IHLOS – AMALLAR ASOSI
Muhtaram jamoat! Ixlos so'zini kundalik hayotimizda juda ko'p qo'llaymiz. Bugun ana shu atamaning dinimizda nechog'lik ahamiyatli ekani haqida so'z yuritamiz. Ixlos – qalb amallaridandir. Balki u qalb amallarining ham boshida turadi, chunki amallar faqat ixlos bo'lsagina, qabul bo'ladi. Demak, ixlos – amal ila Alloh taoloning roziligini iroda qilishdir! Boshqacha aytganda amalga kirishganda Alloh va oxirat uchungina kirishish kerak bo'ladi. Shuning uchun ham banda xoh oshkora, xoh maxfiy amalni qilishda nafsiga marg'ub bo'lgan jihatlarni qo'shib yubormasligi kerak bo'ladi.
“Ixlos” kalimasi lug'atda “biron kishiga nisbatan samimiy, xolis, sodiq bo'lish” degan ma'noni ifodalaydi.
Shariat istilohida esa u “Alloh taologa nisbatan xolis, sodiq bo'lish, barcha amallarni xolis Uning O'zi uchun qilish” ma'nosini anglatadi.
Darhaqiqat, ixlos Islom dinining asl mohiyatidirki, har bir yaxshi amal uning ustiga barpo qilinadi.
Odam alayhissalomdan tortib, to Qiyomatgacha keladigan barcha odamlar so'z va amalda ixlos qilishga buyurilgandir. Kim ixlosni mahkam ushlasa – najot topadi. Kim uni zoye qilsa – halokatga yuz tutadi.
Zero, amalning qabul bo'lish yoki bo'lmasligi, unga mukofot yoki jazo berilishi, o'sha amalda ixlosning mavjud yoki mavjud emasligi e'tibori bilan bo'ladi.
Alloh taolo bizdan avval o'tgan qavmlarni ham ixlosga buyurganini eslatib, shunday deydi:
وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ
ya'ni: “Holbuki ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis tutgan va to'g'ri yo'ldan og'magan hollarida ibodat qilishga va namozni barpo qilishga hamda zakotni ado etishga buyurilgan edilar” (Bayyina surasi 5-oyat).
O'zini Allohga ixlos bilan taslim qilgan mo'minning dini eng go'zal din ekanini ta'riflab, mana bunday deydi:
وَمَنْ أَحْسَنُ دِينًا مِمَّنْ أَسْلَمَ وَجْهَهُ لِلَّهِ وَهُوَ مُحْسِنٌ
ya'ni: “Muhsin (muxlis) bo'lgan holida yuzini Allohga taslim qilgan kishidan ham ko'ra dini go'zalroq kim bor?” (Niso surasi 125-oyat).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
قالَ اللَّهُ تَبارَكَ وتَعالَى: أنَا أغْنَى الشُّرَكاءِ عَنِ الشِّرْكِ، مَن عَمِلَ عَمَلًا أَشْرَكَ فِيه مَعِي غَيرِي، تَرَكْتُهُ وشِرْكَهُ
ya'ni: “Alloh taboraka va taolo aytdi: “Men – sheriklarning sheriklikdan eng behojat bo'lganidirman! Kim biron amal qilib, unda Menga boshqani ham sherik qilsa, Men uni ham, sherik qilgan narsasini ham tark qilurman” (Imom Muslim rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda ixlossiz o'rganilgan ilmning zarari haqida bunday deyilgan: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz alayhissalom dedilar:
مَنْ تَعَلَّمَ عِلْمًا مِمَّا يُبْتَغَى بِهِ وَجْهُ اللهِ عَزَّ وَجَلَّ لاَ يَتَعَلَّمُهُ إِلاَّ لِيُصِيْبَ بِهِ عَرَضًا مِنَ الدُّنْيَا،
لَمْ يَجِدْ عَرْفَ الجَّنَّةِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
(رواه الإمام أبو داود)
ya'ni: “Kim Allohning roziligini istab o'rganiladigan ilmni faqat biron dunyoviy narsaga etishish maqsadida o'rgansa, Qiyomat kuni jannatning hidini ham topmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Alloh taolo amallarni xolislik bilan qiladigan bandalariga – garchi ularning amallari chetdan qaraganda arzimas va oz bo'lib ko'rinsa ham – ajr-mukofotni katta qilib beradi. Shuningdek, Alloh ularning – garchi xatolari zohiridan katta va yirik bo'lib ko'rinsa-da – gunohlarini kechiradi.
Muhtaram jamoat! Ixlosning eng katta foydalaridan biri shundan iboratki, agar biror-bir amal Alloh taolo uchun xolis, faqat Uning O'zigagina qullik qilgan holda bajarilsa, Alloh Taolo bandaning katta gunohlarini ham kechib yuborishiga sabab bo'ladi.
Bir hadisi sharifda yo'ldan odamlarga ozor beruvchi narsani xolis Alloh uchun olib tashlagan va shu tufayli gunohi kechirilgan kishi haqida bayon qilinadi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
بَيْنَمَا رَجُلٌ يَمْشِى بِطَرِيقٍ وَجَدَ غُصْنَ شَوْكٍ فَأَخَذَهُ فَشَكَرَ اللَّهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ
(رواه الإمام مسلم)
ya'ni: “Bir odam ketayotib, yo'lda yotgan tikanli shox-shabbaga ko'zi tushdi-da, uni chetga olib qo'ydi. Uning bu xayrli ishi Alloh taologa xush kelib, gunohlarini mag'firat etdi” – deya marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Huddi shunga o'xshash boshqa hadisi sharifda chanqoq itni suvga qondirish haqidagi voqea ham mavjud. Bu voqea ham ko'rinishidan kichik, lekin ixlos bilan qilingan amal sababli gunohkor ayolning katta gunohlari kechirilganligi xabar qilingan. Ulamolarimiz aytganlaridek, bu ayol qalbida ixlos bilan, sof imonni saqlagan holda itni suvga qondirdi, shuning uchun uning gunohi kechirildi.
Muhtaram azizlar! Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, bir amalning boshqa amaldan afzalligi uning katta yoki kichikligiga qarab emas, balki amal sohibining qalbidagi imon va ixlosning qay darajada ekaniga qarab belgilanar ekan. Zero amal – suratdir, ixlos esa – uning ruhidir. Odamzot ruhi bilan tirik sanalganidek, amal ham ixlosi bilan maqbuldir.
Boshqacha aytganda, ixlos bilan qilingan amal – ildizi mustahkam daraxtdir, riyoli amal esa – ildizi kesib tashlangan daraxt kabidir. Agar daraxtning ildizi mustahkam bo'lsa, uning tanasi qanchalik kesilib-qirqilib tashlanmasin, baribir o'sishda, rivojlanishda davom etaveradi va agar uning ildizi qo'porib tashlansa, tezda quriydi.
Shuning uchun ham ixlossiz amal qilishdan saqlanishimiz zarur! Zero ixlossiz qilingan har qanday amal – garchi u Islomda eng yuksak amal hisoblangan bo'lsa ham – biron qiymatga ega bo'lmaydi, u uchun biron mukofot berilmaydi, aksincha, riyo qilgani uchun gunohkor bo'lib qoladi.
Bugungi kunda katta-katta mablag' sarflab qilinadigan ehsonlar, haj va umra safarlari, shunchaki, xo'jako'rsinga yoki odamlar eshitsin uchun, ixlossiz amal bo'lib qolmasligi zarur. Lekin gohida e'tiborimizdan chetda qolayotgan beva-bechoralarga yordam qo'lini cho'zish, yo'llarni ravon etish, mahalla va masjidlarni obod qilishga ozmi-ko'pmi hissa qo'shish kabi amallar ixlos bilan ado qilinsa, katta savoblar berilishi va gunohlari kechirilishiga sabab bo'ladi.
Muhtaram azizlar! Amallar qabul bo'lishi uchun ixlos bilan birga uning sunnatga muvofiq bo'lishligi ham talab qilinadi. Bu borada Fuzayl ibn Iyoz rahimahullohning quyidagi so'zlarini keltirish mumkin: “Agar amal xolis bo'lsa, ammo to'g'ri bo'lmasa, qabul bo'lmaydi. Agar amal to'g'ri bo'lsa, ammo xolis bo'lmasa ham, qabul bo'lmaydi. Amalning xolis bo'lishi – Alloh uchun bo'lishidir, amalning to'g'ri bo'lishi – sunnatga muvofiq bo'lishidir”, – deb turib ushbu oyatni tilovat qilganlar
فَمَنْ كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا
(سورة الكهف، 110)
ya'ni: “Bas, kim Robbiga ro'baro' kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin” (Kahf surasi 110-oyat).
Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan quyidagi nasihat rivoyat qilingan: “So'z amalsiz naf bermaydi, so'z va amal niyatsiz naf bermaydi. So'z, amal va niyat sunnatga muvofiq bo'lsagina, naf beradi”.
Demak, niyatim yaxshi, xolis niyatdaman deb shariatga zid ishlar va gunohlarni qilish joiz bo'lmaydi.
Umar raziyallohu anhu doimo aytardilar: “Allohim! Amalimning barchasini solih qil, uni xolis O'zing uchun qilishni nasib etgin!
Amallarda ixlosli bo'lish o'ta engil ish, hohlagan inson bunga erisha oladi, deb o'ylash xatodir. Alloh oson qilib qo'ymasa, ixlos o'ta qiyin, insonlarga juda ham mashaqqatli ekanligini ko'plab buyuk zotlar ta'kidlaganlar. Sahl ibn Abdulloh Tustariy inson nafsi uchun eng shiddatli narsa nimaligi haqida so'ralganda: “Ixlos, chunki nafsning ixlosda hech qanday nasibasi yo'q”, – deb javob berganlar.
Ulug'lardan yana birlari: “Niyatni xolis qilish amal qiluvchilar uchun barcha amallardan ko'ra qiyinroqdir”, degan ekanlar.
Yusuf ibn Husayn ar Roziy aytganlar: “Dunyodagi eng aziz narsa –ixlosdir, qalbimdan riyoni tushirishga qanchalar tirishdimu, ammo u har gal yangi ko'rinishda qayta o'sib chiqayotganday bo'lardi”, deganlar.
Demak, musulmon kishi doim nafsini tarbiyasida hushyor bo'lib, ixlosini tekshirib turishi, riyo va sum'adan saqlanishi – shartdir. Aks holda nafsi havosi kattarib-kattarib, uni ilohlik da'vosigacha olib borishi mumkin. Bunga tarixda misollar etarli.
Muhtaram jamoat! Hammamizga ma'lumki, sovuq kunlar boshlanib, havo harorati pasayib bormoqda. Tabiiyki, aholi o'z xonadonlarini isitish choralarini ko'ra boshlaydilar va elektr isitish asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki yoqilg'ining boshqa turlaridan foydalanadilar.
Afsuski, oxirgi paytlarda yurtimizning turli go'shalarida mazkur isitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yong'in hamda tabiiy gaz va ko'mir hididan zaharlanish holatlari bilan bog'liq favqulodda vaziyatlar sodir bo'lmoqda. Achinarlisi, bunday voqealar insonlarning turli xil tan jarohati olishi yoki o'limi bilan yakunlanmoqda.
Soha mutaxassislarining xabar berishlaricha Respublika bo'yicha shu yilning o'zida qoidalarga amal qilmaslik oqibatida 206 ta baxtsiz xodisa sodir bo'lgan. Ular natijasida 139 nafar insonlar vafot etgan va 314 nafar insonlar turli darajada kuygan va og'ir tan jaroxat olgan.
Har bir vafot etgan insonlar xonadonlarida qanchalik musibat, g'am tashvishlarni va kuygan yoki jaroxatlanganlarni axvolini tasavvur qilishning o'zi juda og'ir.
Mana shunday ko'ngilsiz holatlar yuz bermasligi uchun har birimiz isitish moslamalarimizga yana bir bor e'tibor berib, undan oqilona foydalanishimiz zarur. Qo'lbola isitish moslamalaridan foydalanmang!
Soxa mutaxassislarini fikri bilan Sizlarga oddiygina xavfsizlik qoidalarini eslatib qo'yishni joiz deb bildik:
Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, ozgina beparvolik sababli nafaqat o'zimiz, balki boshqalarga ham zarar etkazishimiz mumkin. Zero dinimiz o'zgalarga zarar berish emas, balki yaxshilik va ezgu ishlarda ko'makchi bo'lishga buyuradi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Islomdazarar ko'rish ham, zarar berish ham yo'q”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, har bir musulmon inson avvalo o'zi va o'z ahli oilasini, qolaversa, qo'ni-qo'shnilari, yoru do'stlarini hayotini xavf ostiga qo'yishdan saqlanishi lozim.
Alloh taolo xonadonlarimizni va oila-a'zolarimizni turli fojealardan, ofatlardan O'zi panohida asrasin va barchamizni muxlis bandalaridan qilsin! Amallarimizga riyo aralashishidan O'zi panohida asrasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Nok tusagan ko‘ngil
Otasi tongga yaqin ko‘zini ochdi. Xayriyat, yaxshi tomonga o‘zgarish. Uch kundirki, farzandlar yig‘ilgan, hech kimning tinchi yo‘q, padari buzrukvori o‘lim bilan olishmoqda. Qarilik davosi yo‘q kasallik, agar qo‘shimcha dard bezovta qilsa, bunisi ortiqcha. “Ana uziladi, mana uziladi” deb aka-uka, opa-singillar kecha-kunduz “navbatchi”. Xudoning rahmi keldi shekilli, otasi bugun sal o‘nglandi. Qarshiboy aka u kishining ahvoli-ruhiyasiga qarab, kayfiyati ko‘tarildi.
– Bolam, beri kel, – otasi tovushi chiqar-chiqmas ohangda o‘g‘lini yoniga chaqirdi. –Nok yegim keldi, ilikuzildi payt, bilmadim, bozorda bormi-yo‘qmi...
–Topsa bo‘ladi, ota, nok o‘zimizda yetishtiriladi, chetdan keltirilmaydi-ku?!
Balki ko‘ngli tusayotgan mevani yesa, otasi oyoqqa turib ketar, Allohning mo‘jizalari ko‘p. Axir, qon bosimi ko‘tarilib, me’yorlashsa, qanchadan-qancha odamlar yashab ketadi-ku.
Qarshiboy aka avval Jarqo‘rg‘on bozoriga tushdi. Rastada nok ko‘rmadi, anqoning urug‘i, meva sotayotganlardan so‘radi, yelka qisishdi. Balki Qumqo‘rg‘on bozoridan topsa bo‘lar.
– Niyatim xolis ekan. Otam rahmatlining istagini bajo aylash uchun narxi qimmat bqlsa ham ikki kilo nok xarid qildim, – deb eslaydi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi otaxon Qarshiboy Jangirov. – Xuddi xazina topgan kishidek uyga halloslab qaytdim. Otamning ikki ko‘zi shift uzra qadalgan, yuz-ko‘zida so‘lg‘inlik, hayot nishonasini jonlantirish uchun nokdan bir donasini yuvib, qo‘liga tutdim. Yuziga tabassum yoyildi: “Topib kelibsan, bolam, umringdan baraka top. Odam u dunyoga ketar oldidan nimanidir ko‘ngli tusar ekan-da. Alloh sendan rozi bo‘lsin!”. Mening ko‘zimga yosh keldi. Sira xayolimdan ketmaydi. Otam nokni qo‘liga olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Po‘stlog‘i sarg‘ish-qizg‘ish meva “meni ye” degandek yal-yal yonardi. Bemor otam kuch to‘pladi-da, mevadan bir tishladi, uning sharbati dahani uzra oqib tushdi, oxirigacha amallab tanovvul qildi. Yengil tortdim va nokdan yana bir donasini uzatdim. Ammo u kishi boshini chayqadi. Kechga yaqin otamning joni uzildi... Bir dona nok ekan, u kishining armoni, ezilib-ezilib, to‘kilib-to‘kilib yig‘ladim. So‘nggi manzilga ketar chog‘da otamning duosini olib qolganim menga taskin beradi.
Dilda armon bo‘lmasin, agar afsus-nadomat o‘rtasa, har bandaki, o‘z hayotidan ko‘ngli to‘lmay yashaydi. Alloh taoloning roziligi birinchi o‘rinda tursa, ota-ona duosini olish, ularni hayotlik chog‘ida siylash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish har bir insonni baxtu saodat manziliga yetkazadi, bu bor gap, azaliy haqiqat.
“Hech kimdan kam bo‘lmasin!” debmanu...
1990-95 yillar edi, yanglishmasam, hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotini ishg‘ol etmagan, odamlar televizor ko‘rib, radio eshitadigan zamonlar. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Toychoq” videospektakli namoyish etildi. Bosh rollarni el nazariga tushgan Lutfulla va Gulchehra Sa’dullayeva, Fathulla Ma’sudov kabi aktyorlar o‘ynashgan. Teleasar g‘oyasi, syujeti farzand tarbiyasida qattiq yanglishgan ota-onaning afsus-nadomatiga bag‘ishlangan. Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, unga haddan ziyod mehribonlik ko‘rsatish, qiynalmasligi uchun ota-onaning o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishi ko‘p hollarda tanazzulga olib kelishi “Toychoq” videospektakli mazmuniga chuqur singdirilgan. Ehtimol, qadamini noto‘g‘ri tashlab, barmog‘ini tishlab o‘tirgan zamondoshlarimiz spektaklda o‘z qiyofasini ko‘rishgandir. Farzand tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘yganini anglab, endi ularni “qayirib” ololmayotganlar oramizda yo‘q deysizmi?
–Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy mojarolarimiz juda kuchayib ketdi, pichoq borib suyakka qadaldiyu, ajrashdik,– deydi Toshkent shahrida yashovchi beva ayol. –Ikki qiz, ikki o‘g‘limni birovdan kam qilmay, qornini to‘q qilib, egniga brend darajasiga chiqqan qimmat kiyim-kechak ilibman. Otasi yo‘q, ko‘ngli o‘ksimasin, tengqurlari oldida mulzam bo‘lmasin, deb topganimni ularning og‘ziga tiqibman, afsuski, ularni boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilishga o‘rgatmabman. Kunda yegan och, oyda yegan to‘q bo‘larkan, ro‘zg‘orda nimadir uzilish bo‘lib qolsa, endi dodlab yuborishadi. Endi to‘rtovlonni yo‘lga sololmayapman, nafaqat menga, hattoki, ular bir-biriga sapchiydi. Ro‘zg‘or ishlari sansalor, tun yarmiga qadar telefon titkilash...Xullas, taqdir meni ne ko‘ylarga solmadi...
Tanish ayol yig‘lamsirab so‘zlaydi. Unga qanday taskin-tasalli berishni bilmaysan, kishi. Bu yuqorida zikr etilgan “Toychoq” videospektakli mazmuniga mos voqelik. Ota-onani rozi qilish savob ekanligini bilamizu, ba’zida teskari holatning ro‘y berishiga ularning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishi haqida o‘ylab ko‘ravermaymiz. Qariyalar uyida istiqomat qilayotgan nuroniylar hayotini tahlil qilsangiz, bunga aynan ularning o‘zlari shart-sharoit yaratganini tan armon bilan tan olishadi. Xom sut emgan bandalar g‘isht qolipdan ko‘chgan paytdagina pushaymon chekadilar. Bunday xatolikdan Allohning O‘zi qaytarsin, O‘zi asrasin!
Islom dinidagi ezgu g‘oya
Muqaddas islom dini ota-onaga itoatda bo‘lish, izzat-hurmat ko‘rsatish va ularning roziligini olishni targ‘ib qiladi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida “Va Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik keltirmang va ota-onangizga yaxshilik qiling”, deya marhamat qilinadi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dini oilaning har bir a’zosi uchun u loyiq bo‘lgan maqom va darajani belgilab bergan. Oilada eng qadrlanishi lozim bo‘lgan zot bu ota-onadir. Insonning dunyoga kelishi Alloh taoloning g‘aybi va marhamati bo‘lsa, ota-ona zohiriy sababchi ekanligi barchaga ayon. Chortoq tumanidagi “Sulton Said” jome masjidi imom-xatibi Lutfulloh Davlatovning mulohazasini keltirib o‘tamiz:
–Har bandaning ota-onasiga yaxshilik qilishi ezgulikdan nishona. Bu hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslik bilan o‘lchanadi. Donishmandlardan biri «Ota-onaga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Farzligi Seni oxiratda Aloh rizosi va Jannatga kirishingga sabab bo‘lsa, qarzligi senga farzandlaringdan qaytishidir» degan ekan.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: «Meni haq bilan payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasam. Kimga Alloh taolo mol ato etsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rosulalloh, agar ota-onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oqq bo‘ladi. Kim ularga oqq bo‘lsa osiy bo‘libdi», deb javob berdilar. Ulamolardan biri: «Ota-onang senga malol kelishidan xavfsirab, senga xushomad qilib muloyimroq so‘zlashayotgan bo‘lishsa bilginki, sen ularga oq bo‘lishni boshlabsan», degan ekan.
Ota-onaga yaxshilik qilish buyuk Alloh taolo tarafidan amr-farmon bo‘lishiga qaramay, bu boradagi holatimiz juda achinarli. Ba’zilar dunyo tashvishlari yoki farzandlari bilan ovora bo‘lib, ota-onasidan ko‘ngil so‘rashga, xizmatlarini qilib, bebaho duolarini olishga befarq, ertaga, indinga deb, ular bilan diydorlashuvni orqaga suradilar. Bilib olishimiz lozim bo‘lgan bir haqiqat borki, dunyoviy ishlarimiz ko‘p, cheki-chegarasi yo‘q, lekin ota ham, ona ham bir dona. Ishni, shaxsiy tashvishlarni bir oz keyinga sursak bo‘ladi, lekin ota-onaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda kechiqmaslik eng katta savob, chunki ular g‘animat, bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu so‘zlarni eshitdim: «Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin!». «Kim u, yo Rosulalloh», deb so‘rashdi. «Kim ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog‘ida topib, ularga yaxshilik qilib jannatiy bo‘lib olmagan bo‘lsa», dedilar. Qarangki, payg‘ambarimiz yashab o‘tgan damlarda ham ota-ona haqqi, hurmati baland tutilgan. Demak, ota-onalarimizni hayotlik chog‘ida g‘animat bilib, xizmatini qilsak, duosini olsak, vafotidan keyin tilovatimiz va savob amallarimiz bilan doimo yod etib tursak, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoolloh!
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
I darajali “Mehnat faxriysi”,
"Hurriyat" gazetasining 9-sonida chop etilgan.