Yoshligimda otamdan kundalik xarajatlarim uchun pul olardim. Dadam menga o'zimga etadigan miqdorda pul berardilar. Men u pullarimni ehtiyojimga qarab ishlatib, ortib qolganini yig'ib qo'yardim.
Ba'zida otam menga pulni keragidan biroz ko'proq ham berardilar. Masalan, har kuni 200 so'm bersalar, ayrim kunlari 250-300 so'm berardilar. Keyin menga “Ortgan pulga singlingga muzqaymoq olib berarsan” deb qo'yardilar.
Ba'zi kunlari “O'g'lim, agar ortiqcha puling bo'lsa, yoningdagi do'stlaring, aka-ukalaring, opa-singillaringni ham unutmagin, ularga ham nimadir hadyalar qilib, xursand qilib turgin” derdilar.
Otamning pul berishdagi shunday tarbiyalari bilan oila a'zolarim, do'stlarim va boshqa yaqinlarimni ham o'ylaydigan bo'lib o'sdim. Agar uyda yoki hamyonimda ortiqcha pul paydo bo'lsa, yaqinlarimdan qaysi biri yordamga muhtojligi haqida o'ylash menga maktab davrimdan odat bo'lib qolgan edi.
Bugun otamning meni shunday tarbiya qila boshlagan vaqtlaridan 20 yil o'tibdi. Lekin pul masalasida o'sha 20 yil oldin qanday bo'lsam, hozir ham shunday holatni boshimdan o'tkazaman. Qo'limga pul tushdimi, birinchi navbatda o'zimning va oilamning ehtiyojlariga sarflayman. Unday keyin otamning nasihatlarini yodimda saqlagan holda qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar, do'stlarimdan muhtojlariga berishga harakat qilaman.
Yoshligimda bu xayrli ishlar otam bergan pullardan bo'lar edi. Bugun esa o'zim ishlab topgan pulga bo'lyapti. Ammo baribir o'sha yoshligimdagidek otamning nasihatlari va to'g'ri tarbiyalari hosilasi o'laroq bo'lyapti bu xayrli ishlar. Shu sabab bu xayriyalardan marhum otamga ham nasiba borib turishidan umidvorman.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.