Pokistonlik mashhur olimlardan Shayx Muhammad Amin Sofdar Okarviy aytadi:
“Kunlarning birida talabalardan imtihon olib turgan vaqtimda, uch kishi men bilan ko'rishmoqchi ekanliklarini aytishdi. Ularni xonamga taklif qildim, bir stol atrofida o'tirdik. Ular ilmli kishilar bo'lsalarda, muomalalari juda ko'pol edi.
Ulardan biri: “Bir imomga taqlid qilish zarurligi haqida birorta hadis kelganmi?” dedi.
Men: “Sizlar Qur'onni to'liq o'qib chiqqanmisiz?” deb so'radim.
Ulardan biri: “Ha, albatta”, deb javob berdi.
Men: “Siz etti qiroatda o'qishni bilasizmi?” deb so'radim.
U: “Yo'q, biz faqat bitta qiroatda o'qishni bilamiz”, dedi.
Men: “Yetti qiroatdan faqatgina bitta qiroatni tanlash haqida biror hadis kelganmi?” Bitta qiroatni tanlash haqida kelgan hadisni topib bering, biz sizga bir imomga taqlid qilish haqidagi hadisni keltiramiz”, dedim.
U: “Nechta iloh bor?” dedi.
Men: “Bitta”, dedim.
U: “Ho'p, iloh bitta ekan, nega unda mazhab imomlari to'rtta?” deb so'radi.
Men: “Iloh yagona, lekin 124 ming payg'ambarlar o'tgan. O'zi sizning savol berishingizdan maqsadingiz nima?” deb so'radim.
Ular: “To'rt mazhab imomlarining barchasi ham haqmi?” deb so'rashdi.
Men: “Ha, alhamdulillah. To'rt imomlarning har biri haq”, dedim.
Ular yana qaytarib: “Aniq, to'rttala imom-a?” dedilar.
Men: “Ha, ha to'rt imom”, dedim.
U: “Nega unda to'rtta imomga taqlid qilmaysizlar?” dedi.
Men: “Unday qilmaymiz”, dedim. “Siz bugun juma namozini o'qidingizmi?” deb so'radim. Ertaga yahudiylar kabi shabbat kunini ham nishonlaysizmi? Axir Muso alayhissalomni ham haq payg'ambar ekaniga iymon keltirasiz-ku, to'g'rimi yoki iymon keltirmaysizmi?
Ular: “Ha, to'g'ri iymon keltiramiz. Barcha payg'ambarlarning haq ekaniga iymon keltiramiz. Lekin biz bitta payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashamiz”, deyishdi.
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.