frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdiddir

17.12.2021   1794   5 min.
Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdiddir

HH asr so'nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo'ldi. U ham bo'lsa mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, Islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to'rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror shar'iy masalada ulardan birining yo'lini o'ziga lozim tutsa, u ko'r–ko'rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.

Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur'on) va sunna turishi lozimligini ta'kidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa, Kitob va Sunna ta'limotidan ko'ra, ko'proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yo'l qo'yish va nuqsonlardan xoli bo'lishni to'liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so'ng paydo bo'lganligi e'tiboridan, bid'at ishlardan sanalib, sunna ta'limotiga ko'ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir. Sahobai kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasulullohning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror–bir masalada Qur'on va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qo'l urganlar. Bu esa, asosiy e'tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat.

O'zlarini islom dinining fidoyilari deb e'lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur'on va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o'rtasida ixtiloflar paydo bo'lishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga rahna tug'dirayotganligi jar solinmoqda.

Aslida, mazhabsizlik da'vosini yoyishning o'zi ixtilof manbai bo'lib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug'diradigan omil ekanligiga shubha yo'q. Ular o'zlarini mazhabsiz deb da'vo qiladilaru, aslida o'zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o'sha to'rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq bo'lmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari o'z da'volarini asoslashda ixtilof  va taqlid iboralariga alohida urg'u beradilar.

Ma'lumki, islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yo'nalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa e'tiqod qilishda turli tumanlilik shaklda yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga bo'linib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab bo'lgan. Buning oqibatida xorijiy, mo'taziliy, qadariy, jabariy va murjiiy kabi ko'plab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.

Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega bo'lib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvning natijasi o'laroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga etish uchun turli tomonlardan borish imkoni bo'lsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yo'lni tanlaydi. Musulmon shaxsi tomonidan biror bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib eng qulay va ma'qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolarining ittifoqiga ko'ra, dinning asliga taalluqli bo'lgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi o'laroq, fiqhiy masalalarda esa, biror-bir mazhabga ergashish, ya'ni taqlid qilish lozim bo'ladi.

Shayx Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi ko'prikdir”. Bunday harakatlar esa hadislarda va ulamolarning asarlarida qat'iy qoralangan. Qayd etilgan mulohazalar “Qur'on va hadisgagina amal qilamiz”, – deya o'zlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida, bu harakatlari bilan diniy birlik va aqidaviy yakdillikka rahna solayotganligini isbotlaydi. Qolaversa, bunday iddaolar asrlar davomida mavjud bo'lib kelayotgan mazhablar asoschilari va ularning ta'limotlariga nisbatan bo'hton bo'lib, musulmon shaxsini adashtirishga qaratilganligini xulosa qilish o'rinli bo'ladi.

Hulosa qilib aytganda islom dinidagi mazhablarning turli tumanligi noqis holda bo'lmasdan balki bir hikmatdir. Bu ummatlarga engillik va osonlikdir. Ammo bu hikmatni tushunmasdan ixtilof chiqarish esa katta musibatdir. Bu anglashilmovchilikdan ko'prok musulmonlarning o'zi zarar kurayotganlari xam ma'lum. Shuning uchun ixtiloflarga bormasdan ilm- ma'rifatga yondoshish esa asosiy vazifa bo'lib qolmoqda. Shuni xam aytib utish kerakki ixtilof chiqarayotganlarning ko'pchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bunga sabab ularning yoshligi va shu soxa bo'yicha bilimlarining etishmasligi, qolaversa, kimlarningdir so'zlariga aldanib qolishlaridir. Insonning ongiga birinchi qabul qilshiga ma'lumot  noto'g'ri bulsada, to'g'ri xabar sifatida qabul qilishar ekan. Shundan keyin unga to'g'ri ma'lumot berilsa xam noto'g'ri deb qabul qiladi. Shuning uchun birinchi olinayotgan ma'lumot haqiqiy to'g'ri ekanini aniqlash va keyingina uni xotirada saqlash lozim bo'ladi.

 

 

Uzoqov Abdulvosid

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

26.08.2026   4806   3 min.
Janubiy Koreyaning nufuzli telekanali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng yoritdi

O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.

Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.

“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.

Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.

“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.

Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.

Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.

Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.

Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.

“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.

Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari