Insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug' ne'mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan.
Bu haqda Ummu salama raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:
"نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَمُفْتِرٍ
(رواه الإمام ابو داود)
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo'shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste'mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hozirda ayrim yoshlar orasida (“Tramadol”, “Lirika” kabi) psixotrop dori vositalari iste'moliga odatlanish holatlari uchramoqda. Vaholanki, bu dori vositalarida giyohvand moddalaridagi kabi o'ziga o'rgatib qo'yishdek xususiyat bor.
Tabiiyki, bu giyohvandlikning yangicha ko'rinishini paydo qiladi. Dinimizda har qanday bo'shashtiruvchi va mast qiluvchi vositalar harom qilingan!
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam boshqa bir hadisda bunday deganlar:
كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ مُسْكِرٍ حَرَامٌ
رواه الإمام مُسلم عَن ابْن عمرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهما
ya'ni: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir” (Imom Muslim rivoyatlari).
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV