Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Uzrli kishining tahorati qachon buziladi?

14.02.2025   6580   10 min.
Uzrli kishining tahorati qachon buziladi?

Sohibi uzr badanidan uzluksiz tahorat sindiruvchi narsa chiqib turgan kishidir. Masalan, bavlni tuta olmaslik, ich ketishi, uzluksiz yel kelib turishi, ko‘zdagi kasal sabab undan rangi o‘zgargan, yiringli oqib turishi, quloq yoki ko‘krak yoki kindikdan qon oqib turishi kabi holatlar kiradi. Kishi sohibi uzr sanalishi uchun bir farz namozining vaqti mobaynida tahoratni buzadigan narsadan xoli bo‘lib, tahorat qilib, namoz o‘qib oladigan vaqt topa olmasligi kerak. Bu degani uning tahoratini buzib turadigan uzri o‘rta hisobda 6 yo 7 daqiqa ham to‘xtamasligi kerak. Chunki 6 yo 7 daqiqada tahorat qilish va kamida to‘rt rakat namoz o‘qish uchun ulgursa bo‘ladi. Islom shariati yengillikka asoslanganligi sababidan uzrli kishilarga har namoz vaqti uchun tahorat qilish  va  shu tahorati bilan bir namoz vaqti ichida xohlaganicha farz, nafl namozlarini o‘qiyverishiga ruxsat bergan.

Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallam qoni to‘xtamayotgan mustahoza ayolga: “Har bir namoz vaqti uchun tahorat qil”, deganlarini dalil qilib keltirish mumkin. Sohibi uzrlar haqida gap ketganda eng avvalo mustahoza ayol haqida aytib o‘tish o‘rinli. Chunki boshqa uzr sohiblari mustahoza ayolga qiyoslanadi.

Mustahoza ayol – hayzning o‘ninchi kunidan keyin ham, nifosning qirqinchi kunidan keyin ham qon ko‘rib, qoni to‘xtamayotgan ayoldir. Hayzning eng kam muddati bo‘lmish uch kundan kam qon ko‘rgan ayol ham, homilador bo‘lsada qon ko‘rayotgan ayol ham mustahoza sanaladi. Ayolning mustahoza sanalishi va unga tegishli hukmlar fiqh kitoblarida batafsil yoritilgan. Mustahoza ayolni sohibi uzrlar qatoriga kiritish ham kiritmaslik ham mumkin.

Demak, doim qon kelib turadigan ayollarning qoni uzluksiz bo‘lsa, hech to‘xtamasa ular uzr sohiblari qatoriga kiradilar.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ularning uzrlari bir namoz vaqti ichida aqalli 6 yo 7 daqiqa ham to‘xtamaydigan bo‘ladi. Agar kun davomida  oz-oz kelib tursa, orada 10 yo 15 daqiqa bo‘lsa ham to‘xtasa ular uzr sohibi hisoblanmaydilar va har namoz vaqti uchun emas, har bir namoz uchun tahorat oladilar. Namoz asnosida qon kelib qolsa qayta tahorat qiladilar.

Uzrli kishi uzri kelib turgan vaqtda tahorat qilgach, yana uzri kelib qolsa tahorati buzilmaydi. Xuddi shunday uzri to‘xtagan vaqtda tahorat qilib keyin uzri kelib qolsa ham tahorati buzilmaydi. Lekin uzr kelgani sababli tahorat qilsa, so‘ng tahorat buzuvchi boshqa narsa chiqsa tahorati buzuladi. Masalan,  bir kishini doimiy burni qonab turadi va 7 daqiqa ham to‘xtamaydi. Shu sababli u sohibi uzrlardan edi. Bir namoz vaqti uchun bir tahorat qilib o‘sha tahorati bilan istaganicha namoz o‘qir edi. Burni qonaydigan kishi tahorat qildi, so‘ng undan bavl yoki yel chiqdi tahorati buziladi. Chunki uning uzri burnining qonashi edi. Yel chiqishi yoki bavl chiqishi uning uzri sanalmaydi va shu sababli tahorati buziladi.

Agar bir kishini uzri burnining bir tarafidan qon oqishi bo‘lsa, u tahorat qilsa so‘ng burnining boshqa tarafi qonasa uzridan boshqa betahoratlik yetgani sabab tahorati o‘sha zahoti buziladi.

Uzrli kishining tahorati namoz vaqti chiqishi bilan buziladi. Masalan uzri to‘xtamay turgan bir kishi peshinni oxirgi vaqtida tahorat olgan bo‘lsa, so‘ng asr vaqti kirsa tahorati buziladi. Ammo agar uzri to‘xtab turgan bo‘lsa namoz vaqti chiqsa ham tahorati buzilmaydi, chunki uni tahoratini buzuvchi narsa sodir bo‘lmadi.

Hamma yaxshi bilib olishi shart bo‘lgan eng muhim uchta masala bor.

Birinchisi − har bir uzrning boshlanish sharti (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatoriga kirish sharti bor).

Ikkinchisi −  har bir uzrning davom etish sharti. (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatorida qolishi sharti bor).

Uchinchisi −  har bir uzrning tugash sharti (Ya’ni bir insonning sohibi uzrlar qatoridan chiqishi sharti bor).

Sohibi uzrlar qatoriga kirish uchun uning uzri to‘liq farz namoz vaqtini uzluksiz darajada qamrab olishi kerak. Ya’ni peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda uzri umuman to‘xtamay tahorat qilib namoz o‘qib olishga yetadigan miqdorchalik ham pok bo‘lib tura olmasligi shart. Uzr sohibinig uzri bir farz namozining to‘liq vaqtini qamrab olishi kerak deb qaydlashdan maqsad, hayit va zuho namozlari kabi farz bo‘lmagan namozlarni chiqarib tashlashdir. Demak, sohib uzr sanalish uchun farz namozi vaqti ahamiyatli.

Insonning sohibi uzrlar qatorida qolib turishi sharti – har namoz vaqtida bir marta bo‘lsa ham uzri kelishidir. Sohibi uzrlar qatoriga kirib bo‘lgan kishining hanuz uzr sohibi sanalishi uchun uning uzri to‘liq namoz vaqtida  kelishi shart qilinmaydi. Peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda bir marta bo‘lsa ham ham kelsa, u hamon sohibi uzrlardan ekani ma’lum bo‘ladi.

Insonning sohibi uzrlar qatoridan chiqish sharti ­– uning uzri to‘liq  bir namoz vaqtida to‘xtashidir. Ya’ni peshindan asrgacha bo‘lgan vaqtda umuman bir marta ham uzri kelmasligidir. Bir namoz vaqtida biror marta ham uzri kelmas demak u shar’iy uzrlilar qatoridan chiqib ketadi.

Bir kishi tishini peshin namozi kirishidan biroz oldin oldirsa tish qonashi to‘xtashini namozning oxirgi vaqtigacha kutadi. Agar to‘xtamasa tahorat qilib namozning oxirgi vaqtlarida o‘qiydi. Peshin namozini oxirgi vaqtlarida o‘qiganidan so‘ng peshin namozining vaqti chiqib ketishidan oldin tish qonashi to‘xtab qolsa, demak bu kishi uzr sohibi emasligi ma’lum bo‘lib qoladi. O‘qigan namozini qaytadan iahorat bilan o‘qishi lozim bo‘ladi. Qayta tahorat qilib kelganida peshin vaqti tugab qolsa ham bu kishidan namoz soqit bo‘lmaydi, qazosini o‘qiydi. Tishi qonayotgan kishining qoni peshin namozining vaqti tugasada to‘xtamasa endi o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi. Chunki uning haqiqiy sohibi uzr ekanligi ma’lum bo‘ldi, uning uzri to‘liq farz namozi vaqtini qamrab oldi.

Sohibi uzrlarga tegishli yana bir qancha masalalar bo‘lib, quyida ular haqida so‘z yuritamiz.

Agar bir kishining oyog‘i jarohatlangan  bo‘lib, namoz asnosida tik tursa qon oqib, o‘tirsa oqmaydigan holatda bo‘lsa namozini o‘tirib o‘qiydi.

Agar kishining bavl tomchilash uzri bo‘lsa, tik turganda tomib, o‘tirganida to‘xtasa, namozni o‘tirib o‘qiydi.

Agar kishining jarohatidagi qon tik tursa ham o‘tirsa ham oqadigan bo‘lsa, faqat yotib olganda to‘xtaydigan bo‘lsa, tik turib namozini o‘qiydi.

Sohibi uzrdan chiqayotgan narsalar barchasi najas sanaladi. Ushbu najosatlar uning kiyimlariga tegsa, dirham miqdoridan ko‘p bo‘lsa, uni tozalash shart bo‘ladi. Namozga kirishishdan oldin kiyimini poklaydi. Saraxsiy rahimahulloh aytadilar: "Agar namoz asnosida kiyim najas bo‘lib qolsa kiyimni poklab qayta o‘qiydi. Bu ish ikki marta takrorlansa, qayta poklamay namozini o‘qiyveradi. Muqotil roziyallohu anhu har namoz uchun bir marta kiyim almashtirishi yetarli deydilar. Yel chiqib turadigan sohibi uzr kishi bavl chiqib turadigan sohibi uzr kishiga namozda iqtido qila olmaydi. Chunki yel chiqadigan kishidan ko‘ra bavl chiqib turadigan kishining holati yomonroq. Chunki uning kiyimida ham najosat bor. Bu vaziyatda imom ikki uzr sohibi, unga ergashuvchi esa bitta uzr sohibidir. Xuddi shuningdek bavl tomchilab turadigan uzri bor kishi yel chiqib turadigan va jarohatidan qon tomib turadigan kishiga iqtido qila olmaydi. Bu vaziyatda ham imomning ikkita, ergashuvchining esa bitta uzri bor. Iqtidodagi qoida esa imomning holati mu’tamning holatidan yaxshiroq bo‘lishi kerakligini taqozo qiladi. Sohibi uzr kishilarning tahoratlari namoz vaqti chiqishi bilan buziladi. Bu qavl Abu Hanifa rahimahulloh va Muhammad rahimahullohga oid. Abu Yusuf rahimahulloh namoz vaqtining kirishi ham, chiqishi ham ularning tahoratini buzadi deydilar. Zufar rahimahulloh esa namoz vaqtining kirishi ularning tahoratini buzadi deydilar. Imomlar o‘rtasidagi ushbu ixtilofning farqini quyidagi masaladagina tushunish mumkin.

Aytaylik, sohibi uzr kishi bomdod namozi vaqti kirganida tahorat qildi, so‘ng quyosh chiqdi. Bu vaziyatda uchta imomizga ko‘ra uzr sohibining tahorati buzildi. Chunki  bomdod namozining vaqti chiqdi. Zufar rahimahullohga ko‘ra esa uning tahorati buzilmadi. Chunki peshin vaqti kirmadi.

Sohibi uzr quyosh chiqib bomod namozining vaqti tugab bo‘lganidan so‘ng tahorat qilsa Abu Hanifa rahimahulloh va Muhammad rahimahullohga ko‘ra uning tahorati buzilmaydi. Chunki u kishi peshin namozi vaqtiga kirdi. Quyosh chiqqanidan so‘ng chiqib ketayotgan namoz vaqti topilmadi, aksincha peshin vaqti kirdi. Abu Yusuf rahimahulloh uning tahorati sindi deydilar. Chunki u kishiga ko‘ra vaqtning kirishi ham chiqishi ham sohibi uzrning tahoratini sindiradi.

Zufar rahimahullohga ko‘ra ham uning tahorati buziladi. Chunki u kishining qoidalariga ko‘ra namoz vaqtining kirishi  sohibi uzrning tahoratini sindiradi.

Zulayho Fayziyeva,
Toshkent Islom instituti 4 kurs talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

12.07.2025   9692   2 min.
Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:


– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;

– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;

– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.

– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;

– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.

– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.


Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.


Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.


Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida
O'zbekiston yangiliklari