بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ اَمَّا بَعْدُ:
PAYG'AMBARIMIZ ALAYHISSALOMNING SO'NGI VASIYaTLARI
(Vidolashuv hajdagi xutbalari)
Muhtaram jamoat! Islom tarixidan ma'lumki, o'ninchi hijriy sanada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining Islomdagi birinchi va oxirgi hajlarini qildilar. Bu haj “vidolashuv haji” deb nomlanishining sababi, Payg'ambarimiz alayhissalom undagi hatti harakatlari va aytgan so'zlari bilan bu vidolashuv va xayrlashuv haji ekanini bildirdilar. Haqiqatan ham, ushbu hajdan keyin Rasululloh alayhissalom ikki oydan ozgina o'tib, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga safar qildilar.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni haj qilishlari xabari tarqagach, Madina atrofidagi musulmonlar Rasululloh alayhissalom bilan birga haj qilishga otlandilar. Natijada vidolashuv hajida bir yuz qirq mingdan ortiq musulmonlar ishtirok etdilar. Bu o'sha vaqtlar o'lchovida misli ko'rilmagan katta jamoa edi. Mana shu haj asnosida Payg'ambarimiz alayhissalom Arofotda turib, biz ummatlarga Qiyomat kunigacha dars bo'ladigan, eng muhim va zarur masalalarga qisqacha to'xtalib o'tdilar. Odatda ota yoki ona vafotidan oldin o'z farzandlariga nasihat qiladigan bo'lsa, qalbining eng to'ridagi va unga tugib qo'ygan eng qimmatli so'zlar bilan nasihat qiladi. “Vidolashuv haji”dagi xutbada ham Rasululloh alayhissalom sizu biz ummatlariga qalblarining to'ridagi qimmatbaho nasihatlarni qilganlar. Ibn Hishomning “As-siyratun nabaviya” kitoblari asosida ushbu nasihatdan ba'zilari quyida bayon qilinadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
أَيُّهَا النَّاسُ، اسْمَعُوا قَوْلِي، فَإِنِّي لَا أَدْرِي لَعَلِّي لَا أَلْقَاكُمْ بَعْدَ عَامِي هَذَا بِهَذَا الْمَوْقِفِ أَبَدًا
ya'ni: “Ey, odamlar! Gaplarimga quloq solinglar, chunki shu yildan keyin yana bu joyda sizlar bilan uchrashmasligimiz mumkin”.
Darhaqiqat, bu nasihat o'ninchi hijriy (milodiy 631) sananing Zulhijja oyida bo'lgan bo'lsa, Rasululloh alayhissalom o'n birinchi hijriy sananing Rabiul avval oyi 12 sanasida vafot etdilar.
أَيُّهَا النَّاسُ، إِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ
ya'ni: “Ey, odamlar! Qoningiz, molingiz va obro'-e'tiboringiz bir-biringizga haromdir!”.
Rusululloh alayhissalomning ushbu muborak nasihatlaridan musulmonning qonini to'kish, molini nohaq o'zlashtirib olish va obro'sini to'kish harom ekani ma'lum bo'ladi. Afsuski, hozirgi kunda bu muborak nasihatdan bexabar ba'zi shaxslar gunoh ish qilgan kishini kofir deb, uni qoni va molini halol sanamoqda. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadisi shariflarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ
رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه
ya'ni: “Uch narsa imonning aslidandir.“La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo'lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni, haqiqiy mo'min-musulmon boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo'min emas” degan so'zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Shuningdek, Rusululloh alayhissalomning yuqoridagi muborak nasihatlaridan xabari yo'q ba'zi yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali to'g'ri kelgan kimsani g'iybat va bo'hton qilib, qanchadan-qancha musulmonlarning obro'sini to'kib, go'yo ijtimoiy tarmoqlar orqali g'iybat va bo'hton qilishga ruxsat bordek, harom ish qilmoqdalar. Vaholanki, g'iybat ijtimoiy tarmoqda bo'ladimi yoki undan boshqa joyda bo'ladimi, farqi yo'q – haromdir.
فَاعْقِلُوا أَيُّهَا النَّاسُ قَوْلِي، وَقَدْ تَرَكْتُ فِيكُمْ مَا إنْ اعْتَصَمْتُمْ بِهِ فَلَنْ تَضِلُّوا أَبَدًا ، كِتَابَ اللَّهِ وَسُنَّةَ نَبِيِّهِ
ya'ni: “Shunday ekan, ey odamlar, mening so'zlarimga e'tibor bering! Men sizlarga shunday narsani qoldirdimki, agar uni mahkam ushlasangiz, hech qachon adashmaysiz. Bu narsa – Qur'oni karim va hadisi sharifdir!”.
Afsuski, hozirgi kunda ba'zilar oyati karima va hadisi shariflarni o'z ra'ylaricha tafsir va tarjima qilib, ba'zi diniy atamalarni noto'g'ri talqin qilib, o'zlarini g'arazli maqsadlarini amalga oshirishga urunmoqdalar. Natijada o'zlari adashib, boshqalarni ham adashtirmoqdalar. Vaholanki, Qur'oni karim va hadisi shariflar bizni to'g'ri yo'lga boshlaydigan eng katta va eng to'g'ri dasturul amal hisoblanadi. Shuning uchun oyatlarni tafsir qilish va hadislarni sharhlashni o'z ra'yimizga topshirmasdan, balki sahobai kiromlar, tobe'inlar va ulardan keyingi mujtahid va ulug' zotlarning tafsir va tarjimalariga murojaat qilsak, to'g'ri yo'lda bardavom bo'lamiz, inshalloh.
أَيُّهَا النَّاسُ، اسْمَعُوا قَوْلِي وَاعْقِلُوهُ، تَعَلَّمُنَّ أَنَّ كُلَّ مُسْلِمٍ أَخٌ لِلْمُسْلِمِ، وَأَنَّ الْمُسْلِمِينَ إخْوَةٌ
فَلَا يَحِلُّ لِامْرِئِ مِنْ أَخِيهِ إلَّا مَا أَعْطَاهُ عَنْ طِيبِ نَفْسٍ مِنْهُ
ya'ni: “Ey, odamlar! Gaplarimga quloq soling va tushuning! Bilasizki, har bir musulmon musulmonga birodardir. Musulmonlar – o'zaro birodardirlar. Shunday ekan, kishiga birodari chin ko'nglidan rozi bo'lmaguncha, uning moli halol bo'lmaydi”.
Bir qancha oyati karima va hadisi shariflarda musulmon musulmonga birodar va aka-uka ekani bayon qilingan. Agar biz ushbu ilohiy ko'rsatmani yaxshi tushunib etsak va shunga amal qilsak, o'rtamizda har xil ziddiyat, ixtilof chiqarish, turli ko'ngilsiz hodisalar va bir-birini molini nohaq va turli aldov yo'llar bilan eyish bo'lmas edi. Afsuski, hozirgi kunda ba'zilar mana shu buyuk nasihatdan bexabar bo'lib, qanday yo'l bilan bo'lsa ham, boshqani chuv tushurib, tovlamachilik qilib, o'zini mol-dunyosini ko'paytirish harakatida bo'lmoqda. Vaholanki, kishi topayotgan molini halol-haromdan ekaniga parvo qilmasa, uni oqibati achinarli bo'ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday keladi.
مَنْ لَمْ يُبَالِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَ الْمَالَ لَمْ يُبَالِ اللهُ مِنْ أَىِّ بَابٍ أَدْخَلَهُ النَّارَ
(رواه الإمام الديلمي)
ya'ni: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do'zaxning qaysi eshigidan kirgizishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyatlari).
وَإِنَّكُمْ سَتَلْقَوْنَ رَبَّكُمْ، فَيَسْأَلُكُمْ عَنْ أَعْمَالِكُمْ، وَقَدْ بَلَّغْتُ، فَمَنْ كَانَتْ عِنْدَهُ أَمَانَةٌ فَلِيُؤَدِّهَا إلَى مَنْ ائْتَمَنَهُ عَلَيْهَا
ya'ni: “Sizlar Parvardigoringizga ro'baro' bo'lasizlar. U sizdan ammallaringiz haqida so'raydi. Men buni sizga etkazdim! Kimda omonat bo'lsa, uni omonat qo'ygan kishiga qaytarsin!”.
Darhaqiqat, har birimiz bir kun kelib Allohning huzurida qilgan amallarimizdan so'roqqa tutilishimizni esimizdan chiqarmasdan, bu qisqa umrimiz davomida ko'plab xayrli amallarni qilib olishimiz va bizda kimni omonati va haqqi bo'lsa, tezroq undan xalos bo'lib, zimmamizdagi mas'uliyatni engillashtirishimiz lozim. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:
الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ
(رواه الامام الترمذي)
ya'ni: “Aqlli-hushyor kishi – o'z nafsini tergagan va o'limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan ko'p narsalarni umid qilgan kishidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
وَإِنَّ رِبَا الجَاهِليّة مَوْضُوعٌ، وَلَكِنْ لَكُمْ رُءُوسُ أَمْوَالِكُمْ، لَا تَظْلِمُونَ وَلَا تُظْلَمُونَ قَضَى اللَّهُ أَنَّهُ لَا رِبَا
ya'ni: “Johiliyat davridagi sudxo'rlik bekor bo'ldi. Lekin, dastmoyalaringiz – o'zingizgadir. Zulm ham qilmaysiz, zulm qilinmaysiz ham. Alloh taolo ribo yo'q, deb hukm qildi”.
Ushbu nasihatdan bexabar ba'zi kishilar o'zini “musulmonman” deb, hali ham johiliyat davridagi sudxo'rlik bilan shug'ullanmoqda. Masalan, bir kishiga bir million qarz berib, shu miqdordan ko'paytirib oladi. Bu ishni haromligi nafaqat hadisi sharifda, balki oyati karimada ham bayon qilingan:
الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُمِنَ الْمَسِّ...
ya'ni: “Sudxo'r bo'lgan kimsalar (Qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar” (Baqara surasi 275-oyat).
Demak, shariatimizga ko'ra, qarz bergan odam qarzidan ortig'ini olishi aslo durust emas.
أَيُّهَا النَّاسُ، اِتَّقُوا اللهَ فِي النِّسَاءِ ، فَإِنَّكُمْ إِنَّمَا أَخَذْتُمُوهُنَّ بِأَمَانَةِ اللهِ وَاسْتَحْلَلْتُمْ فُرُوجَهُنَّ بِكَلِمَاتِ اللهِ
وَاسْتَوْصُوا بِالنِّسَاءِ خَيْرًا ، فَإِنَّهُنَّ عِنْدَكُمْ عَوَانٌ لاَ يَمْلِكُنَّ لِأَنْفُسِهِنَّ شَيْئًا
ya'ni: “Ey odamlar! Ayollar borasida Allohdan qo'rqinglar! Chunki siz ularni Allohning omonati o'laroq oldingiz va ularni Allohning Kalomi bilan halol qildingiz. Ayollarga yaxshilik qilingiz! Chunki ular siz uchun – o'zlaridan boshqa hech narsaga ega bo'lmagan yordamchidir”.
Hozirgi kunda ba'zilar ayollarni Alloh taolodan omonat qilib berilganini unutib, ularga xohlaganicha zulm va nomardlik qilmoqdalar. Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo'lmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.
Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligida, deb e'tiborga olindi. Hatto hadisi shariflarda ota-onaga yaxshilik qilishni onadan boshlash tavsiya qilindi. Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib: “Alloh taolo yo'lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so'raydi. Payg'ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so'rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog'iga mahkam yopishing, o'sha erda jannatni topasiz!” – deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
﴿أَلاَ إِنَّ لَكُمْ عَلَى نِسَائِكُمْ حَقاًّ وَ لِنِسَائِكُمْ عَلَيْكُمْ حَقاًّ فَأَمَّا حَقُّكُمْ عَلَى نِسَائِكُمْ فَلاَ يُوطِئْنَ فُرُشَكُمْ غيرَكُمْ، وَلاَ يُدْخِلْنَ أحَداً تَكرَهُونَهُ بُيُوتَكُمْ، وَلاَ يَأْتِيْنَ بِفَاحِشَةٍ، فَإِنْ أطَعْنَكُمْ فَعَلَيْكُمْ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ﴾
ya'ni: “Ogoh bo'ling! Albatta, ayollaringiz ustida sizlarning haqqingiz bor va sizlar ustingizda ham ayollaringizning haqlari bor. Ayollaringiz sizdan boshqani xonangizga qo'ymasinlar va sizlar yomon ko'radigan kimsani uyingizga kirgizmasinlar hamda behayo ishlarni qilmasinlar! Agar shu ishlarda sizga itoat qilsalar, sizning zimmangizda ularni me'yorida oziqlantirish va kiyintirishmajburiyati bordir”.
Har bir er-xotin zimmasidagi shariatimiz tomonidan yuklangan vazifalarni bilib, shunga amal qilsa, ikki dunyo saodatiga musharraf bo'ladi. Chunki juda ko'p oila buzilishi va ajrimlar er-xotin o'zaro haq-huquqlarini bilmasliklaridan kelib chiqadi.
أيها النّاسُ إنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ، وإنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ ، كُلُّكُّمْ لِآدَمَ، وَآدَمُ مِنْ تُرَابٍ، أَكْرَمُكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُمْ
وَلَيْسَ لِعَرَبِيٍّ فَضْلٌ عَلَى عَجَمِيٍّ إِلاَّ بِالتَّقْوَى، أَلاَ هَلْ بَلَّغْتُ، اَللَّهُمَّ اشْهَدْ
ya'ni: “Ey, odamlar! Parvardigoringiz – bir, otangiz – bir, hammangiz Odam alayhissalomdandirsiz! Odam alayhissalom esa – tuproqdan edilar. Allohning huzurida eng hurmatlirog'ingiz – taqvodorrog'ingizdir! Arablarni ajamlardan afzalligi yo'q, faqatgina taqvosi bilan afzal bo'lishi mumkin. Ey odamlar! Yetkazdimmi? Ey, Allohim! O'zing guvoh bo'l!”
Demak, bizni Parvardigorimiz – bir, Payg'ambarimiz – bir, dinimiz – bir, ota-onamiz – bir va maqsadimiz – bir, ya'ni – jannatga kirish – bo'lganidan keyin o'zaro ittifoq bo'lib, tinch-totuv va rohat-farog'at bilan yashashimiz kerak. Shuningdek, shariatimiz buyurgan amallarni bajarib, qaytargan narsalardan saqlanib, taqvodor kishilardan bo'lib, molu davlatimiz yoki naslu nasabimiz bilan aslo faxrlanmasdan, xayrli va savobli ishlarda bardavom bo'lishimiz – ayni muddaodir.
Alloh taolo barchamizga Payg'ambarimiz alayhissalomning mazkur muborak nasihatlariga amal qilish baxtini nasib qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Qur'onni tadabbur qilmaydilarmi?!...” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu ish qoralangan. Mutaassiblik oqibatida doimiy ravishda dinga zarar yetkazildi, bu hol hozirda davom etmoqda. Mutaassiblikdan yoshlarni himoya qilish uchun uning mazmun-mohiyatini, olimlar unga qanday ta’rif berganini bilishimiz lozim.
Mutaassiblik biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan bu fanatizm ham deyiladi.
Mutaassib kishi ko‘r-ko‘rona, xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarnikini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z tushunchasini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.
“Kashshofu istilohotil funun” kitobida: “Mutaassiblik, garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir”, deb ta’riflangan.
Ulamolardan Alloma Taftazoniy rahimahulloh: “Mutaassiblik haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir”, deb aytgan.
Shayx Alovuddin Buxoriy rahmatullohi alayhi: “Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi”, degan.
Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiy esa: “Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi. Birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi”, deb aytgan.
Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida: «Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!», deb aytgan.
Shuningdek, mutaassib kishi jamiyat ichida tarafkashlik va bo‘linish yuzaga chiqishiga ham sababchi bo‘ladi. Bu ham muqaddas dinimizda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo barchamizni bunday kimsalardan bo‘lib qolishdan o‘zi panoh bersin, o‘zi hidoyat yo‘lga yo‘llasin!
Manba: “Diniy mutaassiblik, mohiyat, maqsad va uni oldini olish yo‘llari” kitobi
Abdusalomov Hojimurod,
Toshkent Islom instituti talabasi.