Jumladan, Bosh Qomusimiz – O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustuvor maqsadi har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, kafolatlarini ta'minlashga qaratilgan.
Konstitutsiya – vijdon va e'tiqod erkinligini o'zida mujassam etgan, yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tengligini ta'minlovchi, mamlakat taraqqiyotini yorqin namoyon etuvchi asosiy hujjat, baxtimiz qomusi, xalqimizning oru nomusi, diniy bag'rikengligimiz ifodasi hisoblanadi. Chunki uning har bir moddasi, har bir bo'limida xalqaro huquq me'yorlari ham, milliy bag'rikenglik tamoyillari ham aks etib turadi.
Quvonarlisi, Bosh Qomusimizning 18-moddasida ham bu mustahkam asos qilib belgilab qo'yilgan: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar”.
Shu ma'noda, yurtimizda millatlararo ahillik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ma'naviy-axloqiy tarbiyani kuchaytirish bo'yicha aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu barcha sohada olib borilayotgan keng ko'lamli yangilanishlar, xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish yo'lidagi ezgu sa'y-harakatlarning muhim asosi bo'lib xizmat qilayotir. O'zbekiston esa bu borada tizimli islohotlar olib bormoqda.
Fuqarolar totuvligi barqarorligi, turli millatlar vakillari o'rtasidagi tinchlik va hamjihatlikni ta'minlash, vatandoshlarimiz ongida ko'p millatli yagona oila tuyg'usini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur qo'mita davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan edi.
Shu bilan birga, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasidagi beshinchi yo'nalish xavfsizlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik masalalariga bag'ishlanganini eslab o'tish joiz.
Joriy yilning 5 iyulida esa davlatimiz rahbari tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi. E'tirof etish kerak, xalqimizga xos bo'lgan ma'rifatparvarlik, tolerantlik, bag'rikenglik, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ'ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash borasidagi yana bir muhim qadamlardan biri bo'ldi deyish mumkin.
O'zbekistonning millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik sohasidagi islohotlari nafaqat mamlakatimiz ichki siyosati, balki tashqi siyosatida ham o'z aksini topayotir. Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga to'xtalib, jumladan, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo'yicha takliflarini ilgari surgan edilar.
2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig'ilishida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta a'zo mamlakatlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi. Prezidentimizning bu tashabbusi zamirida bashariyatni tinchlik va taraqqiyot sari etaklovchi ezgu istak mujassam.
Islohotlar davom etib, yangi saylangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida “O'zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o'rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o'zaro hurmat va hamjihatlikdir”, deb ta'kidlab o'tgan edilar.
Darhaqiqat, yangi davrga qadam qo'ygan O'zbekistonning bosh maqsadi – jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta'minlashdan iborat.
Ayni paytda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya tinch-totuv, hamjihatlik yashab kelmoqda. Ularning huquq va erkinligi, ta'minlash, ta'lim olish, kasb-hunar egallashi, millatiga xos an'ana hamda qadriyatlarini hurmat qilish, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Har yili respublikamiz bo'ylab “16 noyabr' – Halqaro bag'rikenglik kuni” keng miqyosda nishonlanadi. Jamiyatimizda do'stlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar, konferentsiyalar, davra suhbatlari, kontsert dasturlaridan iborat “Bag'rikenglik haftaligi” o'tkazilishi an'anaga tusiga kirgan. Joriy yilda ham mazkur haftalik ko'tarinki ruhda o'tkazilganini barchamiz ko'rdik va eshitdik.
Muxtasar aytganda, yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O'zbekiston xalqini tashkil etadi. Mustaqil O'zbekistonning bosh hujjati negizida esa millatlararo totuvlik va diniy qadriyatlar sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, erishilgan muvaffaqiyatlar mujassam. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yurtimizning har bir fuqarosining vijdon va e'tiqod erkinligini ta'minlab kelayotir. Zero, yuksak taraqqiyotga millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash orqaligina etish mumkin.
Erkinjon MAHMUDOV,
Qo'qon shahar adliya bo'limi boshlig'i
O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَأْكُلْ بِيَمِينِهِ، وَإِذَا شَرِبَ فَلْيَشْرَبْ بِيَمِينِهِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِشِمَالِهِ وَيَشْرَبُ بِشِمَالِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi», dedilar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar).
Demak, chap qo‘li bilan yeb-ichgan odam Rohmanning amridan yuz o‘girib, shaytonga ergashgan va uning ishini qilgan bo‘ladi.
Shuning uchun bu masalaga katta e’tibor bilan qaramog‘imiz, farzandlarimizga ham o‘rgatmog‘imiz lozim.
عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا أَكَلَ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشِمَالِهِ، فَقَالَ: كُلْ بِيَمِينِكَ، قَالَ: لَا أَسْتَطِيعُ، قَالَ: لَا اسْتَطَعْتَ، مَا مَنَعَهُ إِلَّا الْكِبْرُ، قَالَ: فَمَا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar.
«Qodir emasman», dedi u.
«Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», dedilar u zot. Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi» (Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilganligini yorqin ko‘rib turibmiz. Albatta, gap ovqatlanishning islomiy madaniyati haqida ketmoqda. Ovqatlanishning islomiy madaniyatlaridan biri o‘ng qo‘l bilan yeyishdir. Har bir musulmon inson bu muhim ishga alohida e’tibor bilan qarashi lozim. Ba’zi bir kishilar bu islomiy madaniyatga rioya qilmasalar, ularni ogohlantirish kerak.
Ushbu rivoyatning qahramoni ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ovqatlanishning islomiy madaniyatiga rioya qilmay, chap qo‘li bilan taom yeyishga tutindi. Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga beparvo bo‘lishlari mumkin emas edi. Shuning uchun mazkur odobsiz kishiga ta’lim berib:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar».
Bunday paytda har qanday odam ta’lim beruvchiga tashakkur aytib, o‘zini o‘nglab olishga urinadi. Odob-axloq taqozosi shu. Ammo haligi odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga tashakkur aytib, o‘z xatosini tuzatib, o‘ng qo‘li bilan taom yeyishga o‘tish o‘rniga:
«Qodir emasman», dedi».
Ya’ni, bu «Ovqatni o‘ng qo‘li bilan yeya olmayman. Chap qo‘lim bilan yeyaveraman», degani edi. O‘zi noto‘g‘ri ish qila turib, unga mehr ko‘rsatib, xatosini to‘g‘rilab qo‘ygan zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday betgachoparlik qilgan nobakor har qanday jazoga va qarg‘ishga loyiq edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin qilib:
«Qodir bo‘lmagin!» dedilar».
Ya’ni, «O‘ng qo‘ling bilan taom yeya olmasang, bir yo‘la yeya olmay qolgin», dedilar. Hamda u yerda hozir bo‘lganlarga tushuntirish uchun:
«Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», deb, qo‘shib qo‘ydilar. Ya’ni, u odam yuqoridagi gapni haqiqatda o‘ng qo‘lida nuqson borligi uchun emas, kibr bilan xatosini tan olishdan bosh tortib aytgan edi.
Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning duolari joyida qabul bo‘ldi.
«Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi».
Ajab bo‘ldi! Battar bo‘lsin! O‘z foydasini bilmagan, shariat hukmidan ko‘ra o‘zining kibrini ustun qo‘yadiganlar uchun bu ham kam!
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Chap qo‘l bilan taom yeb bo‘lmasligi.
2. Birovning chap qo‘l bilan yeganini ko‘rgan odam tanbeh berib, o‘ng qo‘l bilan yeyishini eslatib qo‘yishi kerakligi.
3. Diniy hukmlar bo‘yicha nasihat eshitgan odam mutakabbirlik qilmasligi kerakligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari darhol qabul bo‘lishi.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juz