O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan
Inson hayoti doimiy harakat, qaror va tanlovlardan iborat. Bu yo‘lda inson o‘zini oqlab yashashi ham, o‘zini tarbiyalab, kamolga intilishi ham mumkin. Shuning uchun ham aql egalari har kuni o‘zini taftish qilib turishni hayot qoidasiga aylantirgan. O‘zingizni taftish qilish — bu o‘zgani ayblash emas, balki o‘z qalbingizga rost qarashdir. Nima ish qildim? Qanday so‘z aytdim? Birovning haqqiga xiyonat qilmadimmi? Birovning ko‘nglini og‘ritmadimmi? Mana shu savollar insonni to‘g‘ri yo‘lda ushlab turadi.
Islom ta’limotida ham nafsni hisobga tortish ulug‘ amal sifatida ta’kidlangan. Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisobga tortilmasdan oldin o‘zingizni hisobga torting», deganlar. Bu gap tasodifiy emas. Chunki o‘zini taftish qilgan inson xatosini vaqtida anglaydi, pushaymon bo‘ladi va tuzatishga harakat qiladi.
Agar inson o‘zini tekshirmasa, kamchilikni faqat boshqalardan qidiradi. Bunday holat esa kibr, g‘urur va adovatga olib boradi. Holbuki, jamiyatdagi ko‘p muammolarning ildizi ham aynan o‘z-o‘zini nazorat qilmaslikdan kelib chiqadi.
O‘zingizni taftish qilishning eng qulay payti — kun oxiri. Kechqurun bir oz to‘xtab, uxlashga shoshilmasdan, o‘tgan kunni taftishdan o‘tkazing. Yaxshi amallar uchun shukr qiling, xato va kamchiliklar uchun istig‘for ayting. Shu oddiy odat insonni ma’nan poklaydi, qalbni yumshatadi.
Shuningdek, o‘zingizni taftish qilish atrofdagilarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki o‘zini nazorat qilgan odam so‘ziga ehtiyot bo‘ladi, adolatli ish tutadi, mas’uliyatni his qiladi. Bunday inson oilada ham, jamoada ham ishonchli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zingizni taftish qilib turish — o‘zingizdan kamchilik izlash emas, balki kamolga, xatolarni kamaytirishga intilishdir. Bu odat insonni xato yo‘ldan qaytaradi, vijdonni uyg‘oq qiladi va oxirat uchun ham, dunyo uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Akbarshoh Rasulov