Dolzarb mavzu
“Qor malikasi” filmida bir gap aytiladi: “Bolalarni erkatoy qilib o‘stirish kerak. Shunda ular buyuk qaroqchi bo‘lib yetishadi...” Atrofga boqib, erkatoy bolalarning bir ko‘zini bog‘lab, birovlarning molini zulm bilan tortib oladigan qaroqchiga aylanishini kutdim. O‘shanda bola ekanman-da... So‘zlarni to‘ppa-to‘g‘ri tushunib olibman.
Men “qaroqchi” bo‘lishini kutgan erkatoylarning aksari oddiygina bolalar kabi ulg‘ayishdi, o‘qishga kirishdi, keyin farzandli bo‘lishdi, turli tashkilotlarda ishlab ketishdi.
Xullas, bu erkatoylikning zarari yo‘qdek ko‘rina boshladi. Biroq bir kuni erkatoy bir tanishim o‘qishga kirishi tarixini gapirib berdi. Suhbat orasida hamkasblarining yomon munosabatlaridan ham nolib o‘tdi...
Shu payt miyamda “yarq” etib chaqin chaqqandek bo‘ldi...
Barchaga birdek ayonki, qaroqchilar o‘zgalarning mol-mulkini zo‘ravonlik, zulm bilan tortib olishadi. Men aslida to‘g‘ridan to‘g‘ri tushungan so‘zning biroz teranroq, biroz falsafiyroq ma’nosi bor ekan. O‘ylab ko‘rilsa, erkatoylar nafaqat moddiy, balki ma’naviy haqlarga ham daxl qilisharkan.
Otasining davrida bilimi yetmasa ham, ta’lim dargohiga “kiradi”. Bilimli bir yetuk mutaxassisning o‘rnini egallaydi. Ishga “joylashadi”. Yana o‘sha manzara... Yetuk bilim va salohiyatga ega korxonaga ham, yurtga ham manfaat keltira oladigan – bir mutaxassis ishsiz. Korxona esa, ish bermaydigan bir xodimga oylik to‘laydi. Uning vazifasi, mas’uliyati o‘zgalar zimmasiga yuklanadi. Natijada ish sifati pasayadi, korxonada muhit izdan chiqadi. Zero, hadisi sharifda Rasululloh sollallohi alayhi va sallam: “Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”, deya ogohlantirganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
...Aslida biz sanab o‘tgan va yana tilga olmagan bu kabi illatlar oxir-oqibat jamiyat kishilari orasida norozilik, bir-biriga bo‘lgan yomon munosabat, dushmanlik kabi vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Alal-oqibat, erkatoylar ham taraqqiyotga, ham tinchlikka raxna soladi.
To‘g‘ri, bola tarbiyasining ma’lum bosqichlarida bolani yoshiga yarasha erkalash, rag‘batlantirish, suyish foydali. Lekin uni keyinchalik ham yosh boladay erkalab, aytganini muhayyo qilaverish salbiy oqibatlarga olib keladi.
Ayniqsa, mehri to‘lib-toshib turadigan onalar bu narsani doimo esda tutishlari oilaga ham, jamiyatga ham naf beradi.
Nigora MIRZAYEVA
Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.
Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.
Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.
Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.
Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi