Inson hayoti yaqinlari, do'stu birodarlari bilan go'zal. Zero, dinimiz ta'limotida do'stlikka alohida e'tibor qaratilgan.
Alloh taolo Qur'oni karimda: «Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir» (Tavba surasi, 71-oyat).
Hayotda bir-birlari bilan haqiqiy og'a-inilardek bo'lib ketgan do'stlar ko'plab topiladi. Ular o'ziga nima yaxshilikni ravo ko'rishsa, birodariga ham shuni chin dildan tortiq qiladilar. Og'ir va engil kunlarida elkadosh bo'ladi. Ayniqsa, dunyo va oxiratning baxt-saodatiga eltuvchi yo'llarga do'stlarini chorlab, noto'g'ri yo'llardan qaytarishga urinadi.
Do'stlik xususida bir yigit gap ochib qoldi: “Dadam tarbiyamizga o'ta talabchan edi, – deydi u. – Bolaligimdan qattiq nazorat ostida bo'lganim bois har kim bilan do'stlasha olmasdim. Hamisha kimlar bilan ulfatchilik qilayotganimni, do'stlarim qanaqa bolalar ekanini so'rab-surishtirardi. Ayniqsa, beodob bolalarga qo'shilib qolsam, yaxshigina dakki eshitardim. Ammo bir odobli sinfdoshim bilan ko'rsalar, xotirjam bo'lardi. Chunki u do'stim og'ir-vazmin, rostgo'y edi. Dadam uning tarbiyasiga, odobiga havas qilardi.
Ikkalamiz ham voyaga etib, diniy va dunyoviy ilmlarni o'rgandik, bir kasbning boshini tutdik. Shu yillar mobaynida uning menga bo'lgan samimiy munosabati o'zgarmadi. Qolaversa, og'ir kunlarimda yonimda tirgak, xato ishlarimda to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi bo'lgan. O'z o'rnida men ham do'stimga munosib javob qaytarishga harakat qilganman. Shunday do'stni yondosh qilgani uchun Alloh taologa shukronalar aytaman”.
Bu voqeani eshitib, Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis xayolimga keldi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Mo'min mo'minning ko'zgusidir. Mo'min mo'minning birodaridir. Uning zoye bo'lgan narsasini topib beradi va uni ortidan berkitib turadi», deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Shu bilan birga, yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Rostgo'ylar bilan do'stlashinglar. Ular tinchlikda ziynat, xavfda qalqondur”, deganlar. Demak, do'stlarning achchiq bo'lsa-da, rost so'zlaydiganini tanlashimiz lozim. Chunki bunday do'stlar biz uchun ikki dunyoda ham manfaatli bo'ladi.
Zuhriddin MUSOJONOV,
Andijon shahri, “Qoraqo'rg'on” jome
masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olindi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati