NAZM
Oltinchi mu'man bihning sharhini munosabat
jihatidin munda qilindi
Taqdirg'a ishoratdur
Yeru ko'k ichra har ne hodisdur,
Tengri taqdiri, bilki, bo'isdur.
Kufru din, zuhdu fisqu yaxshi-yamon,
Tengri taqdiri birladur yakson.
Fe'lingiz har nedur, biling Ondin,
Yamonu yaxshi barcha – Rahmondin.
Yamonu yaxshidur – qazosi aning,
Yaxshig'adur vale rizosi Aning.
Zohidig'a tegar tuvban ta'abe,
Yorlaqar fosiqeni besababe.
Zulm emastur, erur bori ishi xo'b,
Adl ila fazl erur Anga mansub.
NASRIY BAYoN
BOBUR IZOHI. Oltinchi mu'man bih (iymonning oltinchi sharti)ning sharhi mavzuga munosib bo'lgani sababli bu o'rinda qilindi.
Taqdirga ishonmoq sharhi
Yeru osmon ichra yana har nimaiki bor bo'lsa, hammasi hodisdir – keyin paydo bo'lgandir. Bunga Alloh ta'oloning taqdiri – belgilab qo'ygan o'lchovi, andazasi, qazoyu qadari sababdir.
IZOH. Inson, jin, Yer, osmon, malak (farishta), shayton, hayvon, o'simlik, jonsiz mavjudot, javhar, ma'dan, idrok etiladigan va his qilinadigan narsalarning hamma-hammasi hodisdir (keyin paydo bo'lgandir). Janobi Haq bularni yo'qdan bor qilgan («Jomi' ul-mutun»).
Kufr va iymon, zuhdu fisq, ya'ni dunyo lazzatlaridan kechib, Haqqa berilish ham, Haq yo'ldan chiqib, noloyiq ishlarni qilish ham, yaxshi va yomon ishlar ham – hammasi birday Allohning belgilab qo'ygan taqdiri bilandir.
Fe'lingiz har qanday bo'lsa, Undan deb biling, chunki yaxshi va yomon ishlarning hammasi Rahmon bo'lmish Allohdandir.
Yaxshi va yomon ishlarning hammasi Uning qazoyu qadari bilandir, lekin (Uning yomon ishlarga rizosi yo'q,) Uning rizosi faqat yaxshi ishlargadir (Alloh faqat yaxshi ishlardan rozi bo'ladi).
Zohidga – dunyodan o'zini tortib, toat-ibodatga berilgan kishiga, xohlasa, Undan mashaqqat, qiyinchilik etadi, (xohlasa,) fosiqni, ya'ni Haqning itoatidan chiqqan gunohkorni hech qanday sababsiz ham rahmat qilaveradi. Uning barcha ishi yaxshidir, zulm-nohaqlik emasdir, adolat va fazl – lutfu karam Unga tegishlidir, Unga xosdir.
IZOH. Taqdirga – yaxshilik va yomonlik Allohdan ekaniga ishonmoq iymon shartlaridandir.
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Iymon va tafakkur
Doktor Zag‘lul Najjor shunday deydi:
“Ramazon oyi kirib kelganda inson o‘z nafsi bilan bir lahza to‘xtab, fikr yuritishi va tafakkur qilishi kerak. Chunki har bir Ramazon – Qur’oni karim bilan yangi sayohatdir. Men odatda bir sura yoki bir nechta oyatni tanlab, uning ma’nolari haqida chuqur o‘ylayman, sirlarini anglashga harakat qilaman.
Bu yil esa mening e’tiborimni bir oyati karima o‘ziga tortdi. U qalbimni larzaga soldi va Yaratgan Zotning buyuk qudratini yanada chuqur his qildirdi. Ushbu oyati karima insonni faqat qarashga emas, balki chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Axir ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga boqmaydilarmi – u qanday yaratilgan?” (G‘oshiya surasi, 17–oyat).
Tuya – yer yuzini kezuvchi ajoyib mo‘jizakor hayvonlardan biridir. Keling, uning ba’zi hayratlanarli xususiyatlari haqida mulohaza qilaylik.
Tuya sho‘r suvni ham ichishi mumkin. Ammo shunga qaramay, uning tanasidagi muvozanat buzilmaydi. Chunki uning buyraklari juda mukammal tozalash tizimi kabi ishlaydi: suvni tuzdan ajratib, tanasiga toza holda yetkazadi.
Tuya qattiq tikanlarni ham bemalol iste’mol qila oladi. Bu esa uning og‘zi va hazm tizimi o‘ziga xos tarzda yaratilgani bilan bog‘liq. Shu sababli tikanlar unga zarar yetkazmaydi.
Tuyaning ko‘zlari ham juda ajoyib tarzda yaratilgan. Unda ikki xil qovoq bor: biri oddiy qovoq, ikkinchisi esa shaffof pardaga o‘xshaydi. Qum bo‘roni paytida shu shaffof qovoq yopilib, tuya yo‘lini ko‘rishda davom etadi, ammo ko‘ziga bir dona qum ham kirmaydi.
Uning yana bir ajoyib xususiyati - tanasi haroratini muhitga moslashtira olishidir. Sovuq joyda haroratini ko‘taradi, juda issiq sahroda esa pasaytiradi. Bu darajadagi moslashuv boshqa ayrim jonzotlarda uchramaydi.
Shuning uchun Qur’on karimda: “Ular tuyaga qaramaydilarmi – u qanday yaratilgan?” – deya tafakkurga chaqiriladi.
Bir oz diqqat bilan qaragan inson ushbu maxluqning har bir a’zosida Allohning qudrati namoyon ekanini ko‘radi. Go‘yoki uning har bir hujayrasi: “Bu Allohning yaratishidir”, deb guvohlik berayotgandek.
Olimlar aytadilarki, ushbu oyati karimada Alloh taolo inson e’tiborini tuya yaratilishidagi sirlarga qaratmoqda. Chunki unda tafakkur qilgan inson uchun tavhid (Allohni yagona deb e’tiqod qilish) ga eltuvchi dalillar va ilohiy qudratning belgilarini ko‘rish mumkin.
Haqiqiy ilm ahllari shuni ta’kidlashadi: tuya yaratilishi haqida tafakkur qilgan inson Qur’on karim tabiatiga bekorga ishora qilmaganini anglaydi. U inson aqlini oddiydek ko‘ringan, ammo ajoyib yaratilgan maxluqotlar orqali Alloh taoloning qudratini anglashga chaqirmoqda:
“Ey Robbim, Sen naqadar buyuksan!
Kitobingdagi har bir oyat – nur,
yaratgan har bir maxluqing – dalil,
va har bir tafakkur – iymon eshiklaridan birini ochadi”.
Ilyosxon Ahmedov tarjimasi.