Isrof dinimizda qattiq qoralangan. «Isrof» deganda keraksiz narsalarga behudaga pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Inson tabiatan isrofgarchilikka moyil jonzot sanaladi. Har qadamda molini behuda sarflaydi. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz» (Isro, 29).
Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir» (Furqon, 67).
Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar»; «Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”. Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”, deyilgan.
Mashaqqat va hamma narsadan tejash evaziga yillab yiqqan molini nom chiqarishga qilingan keraksiz bir marosim, ma’raka uchun bir kechada sovurib yuboradi. Alloh taolo bu haqda marhamat qilib bunday ta’lim beradi: “...Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro, 26-27)
Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham isrofning ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarida ham, jumladan bunday deyilgan: «Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!»
Hamma ishda me’yor yaxshi, mo‘tadillik yaxshi. Menga boylik berib qo‘yilibdi, deya uni har tomonga sochaverish, ayniqsa buyurilmagan ishlarga xarjlash savob o‘rniga gunoh eshiklarini ochib yuborishi mumkin. Isrofgarlikning oxiri nadomat bilan tugaydi, halokat bilan yakunlanadi. Shamini kunduzi yondirgan odamning tuni qorong‘u bo‘ladi. Pulini, molini, boshqa ne’matlarni xor qilgan kishi og‘ir kunda o‘zi ham xor bo‘ladi.
Bir donishmand aytganiday, «saxovatli bo‘l, ammo isrof qilma, tejamkor bo‘l, lekin baxil bo‘lma». Isrof saxiylik emas, tejamkorlik baxillik emas. Tejamkor kishi pulini keragidan ortiqcha sarflamaydi. Pulini faqat hayoti, ro‘zg‘ori, ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalargagina xarjlaydi. Tejagan kishi aslo faqir bo‘lmaydi, balki ikki dunyo saodatiga erishadi.
Imomi A’zam rahmatullohi alayhning g‘oyat ibratli bir gaplari bor: “Xayr (yaxshilik) va ehsonda isrof bo‘lmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yo‘qdir”. Isrofgarlardan biri Suqrot hakimga kambag‘al bo‘lib qolganidan shikoyat qildi. Suqrot o‘sha odamga shunday maslahat berdi: “Isrofingga bir chegara qo‘yib, pulingni teja, o‘zing o‘zingdan qarz ol, shunda ahvoling o‘nglanadi”.
Farzandingiz isrofning eng og‘ir gunohlardan ekanini his etsin. Hamma ishda tejamkor va tadbirli bo‘lish musulmon axloqining zarur shartlaridan ekanini biror soniya ham unutmasin.
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
O‘MI Matbuot xizmati
Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:
– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:
– Kim u? – deb so‘radi.
– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:
– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:
– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.
– Ha, – dedim.
– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.
– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».
Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.
Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan