Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Eng jirkanch illat

22.12.2021   1910   7 min.
Eng jirkanch illat

Dunyo tarixiga teran nazar tashlasak, har qanday ko'ngilsiz voqea-hodisa zamirida, albatta, fitnalar uyushtirilganiga guvoh bo'lamiz. Odam alayhissalom davridan to Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam zamonlarigacha, saodat asridan bugungi kungacha kuzatilgan har qanday urush, qirg'inbarot janglar, qonli to'qnashuvlarga fitnalar sabab bo'lganini hech kim inkor eta olmaydi.

Hazrati Umar va hazrati Usmon roziyallohu anhumoning shahid etilishi, hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhumo o'rtasidagi kelishmovchiliklar va undan keyingi asrlarda sodir bo'lgan mash'um hodisalarda halok bo'lganlarni hech ikkilanmay fitnalar qurboni bo'lishgan, deyish mumkin.

Shu bois Alloh taolo Qur'oni karimda: «Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir», deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 191-oyat). Tinch, osuda hayot kechirib turgan odamlar orasidan halovat va tinchlik ko'tarilishiga sabab bo'ladigan har qanday fitna harakatlari aslida odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir, yomon oqibatlarga olib keladigan gunoh ekanini aslo unutmaslik zarur.

Ifk hodisasini olaylik. Payg'ambarimiz alayhissalomning suyukli ayollari Oysha onamiz roziyallohu anhoga munofiqlar fitna uyushtirdilar. Ularning fitnasiga ba'zi sodda musulmonlar ham qo'shilib qolishdi. Alloh taolo Nur surasining 11–22-oyatlarini nozil qiilib, mo'minlarning onasi Oysha roziyallohu anhoning pokdomon ekanliklarini ilohiy vahiy bilan tasdiqladi. Fitna yushtirgan Ubay ibn Salul boshchiligidagi munofiqlar razil bo'lib qolishdi.

Olamlar sarvarining jufti halollariga tuhmat qilgan munofiqlarga qiyomatgacha la'nat yog'iladi. Oxiratda esa ularga alamli azob borligini Alloh taolo Nur surasining 11-oyatida: «Albatta, (bu) bo'htonni (vujudga) keltirgan kimsalar o'zlaringizdan bo'lmish bir to'da kimsalardir. Uni (bo'htonni) sizlar o'zlaringiz uchun yomonlik deb o'ylamangiz, balki u sizlar uchun yaxshidir. Ulardan (bo'htonchilardan) har bir kishi uchun o'zi orttirgan gunoh (jazosi) bordir. Ularning orasidagi (gunohning) kattasini ko'targan kimsa (Abdulloh ibn Ubay) uchun esa ulkan jazo (jahannam) bordir».

Hadisi shariflarda ham fitna qattiq va qat'iy qoralanadi.  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Yaqin orada fitnalar bo'ladi. O'sha chog'da o'tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O'rnida jim tik turgan esa, yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa, tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o'sha fitnalarga e'tibor bersa, uni fitna o'ziga tortib oladi. Kimki qutulishga joy topsa, o'sha joyda fitnadan himoyalansin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu muborak hadisda Nabiy alayhissalom kinoya bilan ham fitnaga aralashib qolishdan qattiq qaytarmoqdalar. “Tik turgan odam bilan o'tirgan odam” deganda, fitnaga qiziqib turgan odam bilan unga e'tibor qilmagan odam nazarda tutilmoqda. Demak, fitnachilar haqida qiziqishdan ko'ra, ularga aslo e'tibor qilmaslik zarur.

“O'rnida jim tik turgan odam bilan yurayotgan odamdan” murod esa, fitnaga qiziqib turgan va fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushganlardir. Demak, fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushgandan, unga qo'shilmay, shunchaki qiziqqan durustroq sanalmoqda. Yayov yurgan odam bilan tez-tez yurayotgan odamdan murod esa, fitna sari tez harakat qilayotganlardan ko'ra, sust harakat qilayotganlar Allohning nazdida sal tuzukroq odam, demakdir.

Bu illat jamiyatda ildiz otar ekan, unga aralashgan odam darhol chiqib ketishi qiyin. Chunki fitna odatda jozibali bo'ladi, unga qiziqqanlarni darrov o'ziga jalb qiladi. Mo'min kishi har qanday og'ir bo'lmasin, fitnadan qochishi shart.

Imom Zaynuddin Birgaviy rahimahulloh “Tariqat ul-Muhammadiya” asarida islomiy odob-axloq, xususan, qalb xastaliklari borasida so'z yuritar ekan, qirq sakkizinchi o'rinda “Fitna” haqida alohida to'xtalib, jumladan. Bunday degan: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni davlatga qarshi chiqishga targ'ib qilish, va'z aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fitnaga misol bo'ladi. Shuningdek, kitob mutolaa qilishda ehtiyotsizlik qilib, tushunib-tushunmasdan ommaga noto'g'ri tushuncha berib qo'yish ham fitna deyiladi”.

Bugun fitnalar shu qadar chuqur ildiz otyaptiki, bunday holatda mo'min-musulmon kishi ziyrak va hushyor bo'lishi qat'iy talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida tirnoq ostidan kir qidirishni “kasb qilib olgan” kaslarning dinimizga, Vatanimizga tosh otishlari Oysha onamizga fitna uyushtirganlarnikidan kam emas.

Shunday ekan, bugun o'zi mo'min hisoblagan, shu aziz diyorning fuqarosi bo'lgan kishi har qanday fitnaga duch kelsa, avvalo, mazkur oyati karima va hadisi sharifga murojaat qilishi, aql bilan ish tutishi zarur.

Buyuk Parvardigorimiz barchamizni fitnalardan asrasin!

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

 

 

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Umar uning foydasiga hukm chiqardi

23.12.2024   982   2 min.
Umar uning foydasiga hukm chiqardi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:

«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:

«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.

«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.

«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.

Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki bosh­qami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar