O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli adib, Islom dini ma'rifatiga bag'ishlangan kitoblar va maqolalar muallifi Ahmad Muhammad Tursunning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumni O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Alloh taolo marhum adibning barcha solih amallarini, dinimizga qilgan xizmatlarini, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulg'asin, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
Haq taolo marhumning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.