Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Taqdirni rad etish

29.01.2019   4018   10 min.
Taqdirni rad etish

 Bismillahir Rohmanir Rohiym.
             Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
 Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo dedi:

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratdik»

(Qamar surasi, 49).

Ibn Javziy tafsirlarida bu oyatning nozil bo‘lish sababi xususida ikki xil gap borligini aytganlar: Birinchisi, Makka mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan taqdir haqida tortishganlar. Shunda mazkur oyat nozil bo‘lgan (Muslim rivoyati). Abu Umoma roziyallohu anhu: «Bu oyat qadariyalar xususida», deganlar. Ikkinchisi, Najron yepiskopi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, gunohlar ham taqdir-qadar bilan sodir etiladi, deb da’vo qilasan. Bunday emasku», dedi. Shunda ushbu oyatlar nozil bo‘ldi: «Albatta, jinoyatchi-osiy kimsalar gumrohlik va ahmoqlikdadirlar. Ular yuztuban hollarida do‘zaxga sudraladigan Kunda (ularga): «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar!» (deyilur). Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov-qadar bilan yaratdik» (Qamar surasi, 47–49).

«Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratganku!»(Vas-soffot surasi, 96).

Ibn Jarir aytganlarki, bu oyatni ikki xil tushunish mumkin. Alloh sizlarni va amallaringizni yaratgan yoki Alloh sizlarni va yasab olgan butlaringizni yaratgan. Bu oyat bandalarning ishlari maxluq ekaniga hujjatdir. Allohu a’lam. «Jonga va uni raso qilib-yaratib, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib-o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki…» (Vash-shams surasi, 8). Said ibn Jubayr aytganlar: «Alloh nafsga fujurini ham, taqvosini ham yuklab qo‘ydi». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi –ular taqdir qilinmagan», deb da’vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsayu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilarda, so‘ng Jabroil alayhissalom hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?»

deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).

Allohga iymon keltirish – Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini qiladigan zot, deb tasdiqlashdir. Farishtalarga iymon keltirish ularni Allohning bandalari deb tasdiqlashdir.

«…Yo‘q (farishtalar aslo Allohning bolalari emas, balki) ulug‘ bandalardir. (Farishtalar) U zotdan ilgari biron so‘z aytmaydilar (ya’ni, Alloh buyurmagan biron ishni qilmaydilar). Ular (Allohning) amr-farmoni bilangina amal qilurlar. U zot ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o‘tgan) barcha ishamallarini bilur. Ular (Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda) faqat (Alloh) rozi bo‘lgan kishilarnigina shafoat qilurlar – qo‘llay olurlar. Ularning o‘zlari (Allohdan) qo‘rqib xafvu xatarda tururlar» (Anbiyo surasi, 26–28).

Kitoblarga iymon keltirish – Alloh taolo O‘zining tanlab olgan elchilariga vahiy qilgan kalomini tasdiqlashdir. Bu kalomlar jamlanib, devon qilinib, pokiza sahifalar va qiymatli kitoblarga aylangan. Mo‘min ulardan bilganiga batafsil, bilmaganiga umumiy suratda iymon keltiradi. Payg‘ambarlarga iymon keltirish – ularning Alloh taolo nomidan bergan xabarlariga ishonishdir. Alloh ularni rostgo‘yliklariga dalolat qiladigan mo‘jizalar bilan qo‘llab quvvatlagan, ular Allohning risolatini yetkazganlar, mukallaf bandalarga Allohning buyruqlarini bayon qilib berganlar. Ularni ehtirom qilish va ulardan birontasini ajratib qo‘ymaslik vojib bo‘ladi. Oxirat kuniga iymon keltirish – Qiyomat kunini va u kunda ro‘y beradigan qayta tirilish, mahshargohga to‘planish, hisob-kitob, mezon, pulsirot, jannat va do‘zax, bu ikkisi muhsinlarga savob, nobakorlarga jazo diyori ekanini va bulardan boshqa sahih naqlda kelgan narsalarni tasdiqlashdir. Taqdirga iymon keltirish quyidagi oyati karimalar ifodalaydigan ma'nolalarni tasdiqlashdir: «… Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratganku!»(Vas-soffat surasi, 96).

«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratgandik» (Qamar surasi, 49).

«Na yerga va na o‘zlaringizga biron musibat yetmas, magar (etsa), Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22).

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bilginki, agar senga biron narsada foyda berish uchun butun ummat to‘plansa ham, faqat Alloh taolo sen uchun yozib qo‘ygan narsa bilangina foyda beradi. Agar senga biron zarar yetkazish uchun to‘plansa ham, faqat Alloh taolo yozib qo‘ygan narsa bilangina zarar yetkazadi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan» (Termiziy rivoyati).

Salaflar va xalaf imomlarining mazhabi-fikri shuki, kimda-kim bu ishlarni hech shubhalanmasdan va ikkilanmasdan qat’iy tasdiqlasa, mo‘min bo‘ladi. Bu tasdiq yorqin hujjatlar orqali bo‘ladimi yoki qat’iy e’tiqodlar yordamidami, farqi yo‘q. Vallohu a’lam. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh maxluqotlar taqdirini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘ygan» (Muslim rivoyati).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kishi: «Yo Rasululloh, bugungi amallar nimaga bog‘liq? Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsagami yoki biz endi qiladigan, endi sodir bo‘ladigan narsagami?» deb so‘radi. «Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsaga bog‘liq», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. «Unda amal qilishning nima keragi bor?» deb so‘ragan edi, «Amal qilinglar, har bir kishi muyassar bo‘lguvchidir», dedilar Nabiy. (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir narsa qadar-taqdir bilandir. Hattoki ojizlik va ziyraklik ham»

(Ahmad va Muslim rivoyati).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qadariyalar va murjialar bu ummatning majusiylaridir. Agar ular kasal bo‘lsalar, ziyorat qilmanglar va agar o‘lsalar, (janozalarida) qatnashmanglar» (Taboroniy rivoyati).

Rivoyat qilishadiki, Alloh qiyomat kunida avvalgilaru oxirgilarni to‘plagan vaqtda bir jarchiga buyuradi, u: «Allohning xusumatchilari qani?» deb nido qiladi. Bu nidoni avvalgilaru oxirgilar eshitadi. Shunda qadariyalar o‘rinlaridan turadilar va ularga do‘zaxga kirish buyuriladi. Alloh taolo aytadi: «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov – qadar bilan yaratdik». Alloh bandaga ma’siyat-gunoh ishni taqdir qilib, so‘ng u sababli azoblashi joiz emas, deb tortishganlari uchun ularga: «Allohning xusumatchilari», deyiladi. Rivoyat qilinadiki, Alloh qaysi payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, uning ummatida qadariyalar va murjialar bo‘lgan. «Alloh yetmishta payg‘ambar tilida qadariya va murjialarni la’natladi». Xabarda keltirilishicha, «Qadariyalar bu ummatning majusiylaridir». Yana aytiladiki: «Har bir ummatning majusiylari bo‘ladi. Bu millatning majusiylari esa taqdir-qadar yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi, deb da’vo qiladigan kimsalardir».

Hasan Basriy hazratlari aytganlar: «Allohga qasamki, agar bir qadariy arqonday bo‘lib qolguncha ro‘za tutsa, so‘ng simday bo‘lib qolguncha namoz o‘qisa ham, Alloh uni do‘zaxga yuztuban uloqtiradi. Keyin unga: «Do‘zax azobini totib ko‘r. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov – qadar bilan yaratdik», deyiladi». Fasl

Tobe’inlar, musulmon imomlari, salaflar va fuqaholardan yetmish kishi quyidagi ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnat ekanligiga ijmo‘ qilganlar: «Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lish, buyrug‘iga taslim bo‘lish, hukmi ostida sabr qilish, buyurgan narsalarini bajarish, qaytargan narsalaridan tiyilish, Alloh uchun xolis amal qilish, yaxshiyu yomon taqdirga iymon keltirish, din xususidagi tortishuvmunozara va xusumatni tark etish, mahsiga mahs tortish, vafot etgan ahli qiblaga janoza o‘qish. Iymon – so‘z, amal va niyatdir, toat bilan ziyodalashadi, osiylik bilan kamayadi. (Izoh: Bu fikr Shofe’iy mazhabinikidir. Hanafiy mazhabi ulamolari fikriga ko‘ra esa, iymon – til bilan iqror bo‘lish, qalb bilan tasdiqlashdir. Shuningdek, iymon ziyoda yoki kam bo‘lmaydi, balki uning nuri ko‘payib ozayadi. ) Qur’on Allohning kalomidir. Uni Jabroil Allohning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga olib tushgan. U maxluq emas. Sulton tarafidan adolat yoki zulm sodir bo‘lsada, uning bayrog‘i ostida sabr qilinadi. Amirlar jabr-zulm qilsalar ham, ularga qarshi qilich ko‘tarmaymiz. Ahli qibladan birontasini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofir hisoblamaymiz. Faqat o‘sha gunohni halol deb bilsa, kofir deymiz. Ahli qibladan birontasiga qilgan yaxshi amali sababli jannatiy deb guvohlik bermaymiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jannatiy deb guvoh bergan zotlar bundan mustasno. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida bo‘lib o‘tgan narsalar xususida tilimizni tiyamiz, bahslashmaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin maxluqotlarning eng afzali Abu Bakr, so‘ng Umar, so‘ng Usmon, so‘ng Ali ibn Abu Tolibdir (Alloh barchasidan rozi bo‘lsin). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning barcha azvoji mutohharolari (ayollari), avlodlari va as'hoblariga Allohning rahmatini so‘raymiz.

Imom Hofiz Shamsiddin Zahabiy
“Gunohi kabiralar” kitobidan

http://vakillik.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

8.01.2025   12180   14 min.
Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.

Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.

Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.

Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.

Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!

Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).

Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!

«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).

Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).

Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).

So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».

Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).

Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).

Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan