

قَدْ أَفْلَحَ الْمُؤْمِنُونَ * الَّذِينَ هُمْ فِي صَلَاتِهِمْ خَاشِعُونَ

 ya'ni: “Mo'minlar najot topdilar, ular namozlarida xushu' qilgan zotlardir”.

Ellikka yaqin sahoba namozning boshida, ya'ni takbiri tahrimada qo'l ko'tarishni  rivoyat qilgan. Ular rukuda va rukudan bosh ko'tarishda qo'lni ko'tarishni rivoyat qilmaganlar. Ibn Abbos raziyallohu anhumoning hadisida: “Qo'llar faqat etti o'rinda ko'tariladi” deyilib, jumladan, namozga kirishish paytidagi qo'l ko'tarish ham aytilgan.

Demak, hukmi sunnat bo'lgan masalada ixtilof chiqarmaslik kerak. Bunday ixtilof chiqarish harom bo'lib, kishining gunohkor bo'lishiga sabab bo'ladi. Buning ustiga, raf'ul yadayn qilmasdan o'qish haqida ham hadislar, sahoba va tobeinlarning sahih so'zlari bor. Ularga amal qilish ham ayni sunnatga amal qilishdir.

Hanafiy mazhabida sajdaga borish va undan turish kayfiyati. Sajdaga borilayotganda erga yaqin a'zolar birin-ketin erga qo'yiladi, ya'ni tizza, qo'llar, yuz. Sajdadan turayotganda erdan uzoq a'zolar birinchi ko'tariladi, ya'ni yuz, qo'l, tizza. Zaruratsiz erga tayanib turish makruh. “Fatavoi Hindiya” kitobida shunday deyiladi:

اِذَا اَرَادَ السُّجُودَ يَضَعُ اَوَّلًا مَا كَانَ اَقْرَبُ اِلَي الْاَرْضِ فَيَضَعُ رُكْبَتَيْهِ اَوَّلًا ثُمَّ يَدَيْهِ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ جَبْهَتَهُ وَ اِذَا اَرَادَ الرَّفْعَ يَرْفَعُ اَوَّلًا جَبْهَتَهُ ثُمَّ اَنْفَهُ ثُمَّ يَدَيْهِ...

ya'ni: “Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo, erga yaqin bo'lgan a'zoni (erga) qo'yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so'ng ikki qo'lini, so'ng burnini, so'ngra peshonasini erga qo'yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so'ng burnini, so'ngra ikki qo'lini ko'taradi...”

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:

“َرأَيْتُ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ يَضَعُ رُكْبَتَيْهِ قَبْلَ يَدَيْه وَ اِذَا نَهَضَ رَفَعَ يَدَيْهِ قَبْلَ رُكْبَتَيْهِ”
(رواه الامام أبو داود عن وائل ابن حجر رضي الله عنه)

ya'ni: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni sajda qilganlarida qo'llaridan avval tizzalarini erga qo'yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo'llarini erdan ko'targanlarini ko'rdim”, deyladi (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Bu borada bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o'rganib, “sajda qilishda, avvalo, erga yaqin a'zolar erga qo'yiladi va sajdadan turishda esa erdan uzoq bo'lgan a'zolar erdan ko'tariladi” degan fikrga ittifoq bo'lganlar.

 

"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   9682   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari