Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Mart, 2026   |   14 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:37
Quyosh
06:55
Peshin
12:40
Asr
16:31
Shom
18:20
Xufton
19:31
Bismillah
03 Mart, 2026, 14 Ramazon, 1447
Maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI

30.01.2025   11290   9 min.
TAOMLANISH  SIRLARI

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)

 ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

 (1-qism)

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

  1. «Bas, ey, mo‘minlar! Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalarning poklarini yeng hamda, agar Allohga ibodat etuvchi bo‘lsangiz, Uning ne’matlariga shukr qilingiz!» (Nahl surasi 16/114 oyat);
  2. «Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni o‘ylab ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi?! Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, shu obi hayot uchun ham shukr qilmaysizmi?» (Voqea surasi 56/68-70 oyatlar);
  3. «Biz osmondan aniq o‘lchov bilan suv yomg‘ir, qor yog‘dirib, uni yerga joylab qo‘ydik va Biz uni ketkazishga ham, albatta, qodirdirmiz» (Mo‘minun surasi 23/18 oyat);
  4. «Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar! Zero U isrof qilguvchilarni sevmas!» (A’rof surasi 7/31 oyat);
  5. «Yana Rabbingiz e’lon qilgan bu so‘zlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat).

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

  • Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va bu – o‘tgan payg‘ambarlarning sunnatlaridandir (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • Kim yaxshiligini Alloh ziyoda qilishini istasa, taom tayyor bo‘lganida va oxirida qo‘lini yuvsin!  (Imom Ibn Moja va Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
  • Har kimki taomdan oldin qo‘lini yuvsa, kambag‘allikdan emin bo‘lg‘ay;
  • Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga Jannat yonidagi bir uyga kafilman!

Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga Jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!

Go‘zal xulqli kishiga Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman! (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

  • Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladi: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va to‘satdan ko‘zlari to‘kilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. So‘ngra: “Alloh taolo bergan ne’matlarni qadrlagin! Zero u ne’matlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” – dedilar»;
  • “Nonni e’zozlanglar, chunki Alloh taolo uni ulug‘lagan. Kim nonni ulug‘lasa, Alloh taolo u kishini ulug‘laydi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”;
  • Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi. Odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri – taom, uchdan biri – suv va qolgan uchdan biri – nafas uchundir”   (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • Odamlarni suv bilan siylagan kishi o‘zi oxirgi bo‘lib ichadi”   (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • Taom suzilgan laganning atrofidan yenglar, o‘rtasidan yemanglar! Zero o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
  • “Nonni e’zozlanglar, unga qo‘shib yeyiladigan nonxurush yoki taomni kutmaslik uni e’zozlashdandir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa – yerdilar. Ko‘ngillari tusamasa – tark qilar edilar(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
  • Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi  vasallam sahobalardan Sa’ad raziyallohu anhu tahorat qilayotganida: Ey, Sa’ad, bu isrof nimasi?– dedilar. Sa’ad raziyallohu anhu: Tahoratda ham isrof qilish bormi? – deb so‘radi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ha,  agarchi oqib turgan  daryoning bo‘yida turgan bo‘lsangiz ham! – dedilar (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyatlari);
  • “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda yeng, iching, kiyining va sadaqa qiling!”   (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari);
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin!” – dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka bo‘lishini bilmaysiz”, – dedilar  (Imom Muslim rivoyatlari);
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo‘llarini artishdan oldin ularni yalar edilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyatlari).
  • Imom Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Ey, Oisha, Allohning ne’matlariga yaxshi munosabatda bo‘lgin! Agar u ne’matlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi”, deb keltirilgan;
  • “Alloh taologa taomlarning yoqimlirog‘i – uning ustida qo‘llarning ko‘p bo‘lganidir” (Imom Bayhaqiy va Imom Ibn Hibbon rivoyatlari);
  • Kim hayotda tejamli bo‘lsa, qashshoqlik ko‘rmaydi   (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlikka yo‘l qo‘ymanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari);
  • “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir”   (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
  • Nonni e’zozlanglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotlaridan biri qilib tushirgandir;
  • “Taomning barakasi – taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir” (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • Ustida ko‘p qo‘l bo‘lgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir”;
  • Oltin va kumush idishlarda taom va suv ichmanglar!”;
  • “Tejamkor kishi nochor bo‘lmas”;
  • Agar birortangiz ziyofatga chaqirilsa, chaqiriqqa albatta javob bersin. Agar ro‘zador bo‘lsa, ziyofat egasi haqqiga duo qiladi. Ro‘zador bo‘lmasa, taomlanadi” (Imom Muslim rivoyatlari);
  • “Nonni ehtirom qilinglar!”;
  • “Tejamkor kishi aslo faqir bo‘lmaydi”;
  • Nabiy sallallohu alayhi vasallam ichimlik ichganlarida uch marta nafas olar edilar va: “Mana shu qondiruvchiroq, bezararroq va singuvchiroq”, – der edilar;
  • Taomning o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi. Bas uning atrofidan yenglar, o‘rtasidan yemanglar!;
  • Kechki taom tayyorlanganda namozga takbir aytilsa, kechki taomdan boshlanglar!;
  • Kechki taom hozirlansa, shom namozini o‘qishdan oldin kechki taomdan boshlanglar!;
  • “Birortangizning luqmasi yerga tushib ketsa, uni olib, yopishgan zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha qo‘lini sochiqqa artmasin. Chunki, u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari);
  • “Kim bir birodarini to to‘ygunicha non bilan siylasa, to qongunicha suv bilan sug‘orsa, Alloh taolo uni do‘zaxdan yetti xandaq uzoq qiladi. Har bir xandaq yetti yuz yillik yo‘ldir” (Imom Nasoiy va Imom Hokim rivoyatlari);
  • «Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sahobalari Ul Zotga aytdilar: “Biz ovqatlanamiz, lekin to‘ymaymiz». Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlar yakka-yakka ovqatlanasizlarmi?” – dedilar. Ular: “Ha, shunday”, – deyishdi. U Zot sallallohu alayhi vasallam: “Ovqatning ustida jam bo‘linglar va Allohning ismini aytinglar, sizlarga baraka beradi”, – dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
  • Tishlaringiz orasini tozalashlik bilan ularni toza-ozoda tuting! Chunki bu bir poklikdir. Poklik, ozodalik – imonga, imon esa o‘z egasini jannatga boshlab borur(Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • Kim tilla yoki kumush idishda ichsa, albatta, jahannam olovi uning qornida qaynaydi(Imom Muslim rivoyatlari);
  • “Taomlarning eng yomoni – boylar xoslab chaqirilib, faqirlar taklif qilinmay qolganidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);
  • Bir kishining taomi ikki kishiga yetgaydir(Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • “Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir”;
  • “Dasturxonga to‘kilgan taom va ushoqlarni terib yeydigan odamning gunohlari to‘kiladi”;
  • “Qo‘llarida ovqatdan qolgan yog‘ qoldiqlari bilan yotib uxlagan odamga biror kasallik yopishsa, o‘zidan ko‘rsin;
  • Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir (Imom Termiziy rivoyatlari);
  • Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • “Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;
  • Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga o‘tirganingda qorni och bechoralarni ham esingda tut! Shunda sen Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishing osonroq bo‘ladi (hadisi qudsiy);
  • Albatta, men – Allohning quliman. Qullardek o‘tiraman va qullardek ovqatlanaman”.

                                                                                                             1  – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Baqara surasi fazilatlari

03.03.2026   1712   6 min.
Baqara surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimning ikkinchi surasi “Baqara” deb nomlanib, u Madinada nozil bo‘lgan, 286 oyatdan iborat. “Baqara” so‘zi sigir ma’nosini bildiradi. Bu sura Baqara deb nomlanishiga sabab shuki, o‘tmishda Bani isroillik bir kishi o‘ldirilganida uning qotili topilmaydi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy yuborib: “Qavmingga ayt, sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursin”, deb buyuradi. Allohning buyrug‘i bajarilganidan so‘ng o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytib beradi.

Surada sigir bilan bog‘liq voqea keltirilgani uchun unga Baqara deb nom berilgan. U Qur’ondagi eng yirik sura bo‘lib, unda e’tiqod, ibodat, iqtisod, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda kabi masalalar bilan bir qatorda Muso alayhissalom Fir’avn va Bani Isroil qavmi o‘rtasidagi mojarolar o‘z aksini topgan.

Suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar va munofiqlar sifatlari haqida bayon qilinib, keyin insonning yaratilish qissasi, ro‘za, haj va umra ibodati masalalari, ko‘pgina ijtimoiy masalalar oila, taloq, emizish, idda, mushrika ayolga uylanish haromligi, sudxo‘rlikning man etilgani va uning oqibatlari, qarz oldi-berdi masalalari, qiyomat kuni dahshatlari zikr qilinadi. Shuningdek, Bani Isroilning o‘tmishda qilgan makr-hiylalari, xiyonati, aldamchiliklari, buzuq tabiati haqida xabardor qiladi. Suraning oxirida mo‘minlarning tavba qilishga, Allohga doimo tazarruda bo‘lishiga chaqiriq keladi.

Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham bayon etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni o‘qish baraka, tark etish esa hasratdir», deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uylaringizni qabrga aylantirmanglar! Baqara surasi o‘qilgan uyga shayton kirmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom: «Har narsaning sanomi – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. Baqara surasi Qur’onning sanomidir. Albatta, shayton (qaysi bir) uyda Baqara surasi o‘qilayotganini eshitsa, (u yerdan) chiqib ketadi», dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’on oyatlarining sayyidi Oyatul Kursiydir», deganlar (Imom Hokim rivoyati).

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Abu Munzir, Allohning kitobidan sen yod olgan qaysi oyat ulug‘ ekanini bilasanmi?» dedilar. Men: «Allohu laa ilaha illa huval hayyul qoyyum», dedim. Shunda u zot ko‘ksimga urib: «Ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Abu Umoma rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim har farz namozdan keyin “Oyatul Kursiy”ni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos» dedilar (Imom Nasaiy rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Kim Baqara surasidan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, oyatul kursiy va undan keyingi ikki oyat hamda oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi» (Imom Dorimiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alaĭhi va sallam: «Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o‘qisa, kifoya qiladi», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Olimlar hadisdagi “kifoya qiladi”ni ushbu oyatlarni o‘qigan inson barcha yomonliklardan saqlanishi, savob olishi, tunni ibodat bilan o‘tkazishiga kifoya qiladi deb sharhlaganlar.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirgan edilar, ustlarida yangrayotgan bir ovozni eshitdilar. Boshlarini ko‘tarib, bu osmondagi bir eshik bo‘lib, bugun shu eshik ochildi. Faqat bugun ochildi, hamda u yerdan bir farishta tushdi. Shu farishta yer yuziga bugun tushdi, xolos. Bundan oldin tushmagan edi. Farishta salom berib, ikki nur bashoratini ber, dedi.  «Bundan oldin biror payg‘ambarga berilmagan, dedi. U Fotiha surasi va Baqara surasining oxiridir. Undan biror harf o‘qisangiz, uning savobi beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu sura haqida Ibn Arabiy: «Mening uztozlarim ushbu sura haqida shunday zikr qiladilar: Bu surada mingta amr, mingta nahiy va mingta xabar bor», deganlar.

Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: «Kim Baqara surasini o‘qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi» (Imom Dorimiy rivoyati).

Baqara surasini muntazam o‘qib yurgan va unga amal qilgan inson shayton, ins va jinlarning yomonligidan, sehr-jodudan, hasad va nafratdan, balo va ofatlardan, turli xil kasalliklardan omonda bo‘lib, Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Shuningdek, uning yuzi nurli, umri barakali, rizqi keng, mol-dunyosi ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar kasal bo‘lsa dardiga davo topadi, qiyomatda shafoatchi bo‘ladi, qiyomat kuni dahshatlaridan omonda bo‘ladi, do‘zaxdan esa parda bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan duolar mustajobdir, chunki bu surada Alloh taoloning go‘zal ismlari bor. Ushbu surani o‘qish, o‘rganish, oyatlarini tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish ulkan ajr, xayr va barakadir. Alloh taolo barchamizni ushbu suraning fazilatlariga muyassar qilsin.

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.

Maqolalar