Cavol: Sha'bon oyida ro'za tutishni niyat qilib turibmiz. Og'iz ochish va yopish vaqtlari va duolarini aytib yuborsangiz, iltimos.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Darhaqiqat, Ko'plab hadisi shariflarda Sha'bon oyida nafl ro'za tutishga targ'ib qilingan. Jumladan, Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha'bon oyini juda ham kam (holatlarda) ro'zasiz o'tkazardilar”(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Bir kuni men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga shunday savol berdim: “Yo Rasululloh, men (Ramazondan tashqari) birorta oyda Sha'bondagidek ro'za tutganingizni ko'rmadim?" Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Bu shunday oyki, odamlar Rajab bilan Ramazon o'rtasida undan g'aflatda qolishadi. Bu oyda amallar Robbul a'lamiynga ko'tariladi. Shunday ekan, men amalimni o'zim ro'zador holimda ko'tarilishini yaxshi ko'raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Nafl ro'zaning vaqti tong otgandan quyosh botguncha. Havo bulutli bo'lmaganda oddiy ko'z bilan ham tong otishi va quyosh botishini bilib olish mumkin. Kishi tong otgani yoki quyosh botganini aniqlay olmasa yoki havo bulutli bo'lsa, namoz vaqtlarini ko'rsatuvchi taqvimdan foydalanadi. Taqvimda “Tong” deb yozilgan vaqt og'iz yopishning oxirgi vaqti. O'sha vaqtdan keyin eb-ichsa, ro'zasi durust bo'lmaydi. Lekin saharlikdan uxlab qolgan odam hech narsa eb-ichmasdan nafl ro'zani niyat qilib, tutib ketaveradi. “Shom” deb yozilgan vaqt esa og'iz ochish vaqtidir. Undan avval og'iz ochib yuborilsa, kuni bo'yi tutgan ro'zasini buzib qo'yadi.
Nafl ro'zaning aksar hukmlari farz ro'zanikiga o'xshaydi, faqat niyatda “Tong otgandan to quyosh botguncha nafl ro'za tutishni niyat qildim”, deyiladi. Og'iz yopishda maxsus duo yo'q, u paytda yuqorida aytilgandek qilib niyat qilinadi. Iftorlik (og'iz ochish) duosi quyidagicha:
اَللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَبِكَ آمَنْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ، فَاغْفِرْلِى مَا قَدَّمْتُ وَمَا أَخَّرْتُ
O'qilishi: "Allohumma laka sumtu va bika amantu va a'layka tavakkaltu va a'laa rizqika aftortu, fag'firliy ma qoddamtu va maa axxortu".
Ma'nosi: Allohim! Ushbu ro'zamni Sen uchun tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Mening avvalgi va keyingi gunohlarimni mag'firat qilgil. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati