O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 23 sentyabr' kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishi uning mazkur xalqaro tashkilot ishidagi ikkinchi ishtiroki hisoblanadi. Yurtboshimiz dunyo minbaridan turib mintaqa va jahon hamjamiyati uchun muhim sanalgan umumsiyosiy masala va takliflarni o'rtaga tashladi. Biz uchun ushbu nutqning alohida ahamiyatli jihati shundan iborat bo'ldiki, belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur xalqaro tashkilot odatda dunyo bo'yicha oltita tildan foydalanadi. Davlatimiz rahbari tarixda ilk bor o'z ona tili – buyuk Navoiy, Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdining tilida so'z aytishi, albatta, tarixiy voqeadir.
Prezident Sh.Mirziyoev o'z nutqida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqdi. Hozir ularning ayrimlari haqida to'xtalib o'tmoqchimiz. Jumladan, davlatimiz rahbari o'z nutqida mamlakatimizda diniy erkinlik borasida vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni yanada mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanligini aytib o'tdilar.
Darhaqiqat, diniy erkinlik bo'yicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar ushbu so'zlarni tasdiqlaydi. Jumladan, diniy masalalar bo'yicha maxsus ro'yxatda turgan shaxslarni ushbu ro'yxatdan chiqarilgani, ko'plab diniy mahbuslarga amnistiya e'lon qilinayotgani, yangi masjidlar ochilayotgani, diniy ta'lim olish uchun imkoniyatlar kengayayotgani 2020 yil AQShning xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi (USCIRF) O'zbekistonni “diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar” qatoridan olib tashlashiga sabab bo'ldi. O'zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini bugungi kunda mamlakatda 130dan ortiq millat va elatning o'zaro totuvligisiz, 16 diniy konfessiya vakillari o'rtasida bag'rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo'lmaydi. O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha “Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi bandida ham xavfsizlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni ta'minlash sohasidagi ustuvor yo'nalish qilib belgilab qo'yilgan. Muqaddas dinimiz ta'limotiga ko'ra esa bag'rikeng bo'lish iymon belgisidir. Chunki, Alloh taolo muborak kalomida:
“Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat), deb marhamat qilgan.
Abdulla Avloniy bag'rikenglik bo'lmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan, jumladan shunday deydi: “Qaysi bir millatning orasida birlik ko'tarilub, nifoq va adovat hukm surgan bo'lsa ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan ma'lumdir”.
Davlatimiz rahbari sessiyada so'zlagan nutqlarida mintaqa davlatlari o'rtasida yaxshi qo'shnichilik va o'zaro ishonch, do'stlik va hurmat muhitini yaratish bo'yicha erishilgan yutuqlar, qo'shni Afg'oniston mamlakatida tinchlik va barqarorlikni o'rnatish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi bajarilishi lozim bo'lgan aniq taklif va rejalar haqida aytib o'tdilar.
Halqimizda “Qo'shning tinch- sen tinch” degan naql bor. Alloh talo O'zining kitobida biz bandalar kimlarga yaxshilik qilish lozimligini uqtirib:
“Va Alloh taologa ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar ota-onaga, qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yaqin qo'shnilarga, yon qo'shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko'chada qolganlarga va qo'lingizda mulk bo'lagnlar yaxshilik qilinganar. Albatta, Alloh taolo o'zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko'rmas” (“Niso” surasi, 36-oyat), deb marhamat qiladi.
Agar e'tibor bersak, oyatda har bir toifa zikr qilinib turib, qo'shni haqida uch marotaba qayta zikr qilinmoqda. Demak, shariatimiz ko'rsatmalari bo'yicha ham qo'shnining haqqi buyukligi oyati karimada zikr qilinmoqda. Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ushub siyosat ham diniy jihatdan, ham umuminosiy jihatdan to'la risolaga mos kelishini ta'kidlamoqchimiz.
Bir so'z bilan aytganda davlatmiz rahbarining ma'ruzalarida qayd etilgan barcha masalalar o'zining o'zbekona insonparvarlik tuyg'ulari bilan yo'g'rilganligi, qat'iy va mag'rur jaranglashi bilan ham alohi ahamiyat kasb etdi.
Zayniddin EShONQULOV
O'MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Iymon va tafakkur
Doktor Zag‘lul Najjor shunday deydi:
“Ramazon oyi kirib kelganda inson o‘z nafsi bilan bir lahza to‘xtab, fikr yuritishi va tafakkur qilishi kerak. Chunki har bir Ramazon – Qur’oni karim bilan yangi sayohatdir. Men odatda bir sura yoki bir nechta oyatni tanlab, uning ma’nolari haqida chuqur o‘ylayman, sirlarini anglashga harakat qilaman.
Bu yil esa mening e’tiborimni bir oyati karima o‘ziga tortdi. U qalbimni larzaga soldi va Yaratgan Zotning buyuk qudratini yanada chuqur his qildirdi. Ushbu oyati karima insonni faqat qarashga emas, balki chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Axir ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga boqmaydilarmi – u qanday yaratilgan?” (G‘oshiya surasi, 17–oyat).
Tuya – yer yuzini kezuvchi ajoyib mo‘jizakor hayvonlardan biridir. Keling, uning ba’zi hayratlanarli xususiyatlari haqida mulohaza qilaylik.
Tuya sho‘r suvni ham ichishi mumkin. Ammo shunga qaramay, uning tanasidagi muvozanat buzilmaydi. Chunki uning buyraklari juda mukammal tozalash tizimi kabi ishlaydi: suvni tuzdan ajratib, tanasiga toza holda yetkazadi.
Tuya qattiq tikanlarni ham bemalol iste’mol qila oladi. Bu esa uning og‘zi va hazm tizimi o‘ziga xos tarzda yaratilgani bilan bog‘liq. Shu sababli tikanlar unga zarar yetkazmaydi.
Tuyaning ko‘zlari ham juda ajoyib tarzda yaratilgan. Unda ikki xil qovoq bor: biri oddiy qovoq, ikkinchisi esa shaffof pardaga o‘xshaydi. Qum bo‘roni paytida shu shaffof qovoq yopilib, tuya yo‘lini ko‘rishda davom etadi, ammo ko‘ziga bir dona qum ham kirmaydi.
Uning yana bir ajoyib xususiyati - tanasi haroratini muhitga moslashtira olishidir. Sovuq joyda haroratini ko‘taradi, juda issiq sahroda esa pasaytiradi. Bu darajadagi moslashuv boshqa ayrim jonzotlarda uchramaydi.
Shuning uchun Qur’on karimda: “Ular tuyaga qaramaydilarmi – u qanday yaratilgan?” – deya tafakkurga chaqiriladi.
Bir oz diqqat bilan qaragan inson ushbu maxluqning har bir a’zosida Allohning qudrati namoyon ekanini ko‘radi. Go‘yoki uning har bir hujayrasi: “Bu Allohning yaratishidir”, deb guvohlik berayotgandek.
Olimlar aytadilarki, ushbu oyati karimada Alloh taolo inson e’tiborini tuya yaratilishidagi sirlarga qaratmoqda. Chunki unda tafakkur qilgan inson uchun tavhid (Allohni yagona deb e’tiqod qilish) ga eltuvchi dalillar va ilohiy qudratning belgilarini ko‘rish mumkin.
Haqiqiy ilm ahllari shuni ta’kidlashadi: tuya yaratilishi haqida tafakkur qilgan inson Qur’on karim tabiatiga bekorga ishora qilmaganini anglaydi. U inson aqlini oddiydek ko‘ringan, ammo ajoyib yaratilgan maxluqotlar orqali Alloh taoloning qudratini anglashga chaqirmoqda:
“Ey Robbim, Sen naqadar buyuksan!
Kitobingdagi har bir oyat – nur,
yaratgan har bir maxluqing – dalil,
va har bir tafakkur – iymon eshiklaridan birini ochadi”.
Ilyosxon Ahmedov tarjimasi.