Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

2-Mavzu: Hanafiy mazhabida “takbiri tahrima” va namozda qo'l bog'lash

16.12.2021   1995   14 min.
2-Mavzu: Hanafiy mazhabida “takbiri tahrima” va namozda qo'l bog'lash

Namozga kirishda qo'llar quloq barobarigacha ko'tarilib, qo'lning bosh barmog'i quloqning yumshog'iga etkaziladi va “takbiri tahrima” aytib, namozga kiriladi. Qo'llar ko'tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo'ladi.

Namozga kirishda qo'llar quloq barobarigacha ko'tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan bo'lib, quyi­da ulardan ba'zilarini keltiramiz:

عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ رضي الله عنه،”أَنَّهُ رَأَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، رَفَعَ يَدَيْهِ حِينَ دَخَلَ فِي الصَّلَاةِ كَبَّرَ،

وَضَعَهُمَا حِيَالَ أُذُنَيْهِ” (رواه الإمام مسلم)

ya'ni: Voil ibn Hujr roziyallohu anhu: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo'llarini ko'tarib, quloqlari barobariga ko'targanlarini ko'rdim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا إِفْتَتَحَ الصَّلاَةَ كَبَّرَ ثُمَّ رَفَعَ يَدَيْهِ

حَتَّى يُحَاذِيْ إِبْهَامَيْهِ أُذْنَيْهِ

(رواه الإمام الحاكم والإمام الدارقطني)

ya'ni: Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so'ngra ikki qo'llarini ko'tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo'lni quloq barobariga ko'tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog'iga qo'l tegishi qo'lning quloq barobariga ko'tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Al-Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma'ul anhur” shu kabi bir qancha mo''tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, namozga kirishda qo'lni qayergacha ko'tarish haqida mazhablar orasida biroz farqlar bor. Albatta, agar barcha o'z mazhabiga amal qilsa, muammo yo'q. Ammo ming yillardan beri hanafiy mazhabiga amal qilinib kelayotgan yurtda tug'ilib-o'sgan kishilar, ota-bobolarining mazhabiga zid ravishda, ko'pchilik jamoatdan ajralib namoz o'qishlari muammo va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Tortishuvga sabab bo'lgan masalalari sunnat yoki mustahab darajasidagi kichik amal bo'lsa-da, tortishuvlarining natijasi harom bo'lgan amalga olib kelmoqda, ya'ni musulmonlar orasida ixtilof chiqarish, ularning bir-birlariga adovat va yomon nazar bilan qarashlariga sabab bo'lmoqda.

Natijada bir yurtda yashayotgan musulmonlar bir-birlariga dushman bo'lmoqdalar. Bu ixtilofga sabab bo'layotgan yoshlarimiz qilmishlari bilan maqsadlari musulmonlar o'rtasida bir-birlariga dushmanlik, adovat hamda tafriqa chiqarish bo'lgan Islom diniga qarshi chiqayotganlarga yordamchi bo'lib qolayotganliklarini anglamayaptilar.

Shu nuqtai nazardan, yurtimiz musulmonlari namozni, jumladan, takbiri tahrimani hanafiy mazhabi asosida amalga oshirishlari maqsadga muvofiqdir.

“Takbiri tahrima”da qo'llar elka barobarigacha ko'tarilishiga hanafiylarning javobi. Payg'ambarimiz alayhissalom namozga kirishda qo'llarini elkalari barobarigacha ko'targanlariga dalolat qiladigan hadislar rivoyat qilingan. Barcha hadislarni mukammal o'rgangan ulamolarimiz bu masalada quyidagicha xulosaga kelganlar: Sovuqda Payg'ambarimiz sollallahu alayhi va sallamning qo'llari kiyimlari ichida bo'lgani va qalin kiyimning engi bo'lmagani sababli namozga kirishda qo'llarini elka barobarigacha ko'targanlar. Tabiiyki, bunday holatda qo'l elkadan tepaga ko'tarilmaydi. Sovuq bo'lmagan paytlarda Payg'ambar alayhissalomning qo'llari kiyimlarining ichida bo'lmagani uchun namozga kirishda qo'llarini quloqlari barobarigacha ko'targanlar. Bunga mashhur sahobiy Voil ibn Hujrning quyidagi rivoyatlari dalolat qiladi:

عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ قَالَ: أَتَيْت النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، فَرَأَيْته يَرْفَعُ يَدَيْهِ حِذَاءَ أُذُنَيْهِ إذَا كَبَّرَ... قَالَ: ثُمَّ أَتَيْته مِنْ الْعَامِ الْمُقْبِلِ، وَعَلَيْهِمْ الْأَكْسِيَةُ وَالْبَرَانِسُ فَكَانُوا يَرْفَعُونَ أَيْدِيَهُمْ فِيهَا، وَأَشَارَ شَرِيكٌ إلَى صَدْرِهِ
(رَوَاهُ الإمَامُ الطحاوي)

ya'ni: «Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (huzurlariga) borganimda ikki qo'llarini quloqlari barobariga ko'targan holda takbir aytganlarini ko'rdim. Keyingi yil borganimda esa, ular (Payg'ambarimiz va sahobalar)ning ustilarida (qalin) kiyimlari bor edi. (Ular namozga kirishda) qo'llarini ko'krak barobarigacha ko'tardilar“» (Imom Tahoviy rivoyati).

Mashhur muhaddis Imom Abu Ja'far Tahoviy rahmatullohi alayh mazkur hadisdan quyidagi xulosani chiqarganlar:

فَأَخْبَرَ وَائِلُ بْنُ حُجْرٍ فِي حَدِيثِهِ هَذَا أَنَّ رَفْعَهُمْ إلَى مَنَاكِبِهِمْ، إنَّمَا كَانَ لِأَنَّ أَيْدِيَهُمْ كَانَتْ حِينَئِذٍ فِي ثِيَابِهِمْ، وَأَخْبَرَ أَنَّهُمْ كَانُوا يَرْفَعُونَ إذَا كَانَتْ أَيْدِيهِمْ لَيْسَتْ فِي ثِيَابِهِمْ، إلَى حَذْوِ آذَانِهِمْ .فَأَعْمَلْنَا رِوَايَتَهُ كُلَّهَا فَجَعَلْنَا الرَّفْعَ إذَا كَانَتْ الْيَدَانِ فِي الثِّيَابِ لِعِلَّةِ الْبَرْدِ إلَى مُنْتَهَى مَا يُسْتَطَاعُ الرَّفْعُ إلَيْهِ، وَهُوَ الْمَنْكِبَانِ. وَإِذَا كَانَتَا بَادِيَتَيْنِ، رَفَعَهُمَا إلَى الْأُذُنَيْنِ كَمَا فَعَلَ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ .

ya'ni: “Demak, Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning “(Payg'ambarimiz va sahobalar namozga kirishda) qo'llarini elkalarigacha ko'tarar edilar“ degan hadislari qo'llari kiyimlari ichida bo'lgan paytga tegish­lidir. Ammo “(Payg'ambarimiz va sahobalar namozga kirishda) qo'llarini quloqlarigacha ko'tardilar“ degan hadislari qo'llari kiyimlari ichida bo'lmagan paytga tegishlidir. Shunday ekan, biz hanafiylar “takbiri tahrima”da qo'l ko'tarish haqidagi Voil ibn Hujr roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadislarining barchasiga amal qilamiz. Sovuq sababli qo'llar kiyim ichida bo'lgan paytda qo'lni ko'tarish mumkin bo'ladigan joygacha ko'taramiz. U ham bo'lsa, elka barobaridir. Agar qo'llar kiyim ichida bo'lmasa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga o'xshab qo'llarimizni quloqqacha ko'taramiz” (“Sharhi maonil-osor” kitobi).

Ma'lumki, hozirgi kunda qo'llar kiyim ichida bo'lmasligiga sabab, barcha kiyimlarning engi borligidir. Demak, hozirgi paytda namozga kiruvchi kishi qo'llarini qulog'i barobarigacha ko'taradi.

Shu bilan birga, namozga kirishda qo'lning bosh barmog'ini quloq yumshog'iga tekkizishning bir hikmati shuki, orqada iqtido qilguvchilarga namozga kirishganligini a'zolar bilan bildirishdir. Ayniqsa, qulog'i og'ir yoki umuman eshitmaydigan kishilar ham qo'lni quloq barobariga ko'tarilgan paytda namoz boshlanganini biladilar. Qo'lni elka barobariga ko'targanda esa, orqadagilarga namoz boshlanganini ko'z bilan bilish qiyin bo'ladi yoki ko'rinmaydi. Shuning uchun ham ulamolarimiz namozga kirishda qo'lning bosh barmog'ini quloq barobarigacha ko'tarish sunnat va uni quloq yumshog'iga tekkizib qo'yish mus­tahab amal deganlar.

Namozda qo'l bog'lash tartibi. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, namozda turgan kishi qo'llarini bir-biriga bog'lab, kindik ostiga qo'yadi. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zilarini keltiramiz.

عن وائل بن حجر رضى الله عنه قال «رأيت النبى صلى الله عليه وسلم وضع يمينه على شماله فى الصلاة تحت السرة» اخرجه الإمام ابن ابى شيبة. رجاله ثقات

ya'ni: Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan, u zot otalaridan rivoyat qilinadi. «U zot aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga – kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). “E'lous sunan” kitobida, bu hadisning roviylari ishonchlidir, deyilgan. Yana bir rivoyatda shunday keladi:

عن ابى وائل رضى الله عنه قال: قال أبو هريرة رضى الله عنه: “اخذ الاكف على الاكف فى الصلاة تحت السرة” (رواه الإمام ابو داود)

ya'ni: Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qo'yib, kindik ostida ushlanadi» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, shunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdanmi?” deb so'raganlar. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdandir”, deb javob berganlar. Demak, bundan Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi marfu' (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qo'llarni kindik ostiga qo'yish sunnat ekanligi sobit bo'lgan”.

عن ابى جحيفة ان عليا رضى الله عنه قال: “السنة وضع الكف على الكف فى الصلاة تحت السرة”

(رواه الإمام ابو داود)

ya'ni: Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo'lni qo'lning ustiga qo'yib, kindik ostiga tushirish sunnatdir» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Bu hadis Imom Ahmadning “Musnad”ida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o'zining “Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor” asarida: “Agar hadis “Musnadi Ahmad”da kelsa, boshqa “Musnad”larga hojat yo'q”, degan. Shunday qilib, ushbu hadis hasan darajasidan tushmaydi” (“E'lous sunan” kitobi).

Namozda qo'lni kindik ostida tutishning ba'zi afzalliklari haqida “Muzmarot” kitobida bunday deyilgan:

لانه اقرب الى التواضع وابلغ الى الخشوع والى ستر العورة واحفظ للازار عن السقوط

ya'ni: “Qo'lni kindik ostida tutish – kamtarlikka yaqinroqdir, xushu' va avrat a'zolarini yopilishiga olib boruvchiroqdir, izorning tushib ketishidan saqlaguvchiroqdir”.

Mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh Hammod ibn Sulaymon rahmatullohi alayhning shogirdlari, bu zot Ibrohim Naxa'iy rahimahullohning shogirdlari, bu zot Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh­ning shogirdlari, bu zot xulofoi roshidinlardan keyingi eng faqih sahobalardan bo'lmish Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning shogirdlaridan bo'lgan. Bir so'z bilan aytganda, Ibrohim Naxa'iyning amali Alqama ibn Qaysning amali, Alqamaning amali Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning amali, Abdulloh ibn Mas'udning amali Payg'ambarimiz alayhissalomning amalidir. (“Tazkirotul Huffoz” kitobi, 48-sahifa). Imom Abu Hanifa rahimahullohning “Musnad”larining muqaddimasida quyidagi hadis zikr qilingan:

“رضيت لامتي ما رضي ابن ام عبد و كرهت لامتي
ما كره ابن ام عبد”

«Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ummatim haqqida Ibn Mas'ud rozi bo'lgan narsaga rozi bo'ldim va u karih ko'rgan narsani karih ko'rdim”».

Namoz payti qiyomda qo'l bog'lash sunnat ekaniga hanafiy, shofeiy va hanbaliy mazhab imomlari ittifoq qilishgan. Biroq qo'l bog'lash kayfiyati borasida shofeiy va hanbaliy faqihlar hanafiy faqihlariga xilof qiladilar. Ularning dalil qilib keltirgan rivoyatlaridan biri, Imom Bayhaqiy Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisdir.

عن وائل رضي الله عنه انه راي نبي صلي الله عليه وسلم وضع اليمني علي شماله ثم وضعهما علي صدره

Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U zot Nabiy sollallohu alayhi va sallamni o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga, so'ng ko'ksilariga qo'yganlarini ko'rganlar”. Shofeiy va hanbaliy ulamolar qo'lni mana shunday bog'lashda xushu'ning komil darajasi borligi va bu qo'lni kindik ostiga qo'yib turishdan afzal ekanligini aytadilar. Bunga javoban hanafiylar: “Qo'lni kindik ostiga qo'yish ta'zimning eng yuqori ko'rinishidir. Odatda, podshohning oldida qo'lni kindik ostiga qo'yib, ta'zim bilan turiladi. Qo'lni ko'krakka qo'yib turish esa, ayollar ta'zimi ko'rinishidir”, deydilar (“Umdat ul-Qoriy” kitobi, 5-jild, 407, 408-sahifa).

Demak, namozda qo'lni qayerda tutish holati haqidagi hadislarni muvofiqlashtirish kerak bo'ladi. Uni esa faqat ijtihod qilishga qodir ulamolarimiz aniqlab beradilar. Hanafiy mazhabimiz mujtahid­lari yuqoridagi hadislarga asoslanib, “Erkaklar qo'llarini kindik ostida tutadilar”, deydilar. Qolaversa, ushbu holat erkaklarda ta'zim va xushu'ga yaqinroqdir.

Demak, kim qaysi mazhabga ergashgan bo'lsa, o'shanga amal qilishi lozimdir. Bizning diyorlarda ming yillardan beri mo'min-musulmonlar hanafiy mazhabiga ergashib kelganlar. Shu sabab namozning qiyomida qo'lni bog'lash masalasida ham hanafiy mazhabiga ergashamiz. Aks holda, noo'rin ixtilof chiqarilgan bo'ladi. Boshqa mazhablarning dalillarini topib olib, hanafiylarni chalg'itib, odamlar orasida joriy qilish fitnaga sabab bo'lishi, an'analarga bepisandlik bilan qarashlarga olib kelishi mumkin.

 

"Diniy-ma'rifiy suhbatlar" kitobidan 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

01.08.2025   3094   1 min.
“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:

“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.


“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.


“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.


“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.


“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.


“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.


“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.


“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.


“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.


Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat dedi.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV