frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

MO'MIN-MUSULMONNING FITNA PAYTIDAGI ODOBI

07.01.2022   4117   7 min.
MO'MIN-MUSULMONNING FITNA PAYTIDAGI ODOBI

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom dini nomi bilan mashhurdir. Bu nomni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan.

Qur'oni karimda Alloh taolo: ﴾وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِيناً﴿ “Va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim”, deydi (“Moida” surasi,3-oyat). 

Islom so'zining lug'aviy ma'nosi “ixlos”, “ofatlardan salomat bo'lish”, “sulh va omonlik”, “itoat va bo'ysinish” kabi ma'nolarni anglatadi.

Shundan har bir musulmon va muslima Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom diniga mansub, ixlosli, turli ofatlardan salomat bo'lgan, sulhli, omonatli, itoatli va Allohga bo'ysungan shaxs degani bo'ladi.

Iymon so'zi lug'atda omon bo'lish va tasdiqlash ma'nolarini bildiradi. Ulamolar istilohida iymon – Alloh taolodan kelgan narsani tasdiqlab, unga iqror bo'lishdir. Shundan mo'min va mo'mina Alloh taolodan kelgan aqidaga oid narsalarni tasdiqlab va ularga iqror bo'lib, turli yomonliklardan omonda bo'lgan shaxsdir.

Islom va Iymon tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan, biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ammo ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, Iymon ishonish-e'tiqod nazariy masalalarga, Islom esa bo'ysinish-amaliy masalalarga xosdir.

Islom asoslari shahodat, namoz, zakot, ro'za va hajdan iborat. Iymonning asoslari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshi-yu yomon qadar Allohdan ekanligiga ishonish, tasdiqlashdan iboratdir.

Ulug' aqoid ilmi olimi Umar Nasafiy o'zining kitobida: “Iymon va Islom birdir. Qachonki, bandada tasdiq va iqror mavjud bo'lsa, men haqiqatda mo'minman, demog'i to'g'ri bo'ladi”, degan.

Ayni damda mo'min-musulmonlar o'rtasida fitna-fasod chiqarish, Alloh qat'iyat bilan qaytargan amallardan ekanini yodda tutishimiz lozimdir.

 Alloh subhonahu va taolo fitna haqida bunday amr qiladi: «Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (Zot)dir» (“Anfol” surasi, 25 oyat).

Baqara surasining 191-oyatida: «...Fitna esa qotillikdan ham ashaddiyroqdir...», 217-oyatida esa: «...Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...», deb yana takrorlanadi.

Zamonamiz olimlaridan Ali Sobuniy bu oyatni quyidagicha tafsir qilgan: “Musulmonni dinida fitnaga solish (tinchligini buzish) Alloh nazdida qotillikdan kattaroqdir” (“Tafsir al-vazih al-muyassar”).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Bani Isroil qavmi ma'siyatlar qilib haddidan oshganda, ulamolari ularni qaytarsa ham o'z bilganlaridan qaytmadilar. Shunda ulamolari ularning majlislarida o'tiraverdilar va birga eb-ichdilar. Shunda Alloh ularning qalblarini bir-birlariga moyil qilib qo'ydi va ularni O'z elchilari Dovud va Iso (alayhimussalom)ning tillari bilan la'natladi. Bunga sabab itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir”.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suyangan holda edilar, o'tirib oldilar va aytdilar: “Yo'q, jonim izmida bo'lgan Zotga qasam, sizlar shu kabilarni haqqa burmaguningizcha azobdan omonda bo'lmaysiz” (Imom Termiziy).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisning oxirida, agar musulmon odam gunoh va fitnalardan qaytmasdan, aksincha, ularga qo'shilib ketsa, la'natga duchor bo'lishiga ishora qilyaptilar.

Demak, fitnalar to'zg'ib turgan paytda musulmon kishi amal qilishi lozim bo'lgan Islom odoblari quyidagilar:

– Qur'on va sunnatga ergashish, ikkisini mahkam ushlash;

– Alloh taolodan fitna va unga yaqinlashtiradigan har bir narsadan uzoq qilishini, firqachilik, ixtilof, engiltaklik va din aqidalariga xilof ish yoki buzuq ta'limotdan saqlamog'ini so'rab, duo qilish;

–  ulamolar etagini ushlab, ularning ilmlaridan manfaat olib, o'tgan solih kishilarning yo'llarini tutish;

– yumshoqlik, shoshmaslik, kamtarin va halim bo'lish, g'azab va shoshqaloqlikdan uzoqlashish.

Bir necha yillardan beri arab davlatlarida davom etayotgan xunrezlik, qotillik kabi qonli voqealarga teran nazar solinsa, bu fitnalar zamirida Islom odoblariga amal qilmaslik, ulamolar nasihatlariga quloq solmaslik, tinchlik va hamjihatlik ne'matlarini qadrlamaslik kabi ko'plab illatlar yotibdi.

Yana fitna paytida ahamiyat berish lozim bo'lgan eng muhim qoida: voqealar jarayoniga o'ta diqqat bilan yondashish va tekshirish, unga biror xulosa berishdan oldin yaxshilab o'rganish hamda shu sohaning bilimdon kishilaridan so'rashdir. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «(Ey inson!) O'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dilning har biri to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur)» (“Isro” surasi, 36-oyat).

Kimning yo'lboshlovchisi Allohning Kitobi, Rasulining sunnati, ulamolarning ijmosi bo'lsa, o'zi yashayotgan jamiyatni yaxshi ko'rsa, rahbarlarga itoat qilsa, shu bilan birga ogoh va hushyor bo'lsa, Alloh taolo uni fitna bo'layotgan paytda to'g'ri va haq yo'lga muvaffaq qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Kelajakda fitnalar bo'ladi. U fitnalar kelganda, o'tirgan kishi turgan kishidan yaxshidir, turgan kishi yurgan kishidan yaxshidir, yurgan kishi (unga qarab) yugurgan kishidan yaxshidir. Kim fitnaga qiziqib, unga intilsa, (fitna) uni o'ziga tortib olib halok qiladi. Kim undan qochib qutuladigan joy (imkon) topsa, o'sha erdan panoh topsin (fitnaga aralashmasin)” (Imom Buxoriy va Imom Muslim).

Alloh taolo barchamizni turli ko'rinar-ko'rinmas fitnalardan saqlasin! Yurtimizda tinchlik-xotirjamlik bardavom bo'lsin, o'zaro totuvligimiz, inoqligimiz yanada mustahkam bo'lsin!


O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.08.2026   9459   1 min.
Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.


Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.


Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:

  • Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;

  • Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;

  • Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.


Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari