Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan Qur'on bilan Alloh taolo o'z dinini mukammal qilib berdi. Bu haqda Qur'oni karimda:
(...اليوم اكملت لكم دينكم و اتممت عليكم نعمتي و رضيت لكم الاسلام دينا...(سورة المائدة/3
ya'ni: “...Bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim...”, - deb marhamat qilgan (Moida surasi, 3-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taoloning dini bir bo'lib, ana shu dinga insonlarni chorlash uchun U o'z payg'ambarlarini yuborgan ekan, o'z navbatida har bir payg'ambarga nozil qilgan kitobida dinda ixtilofga bormaslikka, firqaga bo'linmaslikka buyurgan. Shu jumladan, bizkim ummati muhammadiyaga ham nozil qilingan Qur'oni karimda:
(واعتصموا بحبل الله جميعا ولا تفرقوا...(سورة ال عمران/103)
ya'ni: “Hammangiz Allohning “arqoni” (Qur'oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang...”, - deyilgan (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Alloh taolo O'z dini bo'lmish Islomni kamolga etkazib bergandan keyin va shu muqaddas islomni biz musulmonlar buyuk ne'mat deb qabul qilganimizdan so'ng ixtiloflarga yuzlanishimizni qanday tushunish kerak?
Hozirda turli xil ekstremistik va terrorchi guruh va toifalar o'zlari ilgari surayotgan g'oyaga erishish maqsadida muqaddas islom dinini o'ziga niqob qilib olib "jihod", "takfir", "shahid" va "hijrat" kabi islom dinida muqaddas sanalgan atamalardan noto'g'ri yo'lda foydalanishga urinmoqdalar va ba'zi shaxslar tomonidan qorishtirilgan holda va johilona talqin qilinmoqda. Aslida yuqoridagi da'volarninng barchasi birinchi navbatda islom diniga qarshi qaratilgan kurash va islom dinini yomon ko'rsatish hisoblanadi. Qolaversa, butun dunyo tinchligiga rahna solish va omma o'rtasida turli xil ixtilof va barqarorsizlikni uyg'otish, natijada jamiyatni parokandalikka olib kelish sanaladi. Shuningdek, bu ixtiloflar ilmsizlik, johillik va mutaassiblik oqibatida ham yuzaga chiqayapti.
Bunday toifa va kimsalar o'zlarini Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa deb e'lon qildilar. Vaholanki, ular Islom diniga zid bo'lgan buzg'unchi firqalardir. Ular o'zlariga turli xil nom qo'yib olgan bo'lsa-da, aslida ularning maqsad va g'oyalari bitta – dinni niqob qilib hokimiyatga intilish, tinch-osoyishta xalq orasida nifoq va ixtilof chiqarish.
Shu o'rinda turli buzg'unchi oqimlarga munosabat masalasida shariat hukmi nuqtai nazaridan qanday baho beriladi? – degan tabiiy bir savol tug'iladi. Bu savolga qat'iy javobimiz shuki, salaf ulamolari ularning barchasini “ahli bid'at” deb nomlaganlar. Muqaddas Islom dinini niqob qilib manfur ishlarni amalga oshirayotgan allaqanday mutaassib kuchlar, tabiiyki, er yuzidagi barcha musulmonlarning ruhiy olami va dunyoqarashini belgilay olmaydi.
Ulamolarning bid'at ahli bilan o'tirish, ular bilan hamsuhbat bo'lishdan qaytarganliklari haqida asarlarda keltirilgan. Jumladan, Hasan Basriy rahmatullohi alayh: Bid'atchi fosiqqa zinhor yaqin kelma, aks holda qalbing uning gapiga moyil bo'ladi va natijada halok bo'lasan. Unga qarshi chiqqan taqdiringda ham, qalbingni maraz qoplaydi, deganlar. Yahyo ibn Kasiyr esa: Agar yo'lda bid'atchiga yo'liqib qolsang, boshqa yo'lga burilib ket,- deganlar.
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, bunday din nomidan gapirayotganlarga ergashilmaydi. Ular ommaviy bo'la olmagani uchun ham ko'p hollarda aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uyg'otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanmoqdalar. Shunday ekan bu borada xushyor va e'tiborli bo'lishimiz kerak. Bunga qarshi avvalo ilm va ma'rifat bilan kurashishimiz lozim. Zero johillik va ilmsizlik barcha ofatlarning asosidir.
Orol Tog'aymurotov - Imom Termiziy o'rta-maxsus islom ta'lim muassasasi o'qituvchisi
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati