Respublikamizda imom-xatiblar faoliyatini yanada takomillashtirish, bugungi globallashuv davrida Vatan ravnaqi yo'lida xizmatlari hamda yoshlarimizning turli yot buzg'unchi toifalarning ta'siridan himoyalanishida targ'ibot-tashviqot ishlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida har yili “Yil imomi” ko'rik tanlovi o'tkaziladi.
Tanlovni o'tkazishdan qanday maqsad ko'zlangan? Tanlovning maqsadi bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, yuqori kasbiy mahorat sohibi bo'lgan, ilg'or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalana oladigan, diniy-ma'rifiy soha targ'ibotchisi bo'lgan faol imomlarni aniqlash va qo'llab-quvvatlashdan iborat.
Tanlovning vazifalari nimalardan iborat? Tanlovning bir qancha vazifalari mavjud. Ulardan ayrimlari: tuman, shahar, viloyatlarning chekka va olis hududlarida faol mehnat qilayotgan, o'z ishiga sadoqat bilan yondoshib, jonbozlik ko'rsatayotgan imomlarni aniqlash, ularni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, aholining turli qatlamlari orasiga kirib borib, mavjud muammolarni bartaraf etishda alohida jonbozlik ko'rsatayotgan imomlarni aniqlash hamda imom-xatiblar o'rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, tajriba almashinishni yo'lga qo'yish va boshqalar.
Tanlov necha bosqichda o'tkaziladi?
Tanlov uch bosqichda bo'lib o'tadi:
tuman (shahar) bosqichi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi;
Respublika bosqichi.
Respublika bosqichida qanday shartlar bo'ladi?
Respublika bosqichi 7 turdan iborat bo'lib, 1-turda qiroat va tafsir,
2-turda aqoid, 3-turda fiqh, 4-turda islom tarixi, 5-turda hadis ilmlari, 6-turda Movarounnahr allomalari hayoti va ijodi oid savollar hamda 7-turda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlari asosida baholanadi.
Tanlovda eng yuqori ball to'plagan ishtirokchi "Yil imomi" ko'rik tanlovining mutlaq g'olibi sifatida e'tirof etiladi.
G'oliblar uchun qanday mukofotlar beriladi?
1-o'rin sohibi I darajali diplom va Haj ziyoratiga yo'llanma;
2-o'rin sohibi II darajali diplom va bazaviy hisoblash mikdorining 45 baravari mikdorida pul mablag'i;
3-o'rin sohibi III darajali diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravari mikdorida pul mablag'i mukofoti bilan taqdiralanadi.
Shuningdek, tanlov g'oliblari va ishtirokchilariga homiylik mablag'lari hisobidan qimmatbaho sovg'alar taqdim etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati