O‘tgan hafta Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tavallud topgan oylari munosabati bilan siyrat va hadis musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa Qur’on tilovati bilan boshlandi. Musobaqada madrasaning 2, 3, 4-kurs talabalari o‘zaro bellashdilar. Musobaqa quyidagi shartlar asosida bo‘lib o‘tdi.
1-shart. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga maktub” deb nomlanib, unda ishtirokchi jamoalardan bir talaba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘zining dil izhorlarini maktub orqali o‘qib eshittirdi.
2-shart. “Hadis bilimdoni” deb nomlanib, mazkur shartda «Shamoili Muhammadiya» asaridan 10 ta hadis yoddan aytib berildi.
3-shart. Siyratga oid savollar bo‘lib, unda «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ahli bayt» kitobi asosida tuzilgan 10 ta savolga javob berishdi.
4-shart. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot”, deb nomlanib, bu shartda ishtirokchilar yolg‘iz yoki jamoa bo‘lib salavot aytishdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, 1-o‘rin 3-kurs talabalariga, 2-o‘rin 4-kurs talabalariga va 3-o‘rin 2-kurs talabalariga nasib etdi. G‘olib jamoalarga madrasa rahbariyatining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
O‘MI matbuot xizmati
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz