Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Payg'ambarimiz alayhissalomning vakolat doiralari (7-qism)

29.07.2022   3609   18 min.
Payg'ambarimiz alayhissalomning vakolat doiralari (7-qism)

Yuqoridagi bobda bayon etilgan Qur'on oyatlari va ulardan olingan natijalar Payg'ambarimiz alayhissalom sunnatlarining hukmini isbotlash uchun kifoya qiladi. Binobarin bu Islom shariatining bosh manbasi bo'lmish Qur'oni karim bilan isbotlanmoqda. Biroq Qur'oni karim umumiy bir qoida yoki ta'limot sifatida faqatgina "Payg'ambarga itoat"ga e'tibor qaratmasdan, ayni vaqtda u zotga itoat qiluvchini g'ayratlantirish g'oyasi bilan hukmni farqli yo'nalishlari va amalga oshirish talablarini turli tomonlariga ham e'tibor beradi. 

RASULULLOH ALAYHISSALOMNING VAKOLATLARI HUKMChIQARISh

Qur'oni karimning bir qator oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukm chiqarishdagi vakolatlari bayon qilingan. Hususan, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿وَاكْتُبْ لَنَا فِي هَذِهِ الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الْآَخِرَةِ إِنَّا هُدْنَا إِلَيْكَ قَالَ عَذَابِي أُصِيبُ بِهِ مَنْ أَشَاءُ وَرَحْمَتِي وَسِعَتْ كُلَّ شَيْءٍ فَسَأَكْتُبُهَا لِلَّذِينَ يَتَّقُونَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَالَّذِينَ هُمْ بِآَيَاتِنَا يُؤْمِنُونَ الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الْأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوبًا عِنْدَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالْأَغْلَالَ الَّتِي كَانَتْ عَلَيْهِمْ فَالَّذِينَ آَمَنُوا بِهِ وَعَزَّرُوهُ وَنَصَرُوهُ وَاتَّبَعُوا النُّورَ الَّذِي أُنْزِلَ مَعَهُ أُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ﴾

«Bizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozgin. Biz Senga qaytdik. (Alloh) dedi: Azobimni xohlagan kishimga etkazurman. (Ammo) rahmatim hamma narsadan kengdir. Uni (rahmatimni) taqvoda bo'luvchilar, zakot beruvchilar va oyatlarimizga iymon keltiruvchilarga yozajakman.Ular savodsiz elchiga – ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga (Muhammadga) ergashadilar. U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga iymon keltirgan, uni ulug'lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar, aynan o'shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir»”(A'rof surasi, 156-157-oyatlar).

Oyatga ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalaridan biripok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi. Ya'ni yaxshilikka buyurish va yomonliklardan qaytarish, ulardan ogohlantirish.

Narsa (amal)larning shar'iy va noshar'iy ekaniga hukm chiqarishga avvalo vakolat bo'lishi kerak. Ushbu oyatda bu huquq aynan Payg'ambar alayhissalomga berilmoqda.

Shunga ko'ra, yangi shar'iy va noshar'iy masalalarni belgilashda faqat Qur'oni karim bilan kifoyalanmaydi. Suradagi: U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi oyati bunga ishora qiladi.

Oyatning davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirishga urg'u bermoqda. Ya'ni shar'iy va noshar'iy ishlarni ajrata olish vakolatlariga ishonish shart.

Navbatdagi oyatdagi: u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar…. ya'ni Qur'oni karimnurga ergashishga amr etilmoqda. Bunda “Matluv” (tilovat qilinadigan vahiy) yoki “G'oyri matluv” (tilovat qilinmaydigan) vahiy bo'lsin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yuborilgan, u zot alayhissalomning axloq va ta'limotlarida aks etgan butun amrlarga ergashish tushuniladi.

Ushbu oyat shubhasiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yangi hukm chiqarish vakolatiga ega ekanliklariga ochiq-oydin hujjat bo'ladi.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi:

﴿قَاتِلُوا الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَلَا بِالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَلَا يُحَرِّمُونَ مَا حَرَّمَ اللَّهُ وَرَسُولُهُ وَلَا يَدِينُونَ دِينَ الْحَقِّ مِنَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حَتَّى يُعْطُوا الْجِزْيَةَ عَنْ يَدٍ وَهُمْ صَاغِرُونَ﴾

«Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi – to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bergunlariga qadar jang qilingiz!» (Tavba surasi, 29-oyat).

U yoki bu narsaning harom ekanligini e'lon qilish huquqi faqat Alloh taologa xosdir. Ammo oyatga ko'ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Allohning izni bilan bu huquqni qo'llay oladilar.

Alloh taoloning va Payg'ambar alayhissalomning huquqlari orasidagi farq shubhasiz nihoyatda kattadir. Alloh taoloning hukm chiqarish huquqi butunlay mustaqil (hech kimga va hech narsaga qaram bo'lmagan). Payg'ambar alayhissalomning huquqlari Alloh taolodan keladigan vahiyga tobedir. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar sifatida hukm chiqarish vakolatiga egadirlar va shu sabab Allohning hukmiga itoat etish shart bo'lgani kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ham hukmlariga bo'ysunish shartdir.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْرًا أَنْ يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾

Alloh va Uning payg'ambari bir ishni hukm qilganda – hech bir mo'min va mo'minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo'lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi(Ahzob surasi, 36-oyat).

Ushub oyatda mo'min va mo'minalar Alloh hamda Rasulining hukmiga bo'ysunishlari lozimligi ochiq-oydin ta'kidlanmoqda. Shunga alohida e'tibor berish kerakki, oyatda “Alloh” va “Uning payg'ambari” o'rtasida kelgan “va” ham bog'lovchi, ham ajratuvchi vazifasini bajaradi. Bu erda faqat "bog'lovchi" ma'nosida kelgan deyish noto'g'ri talqin sanaladi. Eng ma'qul echim "va" kalimasini ham bog'lovchi, ham ajratuvchi ma'nosida qo'llashdir. Bunda Alloh yoki Rasuli, yoki har ikkisi biror narsaga hukm qilsa, unga iymon keltirish, ergashish lozimligi tushuniladi. Ularning hukmlarini qabul qilishdan boshqa yo'l yo'q, eng to'g'ri yo'l – itoat (ergashish)dir.

Demak, bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mukallaf bo'lgan mo'minlarning shaxsiy yoki jamoaviy (umumiy) muammolarini hal qilishda hukm chiqarishga shar'an hokimiyat egasi bo'la olishlari ma'lum bo'ladi.

Alloh taolo bunday buyuradi:

﴿وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا﴾

Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz(Hashr surasi, 7-oyat).

Bu oyat fath va g'azotlarda olingan o'lja (g'animat)larga tegishli bo'lsada, tafsir ilmiga ko'ra, biror oyat ma'lum hodisa haqida vahiy orqali nozil bo'lgan va qo'llanilgan ifodalar umumiy bo'lsa, bu ifodalar umumiy sharh qilinadi hamda faqat bir hodisaga xoslanmaydi.

Bu oyat Nabiy alayhissalom haqlarida umumiy bir qoida bo'lib, Payg'ambar alayhissalomni chiqargan buyruqlari mo'minlarga taalluqli bo'ladi va qaytargan narsalari esa ular uchun harom hukmini joriy etadi. Bunga ko'ra, Qur'oni karim Payg'ambar alayhissalomga, hukm chiqarish, qaytariq qo'yishda shar'iy huquq bergan.

Shu erda Nabiy alayhissalomning ulug' sahobalaridan Abdulloh ibn Mas'udning bir ayolga bergan hikmatli javoblarini keltirib o'tsak.

حدثنا عيسى بن أحمد العسقلاني إملاء ، حدثني محمد بن سعيد القزويني ، نا عمرو ، عن منصور ، عن إبراهيم ، عن علقمة قال : قال عبد الله : « لعن الله الواشمات والمتوشمات المتفلجات للحسن المغيرات خلق الله » قال : فأتته امرأة من بني أسد ، يقال لها أم يعقوب فقالت : بلغني أنك لعنت كذا وكذا ؟ قال : ألا ألعن من لعن رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وهو في كتاب الله ؟ قالت : فوالله إني لأقرأ بين اللوحين فما أجد هذا الذي تقول قال : بلى والله إنه لفيه :﴿ما آتاكم الرسول فخذوه وما نهاكم عنه فانتهوا[1] قالت : فأظن امرأتك منهن ؟ قال : فادخلي فانظري قال : فخرجت فقالت : ما وجدت كذلك قال : أما إنها لو كانت كذلك لم تجامعنا.

Alqama Abdullohdan rivoyat qiladi «Abdulloh: “Vashm[2] qiluvchi, vashm qildiruvchi, qosh teruvchi va husn uchun tishining orasini ochdiruvchi ayollarni – Allohning yaratganini o'zgartiruvchilarni Alloh la'natlasin!” dedi. Bu Banu Asadlik Ummu Ya'qub degan ayolga etib boribdi. U kelib, “Sen falon-falondaylarni la'natlabsan-mi?!” dedi. “Nega endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam la'natlagan va Allohning Kitobida bo'lganlarni la'natlamas ekanman?!” dedi. U: “Men ikki muqova orasini o'qib chiqqanman, unda sen aytgan narsani ko'rmaganman”, dedi. U: “Ha, Allohga qasamki u mana bu oyatda: “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz”, dedi. Ayol: “O'ylaymanki, o'zingning ayoling ham ulardan bo'lsa kerak?” dedi. (Abdulloh) “Kirib, ko'r”, dedi. (Abdulloh) Ayol chiqib aytdi: “Izlagan narsamni topmadim”, dedi. Shunda (Abdulloh): “Agar shunday bo'lganida, biz bilan jam bo'lmagan bo'lardi”, dedi»[3].

Bu javob bilan Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu yuqoridagi oyat Nabiy alayhissalomning butun buyruq va qaytariqlarini qamrab oluvchi ekanini va qo'yilgan qaytariqlar Nabiy alayhissalom tomonlaridan keltirilgani uchun unga bo'ysunish kerakligiga ishora qildilar.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجًا مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا﴾

“Bas, Rabbingiz haqqi, ular o'rtalaridan chiqqan nizolarga Sizni hakam qilmagunlaricha va so'ngra chiqargan hukmingizdan dillarida tanglik sezmay, to'la taslim bo'lmagunlaricha, zinhor iymon keltirmagaylar”(Niso surasi, 65-oyat).

Bu oyatda ixtiloflar yuzaga kelgandagina Payg'ambarimiz alayhissalomning hukm chiqarish huquqlari bordek ko'rinadi. Biroq uni kengroq tushunish kerak. Bir hokim, shubhasiz biror hukmni chiqarishi uchun hokimiyatga ega bo'lishi lozim. Ammo uning hukmini bajarish uchun musulmon bo'lishlik talab etilmaydi. Agar hokimning hukmi qabul etilmasa, bu jazolanishiga sabab bo'lishi mumkin, lekin oxirgi natija uni Islom doirasidan chiqarib yubormaydi.

Bundan farqli ravishda bu oyatda Payg'ambar alayhissalom chiqargan hukmlarni qabul etmagan banda mo'min bo'la olmasligi qattiq ogohlantirilmoqda. Bu oyatda Nabiy alayhissalomning huquqlari oddiy hokim huquq (vakolat)lari kabi emasligi va u zot alayhissalomning buyruqlari rad etilsa, kufrga sabab bo'lishi aytilmoqda. Bu esa Nabiy alayhissalomning hukmlari muhokama qilinadigan hukmlar sirasiga kirmasligini, ularning barchasi Allohdan kelgan matluv va g'oyri matluv vahiyga asoslangan bo'lib, Allohning tarafidan yuzaga kelgan huquqiy hukmdir.

Shunday qilib bu huquqiy hukmni agar biror mo'min rad etsa, natijada “U Islom dini chegarasidan chiqdi va ilohiy amrni rad etdi”, degan tushuncha yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan yuqoridagi oyatga muvofiq, Payg'ambar alayhissalom hukm chiqaruvchi hokim sifatida qolmoqdalar. Ushbu oyat bilan u zot alayhissalomga ilohiy huquq bilan musulmonlar tobe' bo'ladigan hukm chiqarish vakolati berilmoqda. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

﴿وَيَقُولُونَ ءَامَنَّا بِٱللَّهِ وَبِٱلرَّسُولِ وَأَطَعۡنَا ثُمَّ يَتَوَلَّىٰ فَرِيقٞ مِّنۡهُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَۚ وَمَآ أُوْلَٰٓئِكَ بِٱلۡمُؤۡمِنِينَ ٤٧ وَإِذَا دُعُوٓاْ إِلَى ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَهُمۡ إِذَا فَرِيقٞ مِّنۡهُم مُّعۡرِضُونَ ٤٨ وَإِن يَكُن لَّهُمُ ٱلۡحَقُّ يَأۡتُوٓاْ إِلَيۡهِ مُذۡعِنِينَ ٤٩ أَفِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ أَمِ ٱرۡتَابُوٓاْ أَمۡ يَخَافُونَ أَن يَحِيفَ ٱللَّهُ عَلَيۡهِمۡ وَرَسُولُهُۥۚ بَلۡ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ ٥٠ إِنَّمَا كَانَ قَوۡلَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ إِذَا دُعُوٓاْ إِلَى ٱللَّهِ وَرَسُولِهِۦ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَهُمۡ أَن يَقُولُواْ سَمِعۡنَا وَأَطَعۡنَاۚ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ ٥١ وَمَن يُطِعِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَيَخۡشَ ٱللَّهَ وَيَتَّقۡهِ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡفَآئِزُونَ ٥٢

«Ular: "Allohga va Payg'ambarga iymon keltirdik va itoat qildik", derlar. So'ngra ulardan bir guruhi yuz o'girib keturlar. Ana o'shalar mo'min emaslar. Ularni qachonki Allohga va Uning Payg'ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlansa, banogoh ulardan bir guruhi yuz o'girguvchilardir. Agar haq ular (tarafda) bo'lsa, u (Payg'ambar)ga bo'yin egib kelurlar. Ularning qalblarida maraz bormi?! Yoki shubha qildilarmi?! Yoxud Alloh va Uning Payg'ambari ularga zulm qilishidan qo'rqadilarmi?! Yo'q! Ularning o'zlari zolimlardir. Albatta, mo'minlarning Allohga va Uning Payg'ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlanganlaridagi gaplari: "Eshitdik va itoat qildik", demoqlaridir. Ana o'shalarning o'zlarigina najot topguvchilardir. Kim Allohga va Uning Payg'ambariga itoat etsa hamda Allohdan qo'rqib, Unga taqvo qilsa, bas, ana o'shalargina yutuqqa erishguvchilardir» (Nur surasi, 47-52-oyatlar).

Bu oyatdan musulmon bo'lish uchun Nabiy alayhissalom hukmlariga so'zsiz taslim bo'lish shartligi aytilmoqda. Da'vat qilinganlaridan so'ng ixtilof chiqsa Payg'ambarga murojaat etmaganlari uchun Qur'oni karimga ko'ra, ularga mo'min sifatida muomala qilinmaydi. Bu esa yana bir bor avvalgi oyatda zikr etilgan asosga ko'ra: “Alloh va Uning Rasuliga iymon keltirishning asosiy sharti – Payg'ambar alayhissalom hokimligini butun qalbi bilan qabul etishdir”.

Shunga ko'ra, mo'minlar ixtilof masalasida Payg'ambarga murojaat qilishlari va u zotga ergashishlari lozim.

Hulosa qilib aytganda, Payg'ambarimiz alayhissalomning hukmlariga to'liq taslim bo'lish talab qilinadi.

 

[1] Hashr surasi, 7-oyat.

[2] Vashm – igna yoki boshqa vosita bilan rasm yoki so'zni tanaga o'yib, naqsh solish (tatuirovka).

[3] Imom Buxoriy. Sahih; Imom Muslim. Sahih; Imom Ahmad, Musnad; Dorimiy. Sunan; Ibn Moja. Sunan; Abdurazzoq. Musannaf; Ibn Abu Shayba. Musannaf; Tabaroniy. Kabir; Bayhaqiy. Kubro; Bag'aviy.

 

1-qism2-qism3-qism4-qism6-qism, 7-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   1952   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari