Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Noyabr, 2026   |   6 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:12
Peshin
12:13
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:23
Bismillah
16 Noyabr, 2026, 6 Jumadul soni, 1448

Luqmoni Hakim bilan masalchi Ezop bir kishimi?

09.04.2018   9897   14 min.
Luqmoni Hakim bilan masalchi Ezop bir kishimi?

Luqmoni Hakim nomi muazzam Sharqda qanchalik mashhur bo‘lsa, masalchi Ezopning shuhrati ham Ko‘hna Qit’ada undan kam emas. Qur’oni karimda Luqmoni Hakim haqida uning nomi bilan atalgan alohida sura nozil bo‘lgan. (31-Luqmon surasi). Ammo uning payg‘ambar yoki donishmand ekani ochiq ifoda etilmagan bo‘lsa-da, komil musulmon sifatida tasvirlangan. Muqaddas Kitobimizda Alloh taolo unga narsalar va voqea-hodisalarning mohiyatiga bexato yetish va eng to‘g‘ri hukm chiqara olish ne’matini, ya’ni hikmatni ato etgani aytilgan. Shuning uchun ham uning ismi sharifi Luqmon al-Hakim (“hikma” – “donishmand”) deb atalgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumoning ta’kidlashicha, Luqmoni Hakim habashiy qul bo‘lgan. Otasining oti Bouro. U Ozar (Torax) avlodidan bo‘lib, Ayyub alayhissalomning singlisi yoki xolasining o‘g‘lidir. Luqmoni Hakim Dovud alayhissalom zamonigacha yashagan va u zotdan ilmu hikmat o‘rgangan.

Tarixiy manbalarda Ayyub alayhissalom miloddan oldingi XVI asrda tug‘ilib, 254 yil yashagan, mil.avv. XV yuzyillik atrofida vafot etgan, deyiladi. Shu hisobda miloddan oldingi XVI asr boshlarida tavallud topgan bo‘lsa, XIV asrga yaqinroq vaqtlarda qazo qilgan bo‘lsa kerak-da. U zotning Lut alayhissalomning qiziga uylangani va Damashq atrofida yashaydigan aholiga payg‘ambar qilib yuborilgani, vafodor ayolining oti Rahima bo‘lgani aytiladi.

Suriya, Falastin, Misr va Markaziy Osiyoda Ayyub alayhissalom nomi bilan bog‘liq toponimlar bor.

Luqmoni Hakimning otasi Ayyub alayhissalomning singlisi yoki xolasining o‘g‘li ekanidan kelib chiqilsa, uni Damashq atrofida, miloddan avvalgi XVI asrlarda tug‘ilgan deb taxmin qilish mumkin bo‘ladi. Shu taxmin boshqalaridan ko‘ra haqiqatga yaqinroq keladi.

Dovud alayhissalom barpo etgan davlatning Falastin, Suriya va Arabiston yarimorolining bir qismiga qadar cho‘zilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Biroq Dovud alayhissalomning miloddan avvalgi XI asr atrofida yashagani Luqmoni Hakimning umrini qariyb 500 yilga qisqartirib yuboradi. Lekin Luqmoni Hakimga yettita burgutning umri berilganidan mo‘ljal olinsa, eng uzoq umr ko‘rgan burgut 80 yil yashaydi. 7 ni 80 ga ko‘paytirsak, 560 bo‘ladi. Shu hisob uning yoshiga to‘g‘ri keladi. Ammo ming yilga yetmaydi.

U zot qul bo‘lgan va keyinchalik o‘tkir donishmandligi tufayli ozod qilingan, Yana bir taxminga ko‘ra, tikuvchi va duradgor bo‘lgan, boshqa birida esa Dovud alayhissalomning shogirdi bo‘lgan va Dovud alayhissalom uni qozillikka tayin qilgan deb aytiladi.

Arablarning ko‘plab urf-odatlari Luqmoni Hakim ta’sirida shakllangani aytiladi. Uning da’vatlari islom dini arkonlariga amal qilish mavzuida bo‘lgan: ibodatni o‘z vaqtida qilish va boshqa ma’naviy-axloqiy normalar.

Rivoyat qilishlaricha, Luqmoni Hakim od qavmidan bo‘lgan. Qattiq qurg‘oqchilik bo‘lgan yili qavmi bilan birga Makkaga Alloh taolodan yomg‘ir so‘rash uchun boradi. U o‘shanda suv so‘rashning o‘rniga o‘ziga uzoq umr so‘raydi. Parvardigor unga yetti burgutning umrini ato qiladi. burgutlardan biri tug‘ilgan zahoti ikkinchisi tug‘iladi. Shu tariqa Luqmon uzoq umr ko‘radi va Marib to‘g‘onini quradi. Uning qanday qilib donishmand bo‘lib qolgani masalasida bunday deyiladi: choshgoh vaqti mizg‘ib qolganida uni qandaydir ovoz uyg‘otib unga kishilik jamiyatida adolat o‘rnatish va xalifa bo‘lishni tayinlaydi. Luqmoni Hakim izn so‘rab podshoh bo‘lishdan ko‘ra qul bo‘lishni afzal bilishini aytadi. Uning bu tanlovi Alloh taologa xush keladi. Luqmonni yana uyqu bosadi va uyqulik chog‘ida Alloh taolo uning qalbiga donishmandlik ne’matini joylab qo‘yadi. Undan keyin oradan ko‘p vaqtlar o‘tib Dovud alayhissalomga ayni taklif tushdi. Payg‘ambar hech o‘ylab o‘tirmasdan taklifga rozi bo‘ldi.

Luqmoni Hakimning mislsiz donishmandligi haqidagi ko‘plab faktlar saqlanib qolgan. Ulardan ikkitasi juda ham mashhur. Luqmon o‘ziga o‘xshagan ikkita qul bilan bog‘dan meva terib kelishga boradi. Qaytayotganda sheriklari mevani yeb qo‘yishadi va xo‘jayiniga Luqmon yeb qo‘ydi deb aytadi. Luqmon xo‘jayiniga uchalasiga ham qayt qiladigan holga kelguncha  qaynoq suv ichirishni so‘raydi. Xo‘jayini uning aytganidek qilib, uchovini qaynoq suvga bo‘ktiradi. Uchalasi ham qayt qilib yuborganidan keyin mevani kimlar yegani fosh bo‘ladi.

Luqmonga bir qo‘y so‘yib uning eng yaxshi ikki bo‘lagini pishirib kelishni aytishadi. Donishmand qo‘yning tili va yuragini pishirib olib boradi.  Boshqa safar unga qo‘y so‘yib eng yomon ikkita a’zosini pishirib kelishni aytishadi. Luqmon yana til va yurakni pishirib keladi. Undan “Bu ikkisini o‘tgan safar eng yaxshi a’zolar deb aytgan eding, endi ular yomon bo‘lib qoldimi? deb so‘rashganida u: “Ulardan yaxshi narsa yo‘q, ammo ular buzilgan bo‘lsa ulardan yomon narsa ham bo‘lmaydi”, deb javob beradi.  Bir safar undan ma’ruza qilganida tinglovchilardan biri oddiy cho‘pon bo‘lgan odam bu yutuqqa qanday erishdingiz deb so‘raganida u bu ishda unga ortiqcha narsalardan voz kechish, odamlarning ishonchini oqlash va haqiqatga erishishga intilish yordamchisi bo‘lganini aytgan.

Qizig‘i, Luqmoni Hakimni o‘rta asrlarda Ezop deb atashgan va uning mashhur masallarini so‘zlab yurishgan. 

Ezop qachon yashagan?

Ezop frigiyalik qul bo‘lgan. Uning ijodining eng gullagan damlari miloddan avvalgi 600 yillarga to‘g‘ri keladi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Ezop 400 ga yaqin masal bitgan.

Ezopning nomi birinchi marta Gerodotning (V asr) “Tarix” asarida geteralar haqida so‘z yuritayotganda tilga olib o‘tilgan. Gerodot Ezop haqida yo‘l-yo‘lakay  yozib o‘tgan bo‘lsa-da, uni mashhur tarixiy shaxs sifatida tasvirlaydi va quyidagi to‘rtta sifatini keltiradi:

  1. Ezop masalchi edi.
  2. U Samos orolida yashagan va Iadmon degan odamning quli bo‘lgan.
  3. Ezop taxminan miloddan avvalgi 560 yillargacha yashagan.
  4. U qandaydir sababga ko‘ra Delfada o‘ldirilgan.

Endi Luqmoni Hakim bilan Ezopning o‘xshash jihatlariga e’tibor qilaylik.

Luqmoni Hakimga  qaraganda, Ezopning tug‘ilgan yili va makoni aniqroq yozilgandek bo‘lsa-da, ayrim tarixchilar Ezopning tarixiy shaxs ekaniga shubhalanib qaraydi;

ikkalasi ham qul bo‘lgan;

Luqmoni hakimga donishmandlik uxlayotgan chog‘ida ilhom bilan berilgan bo‘lsa, Ezop ham aynan choshgoh vaqtida soyalab o‘tirganda bir farishta g‘arib yo‘lovchi qiyofasida kelib undan yegulik so‘raydi. Ezop unga bir parcha qotgan nonini tutadi. Uning saxiyligini ko‘rgan farishta Alloh taologa “Unga zabon ato et!” deb duo qiladi. Chunki Ezop soqov bo‘lgan. Ana shu duoning sharofati ila uning tilining tuguni yechilib ketgan;

xo‘jayiniga olib kelingan mevani yeb qo‘yishgani va haqiqiy gunohkorlarni qayt qilish orqali o‘sha yerning o‘zida aniqlash voqeasi ikkisida ham yuz bergan;

Luqmoni Hakim xo‘jayiniga qo‘yning, Ezop esa cho‘chqaning tili va yuragini pishirib kelgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَلَقَدْ آَتَيْنَا لُقْمَانَ الْحِكْمَةَ أَنِ اشْكُرْ لِلَّهِ وَمَنْ يَشْكُرْ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٌ

«Biz Luqmonga hikmat ato etdik (va unga dedik): «Allohga shukr qilgin! Kimki shukr qilsa, faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kimki noshukurlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va hamd egasidir» (Luqmon surasi, 13-oyat).

Oyati karimadan Luqmon degan bandaning Alloh taolo ato etgan hikmat tufayli hakimlik martabasiga yetgani ayon bo‘ladi. “Hakim” deb, so‘zi va ishida o‘ta aniqlik bo‘lgan kishiga aytilsa-da, olimu ulamoning eng zabardastlari ichidan ham bu martabaga yetishganlari juda kam bo‘lgan. Shayx Sa’diy  mashhur “Guliston”ida yozadiki, ma’nosi bunday: “Bir hakim bemorlarni davolar edi. Bir kuni qabuliga bir ko‘r odam keldi. Hakim uni ko‘rgani zahoti hol ahlidan ekanini fahmladi va: “Sizning ko‘zingizni-ku bir amallab ocharmiz-u, ammo qalb ko‘zingizni ocha olarmikanmiz”, dedi. Ko‘r kishi unga: “Unday bo‘lsa sizni hakim emas, tabib deb aytish kerak ekan-da”, dedi”.

Qaysi manbada uchratgan bo‘lsalar, bilmadim, professor Abduqodir Hayitmetov domla (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!) bir suhbatda “Navoiy hazratlari ham o‘zini “hakim” deb atashlarini orzu qilgan ekan”, degan edi.

Hosili kalom, Luqmoni Hakim Alloh taoloning lutfu inoyati ila shunday ulug‘ martabaga erishgan va ushbu nom bilan shuhrat qozongan.

Endi u zotning farzandiga qilgan nasihatiga e’tibor qiling.

وَإِذْ قَالَ لُقْمَانُ لِابْنِهِ وَهُوَ يَعِظُهُ يَا بُنَيَّ لَا تُشْرِكْ بِاللَّهِ إِنَّ الشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ

«Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: «Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir» (Luqmon surasi, 13-oyat).

 يَا بُنَيَّ إِنَّهَا إِنْ تَكُ مِثْقَالَ حَبَّةٍ مِنْ خَرْدَلٍ فَتَكُنْ فِي صَخْرَةٍ أَوْ فِي السَّمَاوَاتِ أَوْ فِي الْأَرْضِ يَأْتِ بِهَا اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ لَطِيفٌ خَبِيرٌ  يَا بُنَيَّ أَقِمِ الصَّلَاةَ وَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَانْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَاصْبِرْ عَلَى مَا أَصَابَكَ إِنَّ ذَلِكَ مِنْ عَزْمِ الْأُمُورِ  وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ  وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِنْ صَوْتِكَ إِنَّ أَنْكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ

(Luqmon yana dedi): «Ey o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir. Ey o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi, 16–19-oyatlar).

Tafsir kitoblarida esa u zotning o‘g‘liga qilgan juda ko‘p nasihatlari keltirilgan. Ulardan ba’zilarini keltirib o‘tish bilan kifoyalanamizki, chunki aynan shu nasihatlarni Ezop ham qaytargan.

Luqmoni Hakim aytadi: “Ey farzandim, ulug‘ va qudratli Yaratuvchi – Allohni tani; ota-onani g‘animat bil; ustozni otangdek aziz bil; hamma ishda o‘rtacha yo‘l tut;  oz yeyish va oz gapirishni odat qil. 

Ezopning nasihatlari:

Eng avvalo Tangrini munosib tarzda ulug‘la. Keyin esa podshohni izzat qil. Chunki podshoh va Tangri hukmi tengdir. Ustozingni ota-onang qatorida hurmatla. Ota-onani senga tabiat ato etgan bo‘lsa, ustozing seni o‘z ixtiyori ila sevadi. Shuning uchun undan ikki karra minnatdor bo‘lmog‘ing joiz.

* * *

Ertangi ishlar uchun salomatliging yaroqli va kuch-quvvating yetarli bo‘lishini istasang, kundalik taoming sifatli va yetarli bo‘lsin.

* * *

Bevaqt o‘lim topmasliging uchun shoh saroyida eshitganlaringning hammasi ichingda o‘lsin.

* * *

Yoshing o‘tib qolganda ilm olishdan uyalma. Zero, hechdan ko‘ra kech ilm olmoqlik afzaldir.

* * *

Puling ko‘p bo‘lsa quvonma, kam bo‘lsa kuyinma.

 

Ezopning masallari:

Bir hukmdor Ezopdan so‘radi:

«Ne sababdan donishmandlar boylarning huzuriga keladilar-u, boylar donishmandlarning huzuriga bormaydi?»

Ezop shunday javob berdi: «Buning boisi shundaki, donishmandlar o‘zlariga nima kerakligini yaxshi biladilar. Davlatmandlar esa bilmaydi. Agar bilganda mol-dunyo g‘amida yashamasdan, donishmandlik payida bo‘lardilar».

 ***** 

Bir qariya o‘rmonda o‘tin kesib, uni uyi tomon sudray boshladi. Yo‘l juda olis edi. Qariya holdan toyib, o‘tinni tashladi-da, Yaratgandan o‘ziga o‘lim tilab yolvordi. Shunda Azroil alayhissalom hozir bo‘ldi va qariyadan nima uchun yo‘qlaganini so‘radi. Qariya Azroil alayhissalomga shunday javob berdi: «O‘tinimni ko‘tarishib yuboring, shunga sizni chaqirgan edim».

Qissadan hissa shuki, inson qanchalar baxtsiz bo‘lmasin, hayot baribir shirin.

 

Ana shu kuzatuvlarimizga asoslanib shunday xulosaga kelish mumkin. Birinchisi, frigiyalik Ezopni Gerodot ko‘rmagan. U faqat eshitganlarini yozgan. Ezop haqiqatan, donishmand odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin xalq uning donishmandligiga Luqmoni Hakimning donishmandligini qorishtirib yuborgan bo‘lishi ehtimoli bor. Ikkinchisi esa Ezop Luqmoni Hakimning Ovro‘pa xalq og‘zaki ijodida tarannum etilgan timsoli va yillar o‘tgani sayin xalqning xotirasiga shaxs sifatida o‘rnashib borgan. Ezop masallarining ham aksari xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Damin JUMAQUL,

O‘MI Matbuot xizmati

 

                                              

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duosi ijobat duotalablar

16.11.2026   5965   1 min.
Duosi ijobat duotalablar

Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:

– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:

– Kim u? – deb so‘radi.

– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:

– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:

– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.

– Ha, – dedim.

– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.

– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».

Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.

Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan

Ibratli hikoyalar