frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qimor o'ynash – butlarga sig'inish kabi og'ir gunohdir

13.12.2021   2877   9 min.
Qimor o'ynash – butlarga sig'inish kabi og'ir gunohdir

Afsuski, bugungi kunda ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kishilar sport o'yinlari, masalan, futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning jamoasi yutsa, o'sha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni olishi bilan bog'liq o'yinlar tobora avj olmoqda. Bu kabi narsalar qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, g'olib mag'lubdan biror narsa oladigan har bir o'yin qimor bo'lib, dinimizda bu amal qattiq qoralanadi va bundan qaytariladi.

Alloh taolo mo'minlarga qarata bunday xitob qiladi: “Ey iymon keltirganlar, xamr (mast qiladigan ichimlik ichish), qimor (o'ynash), tiklab qo'yilgan butlar (ya'ni, ularga sig'inish) va cho'plar (bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo'lgan nopok ishdir. Bas, undan uzoq bo'lingiz, shoyad najot topsangizlar! Hamr va qimor sababli shayton o'rtalaringizga buzg'u adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o'qishdan to'sishni istaydi, xolos! Endi to'xtarsizlar!”(Moida surasi, 90-91 oyatlar).

Alloh taolo bu oyatlarda xamr, qimor, but-sanamlarga ibodat qilish va folbinlik bilan shug'ullanishni jamlab zikr qilmoqda. Zero, ular zarar jihatidan bir-biriga yaqindir. Ya'ni, xamr va qimor, but-sanamlarga topinish va folbinlik, ham haromlik jihatidan, ham gunoh jihatidan bir-biriga tengdir. Bularning barchasi johiliyat davri ishlaridandir.

Zamaxshariy rahimahulloh aytadilar: “But-sanamlarga ibodat qilgan, Allohga shirk keltirgan, xamr ichgan va qimor o'ynaganlar orasida hech qanday farq yo'qdir!”.

“Ey iymon keltirganlar...” Bu erdagi nido barcha mo'minlarga tegishlidir. Oyati karimada hammaga emas, balki faqat iymon keltirganlarga xitob qilinayapti, chunki Allohga iymoni bo'lmagan odam U Zotning amr va qaytariqlariga ham quloq solmaydi.

Ya'ni: Alloh taologa haqiqiy va yaqiyn iymon keltirgan ey mo'minlar, albatta aqlni to'sib, kishini to'g'ri fikr yuritishdan to'suvchi xamrni iste'mol qilish va u bilan bog'liq boshqa holatlar, tasodifga asoslangan qimor o'yini va u orqali pul topish, qurbonlik va ibodat qilish uchun tiklab qo'yilgan butlarga sig'inish hamda kishi kelajagini bilishga qaratilgan fol cho'plari bilan fol ko'rish “shayton amalidan bo'lgan nopok ishdir”. Bu yuqorida sanab o'tilgan to'rt narsaning sifatidir.

Ya'ni: mana shu narsalar, ularni iste'mol qilish va shug'ullanish nopok va harom ishlardandir. Ularni to'g'ri fikr va sog'lom alq egalari qabul qilmaydi, balki inkor etadi. Zero, bu ishlarni insonga shayton ziynatlab, chiroyli qilib ko'rsatadi. Zero, shaytonning o'zi nopokdir, nopok esa faqat nopoklikka chaqiradi. Ayni paytda shayton insonning ashaddiy dushmani bo'lib, u odam bolasiga yomonlikdan boshqa narsani ravo ko'rmaydi.

Bu ishlar shaytonga nisbat berilishidan ularning o'ta qabih va manfur ishlardan ekanini bilib olamiz.

“Bas, undan uzoq bo'lingiz, shoyad najot topsangizlar!” Bu erdagi “undan” olmoshi “nopok ish”ga, nopok ishlar sirasiga kiruvchi to'rt illat – xamr, qimor, tiklab qo'yilgan butlar va folbinlik qilish cho'plariga tegishlirdir. Oyatda “undan” deb birlik shaklda aytilishiga sabab shuki, xamr, qimor, but-sanamlarga sig'inish va folbinlik qilish – bularning hammasi “nopok ish” deb jamlanmoqda va so'ngra o'sha nopok ishdan uzoq bo'lishga chaqirilmoqda.

Ya'ni: vaholanki, mana shu to'rt narsa sog'lom aql tasdiqlamaydigan nopok va najas narsalar sirasiga kirar ekan, bas, ey mo'minlar, dunyo va Oxiratda najot topishingiz uchun ularni tark qiling, yaqiniga ham yo'lamang! Men sizlarni bu razil ishlarni nafaqat tark etishga, balki undan uzoq yurishingizga amr qilaman!

Shundan so'ng Alloh taolo xamr va qimorning dunyoviy va uxroviy zararlarini bayon qiladi: “Hamr va qimor sababli shayton o'rtalaringizga buzg'u adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o'qishdan to'sishni istaydi, xolos!”

Ya'ni: shayton mana shu munkar ishlarni sizlarga ziynatlab ko'rsatish bilan o'rtalaringizda bo'lib turgan munosabatlarga rahna solish, oralaringizga hasad, nafrat va adovat urug'larini sochishni xohlaydi.

Bularning barchasi xamr va qimor sababidan yuzaga keladi. Agar aroqxo'rlar mast bo'lib olsalar, aql-xushni yo'qotib, hidoyatdan mahrum bo'ladilar, yaxshini yomondan, yomonni yaxshidan ajrata olmay qoladilar, dushmanni do'st tutib, hatto o'zlarining yaqin do'stlarini ham dushman sanay boshlaydilar, bir-birlari bilan janjallashib, jiqqa-musht bo'ladilar. Mana shu narsalar odamlar orasida nafrat va adovat olovini yoqadi va natijada kishilar o'rtasida kelishmovchilik va nizolar kelib chiqadi. Buni Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu misolida ham ko'rishimiz mumkin.

Qimor ham xuddi shunday. Qimorda faqat bir tomon yutadi, ikkinchi tomon bor butidan, mol-mulkidan ajraydi. Yutqazgan odam bunga beparvo qarab turmaydi, endi u yutgan odamga bor kuchi bilan adovat qila boshlaydi. Chunki inson tabiatan mol-dunyoga harismand bo'lib, ko'z o'ngida bir zumda mol-mulkidan mahrum bo'lgan odam uni qaytarishga, juda bo'lmaganda o'sha raqibiga biron zulm qilishga, aziyat etkazishga harakat qiladi. U, avvalo, qalbida unga bo'lgan kuchli adovat va qasos olish rejasini tugib qo'yadi, kuni kelib uni amalga oshiradi. Natijada talon-tarojlik, qotillik, o'g'rilik kabi jinoyatlar sodir etiladi.

Shunday qilib, xamr va qimor odamlar orasidagi munosabatlarga rahna solib, o'zaro aloqalarning uzilishiga sabab bo'ladi. Bu xamr va qimorning dunyoviy zararlari edi. Oyati karima davomida u ikkisining uxroviy zararlari haqida ham to'xtalib o'tiladi: “... hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o'qishdan to'sishni istaydi, xolos!”.

Ya'ni: shayton sizlar xamr ichish va qimor o'ynash bilan shug'ullanishingiz tufayli Allohning zikridan, U Zotga ibodat qilib, qurbat hosil qilish hamda Dinning eng asosiy ustunlaridan bo'lgan namozni bekamu-ko'st ado etishdan to'sadi, mashg'ul qilib qo'yadi.

Aroqxo'r mast bo'lishi bilan aqlini yo'qotadi. Aql ketganidan keyin esa banda Allohga itoat etish, U Zot buyurgan amallarni, xususan namozni bajarishga qodir bo'lmaydi. Bu haqiqat hali xamr butkul harom qilinmasidan avval o'z tasdig'ini topgan. Abdurahmon ibn Avf ismli sahobiyning uyiga sahobalar yig'ilishib, u erda taom iste'mol qiladilar va xamr ichadilar. Shom namozi vaqti kirganida, ulardan biri imomlikka o'tib, qiroatida xatolikka yo'l qo'yadi. Mana shuning o'zi xamr bandani namozdan to'sishiga yaqqol misoldir!

Qimor o'ynaydigan odam shu yo'l bilan pul topish halol deb biladi. Bunday kishida sof iymon halovati va sog'lom aql bo'lmaydi. Natijada u Alloh buyurgan ibodatlarni bajarish u yoqda tursin, ular haqida o'ylab ham ko'rmaydi.

Alusiy rahmatullohi alayh aytadi: “Shaytonning xamr tufayli bandani Allohning zikri va namozdan to'sishiga sabab shuki, aroqxo'rda mastlik va “quvonch” paydo bo'ladi, u jismoniy lazzatlarga g'arq bo'ladi. Bunday holda u o'z-o'zidan ibodatdan chetda bo'ladi. Qimor o'ynaydigan odam agar yutsa, qalbi quvonchga to'lib, g'alaba va mol-dunyoga bo'lgan muhabbati uni ibodatdan to'sadi. Agar mag'lub bo'lsa, umidsizlikka uchrab, g'am-tashvish ichida qoladi va u endi faqat va faqat o'z dushmani ustidan yutish haqida o'ylay boshlaydi. Bunday holatda uning xayoliga ibodat qilish kelarmidi?!”

“Endi to'xtarsizlar!” Bu xamr, qimor va shu kabi harom ishlarning dunyoviy va uxroviy zararlari bayon qilingach ham ularni iste'mol qilishda davom etadiganlar uchun qattiq malomat va tergov ma'nosida aytilmoqda.

Ya'ni: bu harom ishlardan tezda to'xtanglar! Zero, Men sizlarga ularning zararlarini bayon qildim. Sizlar xamr ichishdan to'xtaysizlarmi, yo'qmi?!

 

Odilxon qori Yunusxon o'g'li

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   20953   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari