Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning vafot etganini eshitganlarida ko'z yosh to'kkanlar. Baqi' qabristoniga dafn etilgan ilk muhojir sahobiy – Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu sanaladi.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu Makkada dunyoga keldi. Otasi Maz'un ibn Habib ibn Vahb, onasi Suxayla bintu Anbas. Kunyasi Abu Soib edi.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu oilada yaxshi tarbiya ko'rib ulg'aydi. Qabilasi orasida odobi bilan ajralib turardi. Nihoyatda ziyrak, aql-zakovatli va go'zal xulqli inson edi. Hatto johiliyat davrida ham ichkilikka yaqinlashmagan. U: “Aqlimni ozdiradigan, odamlarga masxara bo'lishimga sabab bo'ladigan va o'zimga munosib bo'lmagan ayolga uylanishimga majbur qiladigan bu narsani aslo ichmayman”, deb aytardi.
O'ttiz yoshida Islomni qabul qildi. Bu haqda bunday deydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning oilalariga muhabbatim juda kuchli edi. Kunlarning birida Nabiy alayhissalomga vahiy nozil bo'layotganiga guvoh bo'ldim. Bu hodisa mening qalbimda iymon nuri porlashiga sabab bo'ldi”.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu kechalarini ibodat bilan o'tkazar, kunduzlari esa ro'za tutar, uyda hatto bir kunlik taom saqlamasdi. Dunyoga muhabbat qo'ymadi, obid va zohid, xayrli ishlarda peshqadam, haq yo'lda mustahkam va Islom yo'lida fidokor bo'ldi.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu mushriklarning tazyiq va tahdidi girdobida qolganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijrat qilishga ruxsatlari bo'lganidan so'ng ayoli, o'g'lini olib Madinaga hijrat qildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bir qancha g'azotlarda ishtirok etdi.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu Badr g'azotidan keyin kasal bo'lib qoldi. Og'ir betoblikdan so'ng Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu Ummul A'loning xonadonida vafot etdi. Bu haqda Ummul A'lo bunday deydi: “Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhuning vafotini eshitib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyimizga keldilar. U zot alayhissalom ko'z yosh to'kib: “Alloh va Rasulini sevardi. Ey Abu Soib. Alloh seni rahmatiga olsin! Dunyodan o'tding. Na Sen dunyoga muhabbat qilding, na u senga muhabbat qildi. U bizning qanday yaxshi birodarimiz edi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhuni Baqi' qabristoniga dafn etishni buyurib, janozani o'zlari o'qib berdilar.
Usmon ibn Maz'un roziyallohu anhu Baqi' qabristoniga qo'yilgan dastlabki muhojir sifatida tarixda qoldi.
Ma'lumot uchun: As'ad ibn Zurora roziyallohu anhu Baqi' qabristoniga qo'yilgan ilk ansoriy sahoba hisoblanadi.
Davron NURMUHAMMAD
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati