Savol: Qazo namozlarni o‘qishdan oldin ham azon aytiladi, deb eshitgandim. Bir kunlik namozlar qazo bo‘lgan bo‘lsa, ularni ado etishda har bir namoz uchun alohida azon aytiladimi?
Javob: Qazo namozlarida ham xuddi vaqtida o‘qilayotgan namozdagi kabi azon va iqomat aytiladi. Zimmasida birdan ortiq qazo namozlari bo‘lgan odam ularni bir vaqtda o‘qimoqchi bo‘lsa, birinchi namozga azon aytadi, qolganlarini iqomat bilan o‘qiyveradi. Bu qoida yolg‘iz yoki jamoat bilan o‘qiganga barobardir. Payg‘ambarimiz (a.s.) va sahobalar Uhud g‘azotida ketma-ket to‘rt vaqt – peshin, asr, shom va xufton namozini o‘qiy olmaganlar. U paytlar hali qo‘rquv namozi haqidagi oyatlar nozil bo‘lmagandi. Keyin hazrat Bilol (r.a.) azon aytganlar va Rasululloh (s.a.v.) imomliklarida avval peshin, ke-yin asr, so‘ng shom va xufton namozlarini har biriga alohida iqomat bilan ado etishgan. Ulamolarimiz ushbu voqeadan birdan ortiq qazo namozlarini bitta azon va alohida iqomatlar bilan ado etish hukmini olishgan (“Raddul muhtor”).
Savol: O‘n besh-yigirma yillik qazo namozlarini o‘qish tartibi, vaqtlari qanday?
Javob: O‘z vaqtida o‘qilmagan namoz faqat qazosini o‘tash bilan zimmadan soqit bo‘ladi.
Ko‘p yil o‘qilmagan namozlarning qazosini o‘tashda tartib shart emas, lekin shunda ham tartibga rioya qilish (ya’ni, oldin bomdod, keyin peshin, so‘ng asrni o‘qish) mustahabdir (“Fatovoyi Hindiyya”).
Namozlar qay suratda o‘talmay qolgan bo‘lsa, qazosi shu suratda o‘taladi. Ya’ni, safarda o‘qilmay qolgan namoz hazarda ham qasr qilib o‘qiladi. Hazarda o‘talmagan namozni safarda qazosini o‘qimoqchi bo‘lgan odam to‘liq o‘taydi.
Qazo namozlarni kunning istalgan paytida o‘tasa bo‘ladi. Uch mahal mustasno. Ular: quyosh chiqayotgan payt, kun qiyomga (tikkaga) kelganda va quyosh botayotganda. Mana shu uchta vaqtda qazo namozlarini o‘qib bo‘lmaydi (“Bahrur roiq”).
Savol: Uch-to‘rt kunlik qazo namozlarini birdaniga o‘qisa bo‘ladimi?
Javob: Makruh vaqtlardan boshqa paytda bir urinishda quvvat yetganicha uch-to‘rt kunlik qazo namozlarni o‘tash mumkin.
Savol: Ba’zi namozlarda uzunroq, ba’zi namozlarda qisqaroq qiroat qilgan yaxshi, deb eshitdim. Shu haqda kengroq ma’lumot bersangiz.
Javob: Farz namozlarning avvalgi ikki rakatida, boshqa namozlarning barcha rakatida qiroat qilish farz bo‘lib, uning eng oz miqdori bitta uzun yoki uchta qisqa oyatni o‘qishdir.
Qiroatning sunnat bo‘lgan miqdori safarda, vaqtning ziqligida, fotihadan so‘ng istalgan surani o‘qishdir. Hazarda (uyda) va bemalol vaqtlarda esa bomdod namozida Fotiha surasidan keyin ikki rakatda qirq yoki ellik oyat o‘qish sunnat. Peshin namozi (farzi)da ham shu miqdorda qiroat qilish sunnatdir (“Jomi’us sag‘ir”). Asr va xufton namozlarida qiroatning sunnat miqdori Fotiha surasidan tashqari yigirma oyatdir. Shom namozida esa Fotihadan keyin ikki rakatga ham bittadan qisqa sura o‘qish sunnat (“Muhiyt”).
Muqimlikda bomdod va peshin namozlari farzlarida uzun suralar o‘qiladi (“Viqoya”). Uzun suralar Hujurotdan Burujgacha bo‘lgan suralardir.
Asr va xufton namozlariga o‘rtacha uzunlikdagi suralar o‘qiladi. Bu turga Burujdan Bayyinagacha bo‘lgan suralar kiradi.
Shom namozida esa qisqa suralar o‘qiladi. Bayyinadan Qur’onning oxirigacha bo‘lgan suralar qisqa suralar hisoblanadi (“Viqoya”, “Muhiyt”).
Savol: Sunnat namozlaridagi qiroatlarda ham suralar tartibiga rioya qilish kerakmi?
Javob: Farz namozlarining ikkinchi rakatida birinchi rakatda o‘qigan sura yoki oyatdan yuqoridagisini o‘qish makruhdir. Ammo sunnat namozlarda makruh emas (“Muhiyt”).
Savol: Salla bilan hojatxonaga kirsa bo‘ladimi?
Javob: Salla bilan namoz o‘qilgani va u mo‘minning toji bo‘lgani uchun, u bilan nopok yerlarga, jumladan, hojatxonaga kirish makruh hisoblanadi (“Fatovoyi Hindiyya”).
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV