Hanafiy mazhabiga ko'ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo'ladi. Bunga quyidagi ma'lumotlar dalil qilib keltirganlar:
Hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning etmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).
Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.
Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo'lamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o'qiganlari ta'kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma'nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo'lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo'lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o'zlari imomlik qilayotganlarida, ba'zan ta'lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo'q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma'lum emas.
“Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.
Jelatin – suyuq modda bo‘lib, hozirda ba’zi dori vositalirida va oziq-ovqat mahsulotlarida ishlatiladi. U hayvonlarning terisi va suyaklaridan olinadi. Agar shu hayvonlar shar’an go‘shtini yeyish mumkin bo‘lgan jonzot bo‘lsa, u holda zarari yo‘q. Ammo, u hozirda musulmon bo‘lmagan yurtlardan keltiriladigan, asbob-uskunada shar’iy so‘yilmagan hayvonlardan olingan bo‘lsa, qaraladi. Agar jelatin hayvon suyagidan olingan bo‘lsa hanafiylar nazdida – joiz. Chunki suyakda hayot bo‘lmaydi. o‘limtikning hayot nishonasi yo‘q bo‘lgan a’zolari pok hisoblanadi. Shu sababli ularning oldi-sotdisi hanafiylarda joizdir. Biroq, jelatin agar shar’iy so‘yilmagan hayvonlar terisidan olingan bo‘lsa ba’zi hamasirlar: "U – halol, sababi, hayvon terisiga kimyoviy ishlov berilganida uning mohiyati o‘zgarib ketadi, boshqa narsaga aylanishi bilan hanafiy mazhabiga ko‘ra halol, pok bo‘ladi” deyishmoqda. Men o‘zim ba’zi korxonalarda bu amaliyotga guvoh bo‘ldim. Lekin, menimcha bu amaliyot teri mohiyatini yo‘q qilib yuborishga kifoya qilmaydi. to‘g‘ri, bu yerda ba’zi kimyoviy amaliyotlar bo‘ladi, lekin hamma kimyoviy amaliyotlar ham mohiyatni o‘zgartib, boshqa narsaga aylantira olmaydi. Bunga dalil, go‘shtni pishirishda ham kimyoviy o‘zgarishlar amalga oshriladi, biroq: “Go‘shtning mohiyati pishirish bilan boshqa narsaga aylandi», deyilmaydi. Aks holda hamma harom qilingan go‘shtlarni pishirgandan keyin yeyish halol bo‘lib qolardi. Menga shu borada mutaxassis bo‘lgan kishilar: "Jelatin tayyorlash uchun terilarda o‘tkaziladigan bu amaliyotlar terining mohiyatini yo‘q qilib yubormaydi, faqat bu amaliyot terilarni tozalashda va ularni suyuq moddaga aylantirishda ishlatiladi", deyishdi. Qattiq narsalarni suyultirishning o‘zi uning mohiyatini o‘zgartirmaydi. Shu sababli haligacha terining mohiyati yo‘qolib ketish masalasi menga ayon bo‘lgani yo‘q.
Lekin bu amaliyotni ko‘rib, mutaxassislarga murojaat qilgandan so‘ng menga ma’lum bo‘ldiki, bu amaliyotlar bilan terining oshlanishi hosil bo‘ladi. «Hidoya» sohibi aytadi: “Hidni va fasodni ketkazuvchi narsa oshlovchidir”. Terilarda amalga oshirilayotgan bu amaliyotlarda uni tozalash, namligini ketkazish uchun «lime» (teridan tukni to‘kib yuboruvchi vosita) va «alkalai» vositalari ishlatiladi. Buni mutaxassislar aytib o‘tishgan. Bu borada yana do‘stlarimdan biri, shayxi sarfaroz Muhammad hafizahullohning ilmiy bahsi bor. O‘zlari fiqh fanidan mutaxassis bo‘lishlari barobarida, kimyo sohasida ham mutaxassisligi bor. U zot: "Bu amaliyot – terini haqiqiy oshlash bo‘ladi, lekin u teri mohiyatini yo‘q qilolmaydi" - degan xulosaga kelganlar.
Shar’iy so‘yilmagan hayvonlarning suyagi pok va terisi oshlash orqali poklanganidek, bu ikkisidan olingan jelatin ham pok hisoblanadi va hanafiylar nazdida oziq-ovqatdan boshqa narsalarda istemol qilish joiz. ammo uni yeyish uchun ishlatishga kelsak, hanafiylarda berilgan fatvoga ko‘ra, bu – joiz emas. Jelatinlardan olingan kapsulalar bilan davolanish, bir shart bilan ruxsat etiladi: u ham bo‘lsa, jelatin cho‘chqa terisi yoki suyagidan olinmagan bo‘lishi kerak. Biroq davolanishdan boshqa o‘rinlarda, modomiki mohiyati yo‘qolib ketmas ekan, uni iste’molidan saqlanish kerak. Jelatinning oldi-sotdisi cho‘chqadan olinmagan bo‘lsa joiz, yuqorida aytib o‘tganimizdek u pokdir va undan shariatga muvofiq yo‘l bilan foydalanish mumkin, vallohu a’lam.
Hadis ilmi maktabi talabasi
Isomiddinov Javohir
Muftiy Taqiy Usmoniy hafizahullohning "Fiqhul buyu’" kitobidan tarjima qildi.