Ma'lumki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog'liq barcha masalalarning echimini u zotning o'zlari bayon qilar edilar. Payg'ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin odamlar bilmagan narsalarini asosan sahobalardan so'rar edilar. Goxida uchrab turadigan qiyin masalalarni echish uchun eng bilimdon saxobalar yig'ilib maslaxat qilishar va fatvo berishardi. Keyinchalik saxobalar yashash uchun turli yurtlarga ko'chib ketdilar. Odamlar o'zlari suxbatiga etishgan olim saxobalarning fatvolariga amal qilishardi. O'sha davrning markaziy shaxarlari – Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anxumlarning fatvolariga amal qilinvadi. Aynan mana shu davrlarda saxobalar mazxabi shakllanganini ko'rish mumkin. Shundan keyin bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy qismida o'z imomlariga ergashadilar va ularning mazxablarini qo'llab-quvvatlaydilar. Zamonlar o'tishi bilan yigirmaga yaqin mazxablar ichidan faqat buyuk to'rttasi qoldi. Shu o'rinda aytib o'tish lozimki, xozirda ko'p takrorlanayotgan “Dinda mazhablarga ergashish yo'q”, “Sahobalar davrida mazhablar bo'lmagan” kabi puch da'volarga mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Saxobalar davrida ham mujtaxid sahobalar mazxabi bor edi. Saxobalar mazhabi asosida xozirga qadar etib kelgan to'rtta fiqxiy mazxablar saqlanib qoldi. Mazhabga ergashish – qur'on va sunnatni qo'yib shaxsga ergashish emas, balki aynan qur'on va sunnatga ergashish sanaladi.
Chunki Alloh taolo o'zining kalomida shunday marxamat qiladi: “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang” (Naxl surasi 43-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o'zlari bilmagan masalalarning javobini zikr axli xisoblangan ulamolardan so'rashga buyurmoqda. Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo'ysinib, payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan beri muayyaan bir mazhabga taqlid qilib kelishmoqda. Aslida bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bashoratlarining voqe'likdagi ko'rinishi edi.
Chunki hadisi sharifda U zot: “Bu ilmni xar bir avlodlardan ishonchli kishilar tashiydilar. Ular ilmni joxillarning botil talqinlari, yo'ldan ozganlarning da'volari va g'uluvga ketganlarning xatolaridan saqlaydilar”, deganlar.(Imom Bayxaqiy, Madxalda rivoyat qilgan).
Fiqhiy mazhablar xozirga qadar musulmonlar birdamligini saqlashda asosiy omil bo'lib kelmoqda. Muxaddis olimlardan biri Abdulxaq Dehlaviy rahimahulloh to'rt mujtaxid imomlar yo'li xaqida shunday deganlar: “Islom dinining to'rtta yo'li – mazhabi bor. Kim shu yo'llardan boshqasini tutsa, batahqiq adashibdi” deganlar. Hozirgi kunga kelib, buyuk mujtahid olimlarni qo'yib, o'zlariga ergashishga da'vat qiladigan qo'shtirnoq ichidagi “mujtahidlar” ko'p uchramoqda. Ular qur'oni karim va hadisi shariflarni o'zlarining nafsu xavolari bilan izoxlab, salafi solixlarimiz yo'lida og'ishmoqda. Hozirda bemazhablikka chaqirayotgan kishilar “Alloh taolo mazhabga ergashishga buyurmagan, balki zikr axlidan so'rashga buyurgan,” deya odamlarni aldashga urinmoqda. Ho'sh, Mazhabboshilari zikr axli bo'lmasa, unda kim ekan? Axir mujtahid imomlarimizning ilmiga, taqvosiga va ilmiy omonatdorligiga butun ummat tasannolar aytgan bo'lsa, ularning ilmiga ergashmasdan yana kimga ergashish kerak? Muayyan mazhabga taqlid qilgan musulmonlar xozirda xam, hozirgi kunga qadar xam ummatning mutlaq ko'pchilligini tashkil qilgan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchillik tomonini lozim tuting”, deganlar.( Imom ibn Moja rivoyatlarida).
Demak, mazhabga ergashishlik katta jamoaga ergashish xisoblanadi. Hulosa qilib aytganda, mazxabga ergashish – shariat ko'rsatmalariga ergashishdir! Uni inkor qilish esa shar'iy ko'rsatmalarga va butun islom ulamolariga qarshi chiqish xisoblanadi. Alloh taolo o'zining xaq dinidan adashtirmasin, musulmonlarning birdamligini ta'minlasin. Barchalarimizni ummat ichida ixtilof chiqaruvchi bo'lishlikdan o'zi asrasin.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati