Сайт тест ҳолатида ишламоқда!
26 Феврал, 2025   |   27 Шаъбон, 1446

Тошкент шаҳри
Бомдод
05:44
Қуёш
07:02
Пешин
12:41
Аср
16:26
Шом
18:13
Хуфтон
19:26
Bismillah
26 Феврал, 2025, 27 Шаъбон, 1446
Янгиликлар

Ҳамдардлик билдирамиз

24.02.2025   2582   1 min.
Ҳамдардлик билдирамиз

Ўзбекистон мусулмонлари идораси жамоаси Самарқанд вилояти, Булунғур тумани "Сулувқўрғон" жоме масжиди имом ноиби Раҳмонберди домла Умрзоқовнинг ҳамда Тойлоқ тумани "Ўрта" масжиди мутаваллиси Дилмурод Ғаффаровнинг вафоти муносабати билан марҳумнинг оила аъзолари ва яқинларига чуқур таъзия изҳор этади. 
 

Аллоҳ таоло марҳумларни Ўз мағфиратига олсин, иймонларини саломат қилсин, солиҳ амалларини ўзларига ҳамроҳ этсин. Дин ривожи, халқ маърифати ва Ватан равнақи йўлида қилган барча хизматларини Аллоҳ қабул айласин! 


Ҳақ таоло марҳум диний соҳа ходимларининг аҳли оиласи, фарзанду аржумандлари, сафдошлари, шогирдлари ва яқинларига чиройли сабр бериб, бу мусибатларини яхшиликлар ила тўлдирсин. Биз Буюк Парвардигордан дуо қилиб сўраймизки, марҳумларни ўзининг чексиз раҳматига олсин, жаннат боғларига дохил этсин.


Ўзбекистон мусулмонлари идораси жамоаси, уламолари, имом-домлалари ва ўқитувчи-мударрислари номидан Раҳмонберди Умрзоқов ҳамда Дилмурод Ғаффаровнинг оила аъзолари, ёр-биродарлари, сафдошлари ва яқинларига ҳамдардлик билдирамиз.


Иннаа лиллааҳи ва иннаа илайҳи рожиъуун.

«Мусибат етганда «Албатта, биз Аллоҳникимиз ва албатта, биз Унга қайтувчимиз», деган сабрлиларга хушхабар беринг». 


Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Muslim.uz

Ўзбекистон янгиликлари
Бошқа мақолалар

Ehsonning 4 turi

25.02.2025   1362   2 min.
Ehsonning 4 turi

Ehson arab tilida “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish, go‘zal muomala qilish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa, ehson – Allohga chin ixlos bilan bandalik qilish va odamlarga yaxshilik bilan munosabatda bo‘lishdir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ehsonni quyidagicha ta’riflaganlar: «Ehson – Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U seni albatta ko‘rib turibdi» (Imom Muslim rivoyati).

Qur’oni karimda Alloh taolo ehson qiluvchilarni sevishini bir necha bor ta’kidlagan:

«Alloh yaxshilik (ehson) qiluvchilarni sevad» (Oli Imron surasi, 134-oyat).

Bu oyat shuni ko‘rsatadiki, Alloh taoloning muhabbatiga erishish uchun banda ehson ahlidan bo‘lishi lozim.

Ehson gunohlarni yuvadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Albatta, yaxshilik (ehson) gunohlarni yuvadi, xuddi suv olovni o‘chirgani kabi» (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, inson qilgan ehsoni orqali gunohlaridan poklanish imkoniga ega bo‘ladi.

Ehson faqat sadaqa yoki moddiy yordam bilan cheklanmaydi. Qur’on va hadislar asosida quyidagi asosiy ehson turlarini sanab o‘tish mumkin:

1. Ibodatda ehson:

Bu – Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ixlos bilan ibodat qilishdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ta’riflariga ko‘ra, ehsonning eng oliy darajasi shudir.

2. Odamlarga yaxshilik:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlarning eng yaxshilaringiz – odamlarga foydasi tegadiganlaringizdir» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Bunga kambag‘allarga yordam berish, yetimlarni boqish, kasallarga hamdard bo‘lish kabi barcha ezgu ishlar kiradi.

3. Hayvonlarga yaxshilik:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir jonzotga ham yaxshilik qilish ehson ekanligini ta’kidlaganlar: «Kim bir chanqagan hayvonga suv ichirsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

4. Ota-onaga ehson:

Qur’oni karimda ota-onaga yaxshilik qilish buyurilgan:

«Ota-onalarga yaxshilik qiling…» (Baqara surasi, 83-oyat).

Ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish, ularning duosini olish – ehsonning eng muhim ko‘rinishlaridan biridir.

Xulosa qilganda, ehson – musulmonning iymonini mukammal qiladigan va Allohning muhabbatiga erishtiradigan fazilatdir. Qur’onda va hadisda ehsonning oliy qadriyat ekanligi ta’kidlangan. Kim bu fazilatni o‘zida shakllantirsa, Alloh taoloning rahmati va jannatiga musharraf bo‘ladi.

Alloh barchamizga ehson ahlidan bo‘lishimizni nasib etsin!

Sulaymon FAYZULLAEV,
Toshketn Islom instituti 4-kurs talabasi.

Мақолалар