1961 yilda Tunis prezidenti Habib Burqiba ishchilarga qarata qilgan nutqida, ishlab chiqarishni orttirish uchun Ramazonda og‘iz ochishni, ro‘za tutmaslik kerakligini aytadi va bu masalani avvalo o‘zi amalda bajarib, Ramazonning kunduz kuni televideniyada sharbat ichib ko‘rinish beradi. Keyin bu gapiga odamlarni ishontirish uchun fatvo qidirishga tushadi, ulamolardan ushbu masalada fatvo chiqarishlarini talab qiladi.
O‘sha paytda Tunis ulamolarining zabardast ikki vakili – Shayx Abdulaziz Juayyit (1960 yilgacha Tunis bosh muftiysi bo‘lganlar) hamda Zaytuna universiteti katta ustozi, Tunis bosh muftiysi Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur rahmatullohi alayhimo Burqibaning “ro‘za tutish ishlab chiqarishni kamaytirishi” haqidagi da’vosini rad etadilar, u istagan fatvoni chiqarishdan bosh tortadilar.
Keyin Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur hazratlari efir orqali chiqish qilib, so‘zlarini Alloh taoloning Baqara surasidagi “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”, degan 183-oyatini o‘qish bilan boshlaydilar va “Alloh rost aytdi va Burqiba yolg‘onchi! Alloh rost aytdi va Burqiba yolg‘onchi! Alloh rost aytdi va Burqiba yolg‘onchi!” deb uch bor ta’kidlaydilar. Shundan so‘ng Ramazonda uzrsiz og‘iz ochish harom ekani, kim shu ishni qilsa, dindagi zaruratan ma’lum narsani inkor qilgan bo‘lishi haqida fatvo beradilar hamda Burqibaning “Ro‘za ishlab chiqarishni kamaytirishi” haqidagi da’vosini botil qiladilar.
Shayx Abdulaziz Juayyit esa “Ramazonda og‘izni ochishga ruxsat beruvchi uzrlar” nomli fatvolarini taqdim etadilar. Unda Ramazon oyida og‘zini ochishga Qur’on oyatiga ko‘ra bemorlar, musofirlarga ruxsat berilishi, sog‘lom ishchilar esa ro‘za tutishlari vojib ekani, kishining charchashiga, toliqib, ishga yaramay qolishiga ro‘za emas, balki kechasi kam uxlash, keragicha dam olmaslik sabab ekanini bayon qiladilar.
Shayx Muhammad Tohir ibn Oshur hamda Shayx Abdulaziz Juayyitning bu fatvolaridan keyin Tunis hukumati gung (soqov) bo‘lib, mazkur da’vosidan ortga chekindi.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD